Jahon | 11:13 / 11.10.2024
12401
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya “Markaziy Osiyo” atamasini “Turkiston”ga o‘zgartiradi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatladi.

Turkiya Milliy ta’lim vazirligi tarix fani o‘quv dasturiga fundamental o‘zgartirishlar kiritilishini e’lon qildi. Yangi yondashuvga ko‘ra, “Markaziy Osiyo” atamasi “Turkiston” bilan almashtiriladi, deb xabar bermoqda TRT Haber.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu qaror kelajak avlodlar o‘rtasida milliy o‘zlikni anglash va vatanparvarlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatladi.

“Kelgusi davrni turklar davri qilish uchun yelkama-yelka ishlaymiz, turkiylar asri haqidagi tasavvurimizni Turkiy davlatlar tashkilotiga tatbiq qilib, uni amalga oshiramiz”, — dedi Erdo‘g‘an.

“Turkiston” atamasining tarixiy ahamiyati turk professorlari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi. Professor Ahmad Toshagil terminning tarixiy ma’nosiga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “turklar vatani” ma’nosini anglatuvchi bu so‘z tarixning ilk davrlaridan boshlab qo‘llab kelingan.

“Turklar vatani” ma’nosini anglatuvchi Turkiston so‘zidan tarixning eng boshlang‘ich davrlaridan beri foydalanib kelingan. XIX asrning ikkinchi yarmida ruslar bosqini oqibatida Turkiston nomi o‘rniga Markaziy Osiyo tushunchasi kirib keldi va ommalashdi”, — dedi u.

“Turkiston konsepsiyasiga murojaat qilish va uni Milliy ta’lim vazirligi tomonidan darsliklarga kiritish juda to‘g‘ri qaror. Turkiya ham, Turkiston ham asosan turklar yashaydigan hududni anglatadi”, — deya qo‘shimcha qildi dotsent Ramin Sodiq.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu o‘zgarish turkiy dunyodagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli strategiyaning bir qismi sanaladi. Ushbu strategiya umumiy tarix, adabiyot, xaritalar va alifbo yaratishni o‘z ichiga oladi.

Mavzuga oid