O‘zbekiston | 20:24 / 29.03.2023
17231
3 daqiqa o‘qiladi

O‘quvchilar dars vaqtida pul yig‘ishga yuborilishiga yo‘l qo‘ygan maktab direktori vazifasidan ozod etildi 

Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda holat haqiqatan ham «Tashabbusli budjet» bilan bog‘liqligi o‘z tasdig‘ini topgan.

Foto: Videodan kadr

Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joylashgan 17-maktab direktori ishdan olindi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (MMTV) xabar berdi. 

Avvalroq, ushbu maktab o‘quvchilarining dars vaqtida pul olib kelish uchun uyiga jo‘natilgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, unda o‘quvchilar sim-karta sotib olish uchun 10 ming so‘m pul so‘ralayotganini aytishgan edi. 

MMTV tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda holat haqiqatan ham «Tashabbusli budjet» bilan bog‘liqligi o‘z tasdig‘ini topgan. Xabarda maktab direktorining ismi-sharifi, o‘qituvchi kim ekani, nima uchun ogohlantirish olgani batafsil keltirilmagan. 

«Maktabi yaqinda ta’mirdan chiqqan bo‘lishiga hamda qayta-qayta ogohlantirishlarga qaramay, hech qanday so‘z bilan oqlab bo‘lmaydigan holatga yo‘l qo‘yganligi uchun maktab direktorini lavozimidan ozod etish bo‘yicha qaror qabul qilindi, o‘qituvchiga esa ogohlantirish berildi», deyiladi xabarda. 

MMTV bunday holat boshqa maktablarda ham takrorlanmasligiga umid bildirdi. 

Eslatib o‘tamiz, «Tashabbusli budjet»ning 1-mavsumi doirasida tashabbuslarga ovoz berish jarayoni 18 martdan boshlangan. Kampaniya 7 aprelgacha davom etadi. 

Ovoz yig‘ish jarayonidagi holatlar keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda bu jarayonga o‘qituvchilar, shifokorlar va bog‘cha xodimlari majburlanayotgani haqida yozishmoqda. 

Toshkent viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, o‘quvchilarni «Tashabbusli budjet»ga ovoz yig‘ish uchun jalb qilish bo‘yicha topshiriq maktab direktori tomonidan berilgani aniqlangan. Hodisa mazkur maktabning filialida sodir bo‘lgan. Filialda 45 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi ta’lim oladi. 

O‘quvchilarni ovoz yig‘ishga jalb qilgan sinf rahbarlariga intizomiy jazo berilgan, maktab direktori L.Usmanova egallab turgan lavozimidan ozod qilingan. 

Toshkent viloyati hokimligi bergan ma’lumotga ko‘ra, maktab filiali yaqinda ta’mirdan chiqarilgan bo‘lib, zarur jihozlar bilan ta’minlangan. Maktab jamoasi o‘z tashabbusi bilan «Tashabbusli budjet» kampaniyasida qo‘shimcha elektron doska, kompyuter jihozlari olish uchun ishtirok etgan. So‘ralgan mablag‘ miqdori – 300 million so‘m.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ushbu jihozlarga ehtiyoj borligini o‘rganish, shundan so‘ng mahalliy budjet hisobidan maktabni so‘ralgan jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

Toshkent viloyati hokimligi «Tashabbusli budjet» kampaniyasida bolalardan foydalanishni qat’iyan qoralashini ma’lum qilgan.

Mavzuga oid