O‘zbekiston | 07:53 / 30.10.2020
8732
2 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoning 3 tumanida barpo qilingan xonadonlar qur'a natijasiga ko‘ra taqsimlanadi

Sirdaryo viloyatining Oqoltin, Mirzaobod va Sardoba tumanlarida ro‘y bergan texnogen fojiadan jabr ko‘rgan va uylari buzilgan aholiga ko‘p qavatli uylardagi xonadonlar qur'a tashlash orqali taqsimlanadi. Mahalla vaziri Rahmat Mamatov shu haqda ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarning birinchi va ikkinchi qavatlari nogironligi bor va keksa kishilarga taqdim etiladi. Vazir xonadonlarni taqsimlashda shaffoflik va adolat mezoniga katta e'tibor qaratilishini bildirdi. 

«Birinchi va ikkinchi qavatlar nogironlarga tarqatilgach, qolgan xonadonlarni tarqatishda adolat bo‘lishi uchun quticha yasalgan. Unda xonadonlar raqamlari bo‘ladi. Fuqaro raqamni oladi, ro‘yxatga imzo qo‘yadi va o‘sha raqamli xonadon uniki ekanligi rasmiylashtiriladi. Bularnig barchasi videotasvirga olinadi», – deydi Rahmat Mamatov.

Bugungi kunda, 3 mavzeda 2640ta xonadon qurib bitkazilgan. Mazkur hududda istiqomat qilib, uylari talafot ko‘rgan fuqarolarning hujjatlari esa, yashil va qizil yig‘ma jildlarga bo‘lingan. Yashil jilddagi fuqarolar xonadonlarni taqsimlash qur'a tashlash jarayonida ishtirok eta oladi. 

Qizil yig‘ma jilddagi fuqarolarning hujjatlaridagi kamchiliklar bartaraf etilgach, yashil yig‘ma jildga aylanadi va xonadonlar taqsimlanadi. 

Vazir Mamatov, Kun.uz muxbirining uylarni taqsimlashda mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlar ishtirokiga doir savoliga javob berar ekan, bu kabi tashkilotlar jarayonga jalb qilinmaganini bildirdi. 

Bundan tashqari, «fojiagacha 170dan ortiq 1 va 2 xonali uylarda yashagan oilalar qur'a tashlashda ishtirok etmaydi, chunki bunda ularga 3 xonali uylar to‘g‘ri kelib qolishi ehtimoli bor, bu esa adolat mezoni buzilishiga olib keladi», deya ta'kidladi vazir.

Mavzuga oid