O‘zbekiston | 11:25 / 31.03.2021
8045
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro shahrida besh yulduzli mehmonxona quriladi

AQShning Valor Hospitality Partners kompaniyasi bilan O‘zbekistonda kompaniya boshqaruv ofisini ochish va Buxoro shahrida Hyatt Regency brendi ostida 5 yulduzli mehmonxona tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov 30 mart kuni AQShning Valor Hospitality Partners kompaniyasi boshqaruv raisi Euan Mak Glashan boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar olib bordi.

Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi matbuot xizmati ma'lum qilishicha, Valor Hospitality Partners kompaniyasi ijrochi direktori Euan Mak Glashan tomonidan O‘zbekistonda Hyatt, Accor, Marriot, Hilton kabi dunyoning yetakchi brend mehmonxonalar tarmog‘ida faoliyat olib boruvchi kadrlar tayyorlovchi ta'lim maskanini ochish bo‘yicha taklif berilgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Valor Hospitality Partners kompaniyasining O‘zbekistonda boshqaruv ofisini ochish va Buxoro shahrida Hyatt Regency brendi ostida 5 yulduzli mehmonxona tashkil etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.

Shuningdek, hamkorlar tomonidan 31 martda Toshkentda Metric Ventures (MJ Group kompaniyasi) va Hyatt International bilan shartnoma imzolash marosimi o‘tkazilishi ma'lum qilingan.

Ma'lumot uchun, Valor Hospitality kompaniyasi Hyatt, Accor, Marriot, Hilton  kabi dunyoning yetakchi mehmonxona brendlari boshqaruvi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bo‘lib, hozirga qadar kompaniya tomonidan dunyo bo‘ylab 60 ming xonadan iborat bo‘lgan 150ta mehmonxona boshqaruvi yo‘lga qo‘yilgan. Kompaniya Buyuk Britaniya, Tailand, Janubiy Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlarida o‘z boshqaruv ofislariga ega.

Avvalroq, Turizmni rivojlantirish assotsiatsiyasi raisi Dilshod Odilov O‘zbekistonda mehmonxona sohasida soliq yukining ko‘pligi – mehmonxonalar qimmatligining asosiy sabablaridan biri ekanligini aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid