O‘zbekiston | 15:55 / 09.12.2021
38405
7 daqiqa o‘qiladi

«Mijoz yo‘qotamiz, narxni oshirishga majbur bo‘lamiz» – Qo‘yliqdagi tadbirkorlar ko‘chishga qarshi

Kun.uz bilan suhbatda sotuvchilar bozor boshqa joyga ko‘chishidan keladigan salbiy oqibatlar haqida ogohlantirishdi. Ular yangi joydagi to‘lovlar qimmatligi, u yerdagi sharoitlar ma'qul kelmaganini aytishmoqda.

7 dekabr kuni Toshkent shahar hokimining Qo‘yliq dehqon bozori va unga tutash ulgurji savdo maydoni boshqa manzilga ko‘chirilishi haqidagi qarori e'lon qilindi. Unda aytilishicha, poytaxtdagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish rejalashtirilgan.

Bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda bahslarga sabab bo‘ldi. Kun.uz muxbiri O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlari bilan chambarchas bog‘liq ravishda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishini ta'minlaydigan bu bozorda faoliyat yurituvchi tadbirkor va sotuvchilarning fikrini bilish, bozorning keyingi taqdiri haqida ma'lumot olish uchun Qo‘yliqda bo‘ldi.

Foto: Kun.uz

Gapirishni istaganlar ko‘p edi - bozor ko‘chishi haqida xabar topgan sotuvchilar va tadbirkorlarning dardi ichida ekan. Ular bozor boshqa joyga ko‘chishidan keladigan salbiy oqibatlar haqida ogohlantirishdi. Bozor ko‘chishi mijozlar kamayishi va savdo susayishiga sabab bo‘lishini aytishdi, shuningdek, hozirda bu yerda chipta narxlari va transport qulayligi haqida ta'kidlashdi.

Mirhosil Akromov, tadbirkor:

Foto: Kun.uz

«Bizga Food city majmuasidan ijaraga do‘kon olishimiz mumkinligini aytishgan. Lekin u yerning to‘lovlari sal qiyinlik qilarkan bizga. Hozir meva-cheva mahsulotlarimiz ko‘p. Shuni chiritmasdan xalqqa sotib olishimiz kerak. U yerga ko‘chsak sotolmasligimiz mumkin».

Hamdam Xo‘jamov, tadbirkor:

Foto: Kun.uz

«Ko‘chishimiz haqida hozircha aniq gap aytilmadi. Lekin yangi qurilgan bozorga borib ko‘rdik. Bizga sharoitlari ma'qul kelmadi. Bu yerda bitta kameramiz 60 kv/metr. U yerdagi do‘konlar 20-25 kv/metr chiqar ekan. Mahsulotlarimiz sig‘maydi u do‘konlarga.

Bu bozorda ulgurji savdo bo‘lgani uchun mahsulotlarimizning asosiy qismini nasiyaga beramiz. Ko‘chadigan bo‘lsak, mijozlarimiz uchun ham qiyin bo‘ladi.

Yangi bozorni borib ko‘rdik, bitta kichkina do‘konni 120 mln so‘m garov evaziga taklif qilishdi. Bundan tashqari, har oyda ijara haqi ham to‘lash kerak. Ular narxni oshirishi ham mumkin, chunki ular xususiy bo‘lgani uchun narxni belgilashga haqli. Shu sababli shu yerdan ko‘chmaslik tarafdorimiz».

Katta ehtimol bilan Qo‘yliq dehqon bozori ko‘chirilishi nazarda tutilayotgan, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan Food city savdo majmuasida do‘konlarning ijara huquqi asosida sotuvga qo‘yilishi 2021 yilning iyun oyidan boshlangan. Do‘konlar 19, 25 va 28 kv/metrdan iborat bo‘lib, boshlang‘ich bahosi 50 mln so‘mdan 100 mln so‘mgacha belgilangan.

Majmua vakili bu boshlang‘ich narxligi, ijaraga do‘kon olish uchun 100 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni garov sifatida qo‘yish kerakligi va oyiga 3,5 mln so‘mdan ijara to‘lovi borligini bildirdi.

Baxtiyor Bobomurodov, tadbirkor:

Foto: Kun.uz

«Yangi bozor qurilgach, u yerdagi do‘konlar sotilishi boshlandi. Hozir bizning bozorni ko‘chirish reja qilinyapti. Aslida, buning uchun Qo‘yliqni ko‘chirishga zarurat ham, bundan ma'no-mantiq ham yo‘q. Keladigan katta yuk avtomobillaridagi oziq-ovqat mahsulotlari o‘sha yerga joylashtirilsa ham bo‘ladi. Ko‘pchilik shu fikrda.

Qarorda tirbandlikning oldini olish haqida ham aytilgan. Bunday holatni hamma bozor atrofida kuzatish mumkin».

Shahnoza Xo‘jamova, tadbirkor:

«O‘rta Chirchiq tumanidagi yangi bozorni ko‘rib keldik. Dastlabki garov puli, oylik ijara to‘lovi, soliqlar to‘lash bizga juda og‘irlik qiladi».

Zulfiya Aminova, tadbirkor:

Foto: Kun.uz

«Yangi bozorga qatnashda transport masalasi ham qiyinchilik tug‘diradi. Hozir Qo‘yliqqa metroda bemalol kelib, bozor qilish mumkin. Bu yerdagi ikki bozor orasida qancha aravakash yuk tashib, oila tebratadi. Juda ko‘pchilik ishsiz qoladi bunaqada».

O‘ktamboy Samandarov, tadbirkor:

Foto: Kun.uz

«Ulgurji bozorning o‘zida kamida 2 ming tadbirkor bor. Ularning barchasi ko‘chaga tashlanyapti hozir. Yangi bozorda hech qanday sharoit yo‘q. O‘zimiz qurgan eski do‘konlarni olib, bizga ijara asosida hozirgi do‘konlarimizni berishgan. Endi shu tayyor joy qaytarib olinib, odamlar ko‘chaga chiqarib yuborilyapti».

Kun.uz suhbatda bo‘lgan tadbirkorlar bozorning ko‘chirilishi oziq-ovqat narxlari oshishiga olib kelishi mumkinligini ta'kidladi.

O‘ktamxon Qurbonova, tadbirkor:

Foto: Kun.uz

«2000 yildan beri shu yerda ishlayman, avvaliga tepadan buyoqqa ko‘chirildi – shunda bir marta mijozlarni yo‘qotdik. Endi 3 yil deganda yarim mijozlarimizni qaytarib yig‘ganimizda, yana ko‘chiriladi deyishyapti. Yangi bozordagi bitta do‘konga bir tadbirkorning yuki sig‘maydi, 3ta do‘kon olishimiz kerak yukni sig‘dirish uchun. Ustiga ustak ijarasi juda qimmat.

Bu oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshishiga olib keladi. Ijara to‘lovimizni chiqarish uchun mahsulotlar narxini oshirishga majbur bo‘lamiz. 4 ming so‘mlik guruch 6 ming so‘mga chiqadi, 6 ming so‘mligi 10 ming bo‘ladi. O‘zi karantin bo‘lib xalqning cho‘ntagida pul qolmadi».

Qo‘yliq dehqon bozori va ulgurji savdo bozori qayerga ko‘chirilishi, sotuvchi-tadbirkorlar taqdiri nima kechishi haqida ma'lumot olish uchun bozor ma'muriyatidan javob olish maqsadida qosh qorayguncha kutdik. Ammo ular bu haqda bugun xabar topishganini aytib, gapirishdan bosh tortishdi.

«Qo‘yliq dehqon bozori» aksionerlik jamiyati va ulgurji savdo bozorining asosiy aksiyadori – Toshkent shahar hokimligi hisoblanadi. Dehqon bozorining deyarli 87 foizi, ulgurji savdo bozorining esa 90 foizdan ortiq aksiyalari hokimiyatga tegishli.

Lekin hokimiyatdagilar poytaxtdagi eng katta ish beruvchi majmualardan biri, minglab odamlar uchun daromad manbayi bo‘layotgan bozor buzilishi bilan bog‘liq savollarga javob beradigan mas'ul hali yo‘qligini aytishdi.

Ayni paytda ular ham bozor o‘rnida quriladigan ko‘prik loyihasidan boshqa ma'lumotga ega emas ekan, Qo‘yliqdagi ijara do‘konidan ajrayotgan tadbirkorlar esa Food city’dan ijaraga do‘kon olishlari mumkinligi haqida ma'lumot aytildi, xolos.

Mavzuga oid