Jamiyat | 14:08 / 04.01.2025
5641
11 daqiqa o‘qiladi

Delbyof illyuziyasi: zararli ovqatlar va ortiqcha iste’molga bo‘lgan moyillik miyada qanday shakllanadi?

Turli o‘lchamdagi idishlarga bir xil miqdorda solingan ovqat hajm jihatdan bir-biridan farqli ko‘rinadi. Masalan, katta idishdagi taom kichikroq o‘lchamli idishdagiga nisbatan kamroqdek tuyuladi. Bu miyaga yegulikning ozligi va to‘ymaganlik signalini yuboradi. Natijada qo‘shimcha iste’molga rag‘bat paydo bo‘lib, ortiqcha vazn to‘plashga yangi qadam bosiladi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 1975 yildan 2016 yilgacha dunyo bo‘ylab semizlik uch barobar ko‘paydi va bugungi kunda bir milliarddan ortiq odam, ya’ni dunyo aholisining taxminan 13 foizga yaqini ortiqcha vazndan aziyat chekmoqda. Vaziyat yildan yilga jiddiylashib borgani sabab, BMT 2016-2025 yillarni “Oziqlanish muammolariga qarshi kurashish o‘n yilligi” deb e’lon qilgan. Shunga qaramay vaziyat o‘nglanmadi, kattalar va bolalar orasida ortiqcha vazn va semizlik muammolari ko‘payishda davom etmoqda.

Jumladan, 1990 yildan 2022 yilgacha global miqyosda 5-19 yoshdagi bolalar va o‘smirlar orasida semizlik bilan yashovchilar to‘rt barobar, ya’ni 2 foizdan 8 foizgacha, 18 va undan katta yoshdagilar orasida esa ikki barobardan ko‘proq, ya’ni 7 foizdan 16 foizgacha oshdi. Bir vaqtlar faqat yuqori daromadli mamlakatlarda bunday muammo yuzaga kelgan bo‘lsa, bugungi kunda ba’zi o‘rta daromadli davlatlar ham ortiqcha vazn va semizlik darajasi bo‘yicha reytinglardagi yuqori o‘rinlarni boshqalarga bermayapti.

Xo‘sh, nima sababdan odamlar orasida vazn bilan bog‘liq holatlar ortib bormoqda? Masalaning tub ildizi qaysi faktorlarga borib taqaladi? Taomlar tarkibi va shakli ortiqcha vazn to‘plashda qay darajada richag vazifasini bajaradi?

Taomning taqdim etilish shakli ishtaha darajasini belgilaydi

Oziq-ovqat mahsulotlarining nafaqat rangi va tuzilishi, balki uning qanday idishda, qancha hajmda va qay usulda taqdim etilishi ham ishtahaning qo‘zg‘alish darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri qancha taom yeyishimiz va qancha kaloriya to‘plashimizni belgilaydi.

Tadqiqotlarda aniqlanishicha, ovqat suziladigan idishning hajmi iste’mol istagini oldindan belgilab beradi. Misol uchun, turli o‘lchamdagi likopchalarga bir xil miqdorda solingan ovqat bizga hajm jihatdan bir-biridan farqli ko‘rinadi. Bu tushuncha Niderlandiyadagi Vageningen universitetining oziq-ovqat iste’moli fanlari bo‘yicha dotsenti Ellen van Klif tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda o‘z tasdig‘ini topgan.

Idish tashqi ko‘rinishining taom iste’moliga qanday ta’sir qilishini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tajribada 86 kishiga ikki hajmli idishda (6,9 litrli va 3,8 litrli) makaron berilgan. Ishtirokchilar katta idishdagi makaronni kichigiga solinganiga nisbatan 77 foiz ko‘proq iste’mol qilganliklari aniqlangan. Bu hodisa Delbyofning optik illyuziya nazariyasi bilan izohlanadi. Ya’ni katta idishda taom miqdori vizual ravishda kamroq bo‘lib ko‘rinadi va odamlar o‘zlarini to‘ymagandek his qilib, ko‘proq ovqat iste’mol qiladi.

Boshqa olimlar o‘tkazgan tadqiqotda esa oshqozon to‘ygani haqida signalning miyaga yuborilishi nafaqat idishlar hajmi, balki qoshiq o‘lchamiga ham bog‘liqligi aniqlangan. 85 kishi qatnashgan sinov ishida ishtirokchilarga ikki xil hajmli qoshiq berilgan. Ular o‘ziga-o‘zi xizmat ko‘rsatish asosida muzqaymoqlarni idishlarga solib, iste’mol qilgan. Tahlillarga ko‘ra, katta hajmli qoshiqdan foydalanganlar boshqalarga qaraganda muzqaymoqni 14,5 foiz ko‘proq yegan.

Iste’molchi xatti-harakatlari va marketing tadqiqotlari bilan shug‘ullangan amerikalik sobiq professor Brayan Uansink va Groningen universiteti professori Koyert Van Ittersum bu boradagi tadqiqotni stakanlar ustida davom ettirgan. Tajribada ma’lum bo‘lishicha, ichimliklar tor va uzun idishlarga quyilsa, uning hajmi yassi stakanlardagiga qaraganda 30 foizga ko‘proq ko‘rinadi. Mazkur farqning sababi sifatida klassik vertikal-gorizontal optik illyuziya, ya’ni odamlar doimiy ravishda bir xil o‘lchamdagi vertikal chiziqlarni gorizontallarga qaraganda uzunroq deb hisoblashlari keltirilgan.

Shuningdek, dumaloq likopchalarga qo‘yilgan oziq-ovqat miqdori to‘rtburchak shakldagilariga qaraganda ongsiz ravishda kamroq deb qabul qilinishi, ishtaha ochishga undovchi tovushlar va hidlar, vizual effektlar, ovqat va idish rangi bir xilligi ham taomni ortiqcha iste’mol qilishni yuzaga keltirishi mumkinligi qayd etilgan.

Ishtahani nima tartibga soladi?

Miya tomonidan oziq-ovqat xususiyatlari haqidagi tashqi dunyodan olingan barcha ma’lumotlar ko‘rish va eshitish, ya’ni tananing tashqi retseptorlari — eksteroretseptorlar orqali qabul qilinadi. Ishtahani asosan ichki signallar, ya’ni interoretsepsiya boshqaradi. Ovqatlanishni boshlaganimizda ta’m retseptorlarimiz faollashadi. Taom tanovul qilishni davom ettirish va ishtahani rag‘batlantirish interoretsepsiyaga bog‘liq bo‘ladi. Agar bu retseptorlar faoliyati buzilsa, ishtahasizlik yuzaga keladi yoki uning aksi o‘laroq, to‘ymaganlik hissi va ortiqcha ovqatlanishga xohish uyg‘onadi.

Ichki signallar quyidagi gormonlar yordamida shakllanadi:

• Grelin: ochlik gormoni sifatida tanilgan. Oshqozonda ishlab chiqariladi va miyada ochlik hissini qo‘zg‘atadi;

• Leptin: to‘qlik gormoni bo‘lib, yog‘ hujayralari tomonidan ishlab chiqariladi va miyada to‘qlik hissini hosil qiladi, ovqatlanishni to‘xtatishga yordam beradi.

• Insulin: ovqatlanishdan keyin qondagi shakar darajasini nazorat qilish orqali ishtahaga ta’sir ko‘rsatadi;

• Kortizol: stress gormoni bo‘lib, ba’zan stressga javoban ortiqcha ovqatlanishga sabab bo‘lishi mumkin.

Ortiqcha ovqatlanish qanday yuzaga keladi?

XX asrning oxirigacha keragidan ortiq oziq-ovqat iste’moli istagi va shunga mos ravishda ortiqcha vaznni yuzaga keltiruvchi asosiy omil nafsni cheklash uchun iroda kuchi va o‘zini o‘zi boshqarish xususiyatining yetishmasligi bilan izohlanar edi. Biroq interotseptiv mexanizmlar, ya’ni ichki signallar tushunchasi kashf etilgandan so‘ng bu mavzuga qarashlar tubdan o‘zgardi.

Zamonaviy ilmiy ma’lumotlar semirishning rivojlanishida yetakchi omil gormonlar yoki endokrinologik kasalliklar emasligini tasdiqlaydi. Asosiy sababchi bu – yog‘lar va uglevodlarni yuqori konsentratsiyalarda hamda tabiatda deyarli uchramaydigan nisbatlarda birlashtirgan oziq-ovqat mahsulotlari. Ular ichki signallar yordamida miyaning ko‘p ovqat yeyishga nisbatan rag‘batlantirish tizimini ortiqcha faollashtiradi va ishtahani jilovlash qobiliyatini susaytiradi. Natijada qancha ko‘p ovqatlansangiz, yana shuncha ko‘proq taomlanishni xohlash holati yuzaga keladi.

Tashqi ko‘rinishidan jozibali, yog‘li, shirin ovqatlar dopamin kabi neyrotransmitterlar orqali miyadagi rag‘batlantirish tizimlarini faollashtiradi. Eng aniq misol: to‘yimli ovqatdan keyin mazali shirinlik iste’mol qilish. Odatda, qorin qanchalik to‘la bo‘lishidan qat’i nazar shirinlik uchun doimo joy topiladi. Bunday taomlanish tartibiga bo‘lgan miyadagi rag‘bat oshqozonning to‘lganligi haqida signal beruvchi tizimni buzadi.

Kaloriyaga boy taomlarni tanovul qilishga nisbatan miyadagi rag‘batlantirish tizimi qanday faollashadi?

Tezpishar taom va nosog‘lom ovqatlar o‘z tarkibida ko‘p miqdorda shakar, yog‘ va tuz saqlaydi. Mazkur moddalarning iste’moli miyamizda dopamin deb ataladigan neyrotransmitter moddalar ajralishiga olib keladi. Dopamin miya uchun rag‘bat sifatida ishlaydi, ya’ni yoqimli his-tuyg‘ularni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, shirinliklar hamda tezpishar taomlar mazali, o‘ziga xos tashqi ko‘rinishga egaligi bilan ta’m sezgilarini kuchaytiradi va ko‘proq yeyishga undaydi.

Aleksandra DiFelican Tonio tomonidan o‘tkazilgan izlanishda tarkibida ham yog‘, ham uglevodlar mavjud bo‘lgan oziq-ovqatlar faqat bitta komponentni o‘z ichiga olgan mahsulotlarga nisbatan miyaning mukofot tizimini kuchliroq faollashtirishi ma’lum bo‘lgan.

Bu borada kalamushlar ustida tadqiqot o‘tkazilgan. Unda jonivorlarga standart va yuqori kaloriyali mahsulotlar (kolbasa, shokolad, chizkeyk va boshqa delikateslar) tanlash imkoniyati berilgan. Kalamushlar standart yeguliklardan ko‘ra yuqori kaloriyali mahsulotlarni qayta-qayta iste’mol qilib, ortiqcha vazn ola boshlagan. Keyingi bosqichda kalamushlarga yegulikni iste’mol qilish uchun elektr toki zarbasini beruvchi to‘siq o‘rnatilgan. Jarayonda oddiy yegulik iste’mol qilgan kalamushlar tezda ovqatni tashlab, boshqa joyga qochgan, biroq yog‘li va shirin oziq-ovqat iste’mol qilgan hamda ortiqcha vazn olgan kalamushlar elektr zarbaga qaramasdan ovqatlanishni davom ettirgan. Bu tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yog‘li va shirin oziq-ovqatlar miyada dopamin ajralishini kuchaytirib, rag‘bat hissini oshiradi, mazkur jarayon narkotik moddalar iste’moli kabi nosog‘lom oziq-ovqatga qaramlikni yuzaga keltiradi.

Nosog‘lom oziq-ovqatga qaramlik va giyohvandlik rivojlanish mexanizmlarining o‘xshashligi 2009 yilda olimlarni maxsus diagnostik so‘rovnoma – YFAS ( Yel oziq-ovqatga qaramlik shkalasi )ni ishlab chiqishga undadi. Bu so‘rovnoma yordamida xavfli oziq-ovqatlar ro‘yxati shakllantirilgan. Mahsulotlar qayta ishlanganlik darajasiga qarab to‘rt guruhga bo‘lingan:

1. Hech qanday qayta ishlanmagan yoki minimal darajada qayta ishlangan mahsulotlar (meva, sabzavotlar, sut).

2. Pishirish uchun ishlatiladigan qayta ishlangan ingrediyentlar (shakar, o‘simlik va hayvon yog‘lari).

3. Qayta ishlangan mahsulotlar (pishloqlar, qovurilgan go‘sht, konservalangan sabzavotlar).

4. Yuqori darajada qayta ishlangan mahsulotlar (gazlangan ichimliklar, chipslar, kolbasa va sosiskalar, tez tayyorlanadigan sho‘rva hamda lapshalar, shokolad, konfet, fast-fud, pishiriq va shirinliklar).

Bu mahsulotlar, odatda, ko‘p miqdorda sun’iy rang beruvchi moddalar, emulgatorlar (suv va yog‘ kabi aralashmaydigan moddalarning aralashishiga yordam beradigan moddalar), to‘ldiruvchilar (mahsulot hajmini ko‘paytirish uchun ishlatiladigan moddalar, ular oziq-ovqatning ta’mi, tuzilishi yoki ko‘rinishini o‘zgartirmasdan, hajmini oshirib beradi), stabilizatorlar (oziq-ovqatning uzoq vaqt saqlanishini ta’minlaydigan moddalar)ni o‘z ichiga oladi va tarkibida yuqori miqdorda tuz, yog‘ va shakar saqlaydi. Bunday mahsulotlarni muntazam iste’mol qilish esa ortiqcha vazn hamda semizlikni keltirib chiqaradi.

Mavzuga oid