Sog‘lom hayot | 22:20 / 04.09.2025
7350
9 daqiqa o‘qiladi

Mazali, ammo xatarli: qayta ishlangan mahsulotlarni nega kamroq yeyish lozim?

Foto: Getty images

Kolbasa, chips, gazli ichimliklar, konserva hamda yarim tayyor taomlar ko‘pchilikning kundalik dasturxonida uchraydi. Ular tashqi ko‘rinishi va ta’mi bilan ko‘ngilni rom etsada, umumiy salomatlikka ijobiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Xususan, bu turdagi mahsulotlar oshqozonni to‘ydirishi mumkin, biroq organizmga zarur bo‘lgan tabiiy moddalar bilan ta’minlamaydi. Oqibatda insonda turli kasalliklar yuzaga kelishi xavfi oshadi. Ushbu maqolada qayta ishlangan mahsulotlarning tarkibi, ularning zararli jihatlari hamda yurak, jigar, oshqozon, endokrin va asab tizimiga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida so‘z boradi.

Qayta ishlangan mahsulot nima?

Tabiiy oziq-ovqatning dastlabki ko‘rinishi o‘zgartirilgan, unga qo‘shimcha moddalar qo‘shilgan yoki ishlab chiqarish jarayonida tarkibiy qismi buzilgan ovqat turi. Oddiy qilib aytganda, bunday mahsulot inson iste’mol qilishidan oldin bir necha bosqichli texnologik qayta ishlovdan o‘tadi. Ularga quyidagilar kiradi:

  • Uzoq muddat saqlanishi uchun konservantlar qo‘shilgan yeguliklar: kolbasa, konservalar, qadoqlangan sharbatlar.
  • Xaridorgir va ko‘rinishi jozibali bo‘lishi uchun bo‘yoqlar va ta’m kuchaytiruvchilar bilan boyitilgan mahsulotlar: chips, gazli ichimliklar, tez tayyorlanadigan shirinliklar.
  • Qayta ishlab chiqarilgan yeguliklar: oq non, rafinatsiyalangan shakar, yog‘, tezpishar makaronlar.

Qayta ishlangan mahsulotlarning afzalligi shundaki, saqlash muddati uzoq, tashishda qulay va tez tayyorlanadi. Lekin ularning organizm uchun foydasi kam, kaloriya miqdori yuqori bo‘ladi.

Zararli jihatlari

Avvalo, bunday mahsulotlarda trans-yog‘ va tuz juda ko‘p. Chips, kolbasa, sosiska yoki tez tayyorlanadigan ovqatlar tarkibidagi trans-yog‘lar organizmda “yomon” xolesterinni oshiradi, “yaxshi” xolesterinni esa kamaytiradi. Oqibatda qon tomirlari tiqilib, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi ortadi. Bundan tashqari, ortiqcha tuz iste’moli qon bosimini ko‘tarib, gipertoniya, insult va yurak yetishmovchiligi kabi kasalliklarga zamin yaratadi.

Ikkinchi muammo — ortiqcha shakar. Gazli ichimliklar, shirinliklar va yarim tayyor desertlar ko‘pincha o‘zida me’yoridan bir necha baravar ko‘p shakar saqlaydi. Bunday shakar organizmda tez so‘rilib, yog‘ sifatida to‘planadi. Jarayon semirish, 2-toifa diabet hamda metabolik sindromga olib kelishi mumkin. Shuningdek, tishlar uchun ham katta xavf tug‘diradi.

Uchinchi jihat — kimyoviy qo‘shimchalar. Konservant, bo‘yoq, aromatizator va boshqa sun’iy moddalar mahsulotni jozibador qiladi, lekin ularning tanada to‘planib borishi ehtimoli bor. Ilmiy tadqiqotlar ba’zi konservantlarning saraton keltirib chiqarishi mumkinligini tasdiqlagan. Sun’iy bo‘yoqlar esa allergiya chaqirishi yoki bolalarda faollik va diqqatni boshqarishga salbiy ta’sir qilishi mumkin.

Eng katta muammolardan biri — oziq moddalari yo‘qolishi. Qayta ishlash jarayonida mahsulotdagi tabiiy vitamin va minerallar sezilarli darajada kamayib ketadi. Natijada odam kaloriyani ko‘p qabul qiladi, lekin to‘yimli ovqatlanmaydi. Masalan, oq non ishlab chiqarishda donning foydali qismlari olib tashlanadi, bu esa organizmda tolalar va B-vitaminlar tanqisligiga olib keladi. Ushbu jarayonda inson qornini to‘yg‘azadi, lekin organizmi uchun zarur bo‘lgan moddalarni olmaydi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, qayta ishlangan oziq-ovqatlarni muntazam iste’mol qiladigan odamlar sog‘lig‘ida jiddiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday mahsulotlarni ko‘p iste’mol qiluvchilar orasida:

  • Semizlik darajasi ikki baravar yuqori. Sababi chips, gazli ichimliklar va yarim tayyor ovqatlarda kaloriya ko‘p, ammo foydali moddalar kam.
  • Yurak-qon tomir kasalliklari xavfi 30 foizga ortadi. Bunga trans-yog‘, ortiqcha tuz va shakar asosiy sabab bo‘ladi.
  • Umr davomiyligi 5–7 yilga qisqarishi mumkin. Chunki noto‘g‘ri ovqatlanish tanani sekin-asta yemiradi, organizmning tabiiy himoya kuchlarini zaiflashtiradi.

Mutaxassislar qayta ishlangan ovqatni butunlay taqiqlash kerak demaydi. Lekin uni imkon qadar kamaytirish, o‘rniga yangi sabzavot, meva, donli mahsulotlar va tabiiy oqsil manbalarini tanlashni maslahat berishadi.

Kundalik hayotimizda eng ko‘p iste’mol qilinadigan 10 ta qayta ishlangan mahsulot ro‘yxati:

  • Oq non va bulochkalar – unning tabiiy tolalari olib tashlanadi, oqartirish va ishlov berish jarayonida foydali moddalar kamayadi.
  • Kolbasa va sosiska – go‘shtga konservant, tuz, bo‘yoq, ta’m kuchaytiruvchi va turli qo‘shimchalar qo‘shiladi.
  • Chips va qovurilgan snaklar – ko‘p miqdorda tuz, yog‘ va sun’iy ta’m beruvchi moddalar mavjud.
  • Gazli ichimliklar – shakar, kofein, sun’iy bo‘yoq va konservantlarga boy.
  • Tez tayyorlanadigan lapsha va sho‘rvachalar – ichiga ziravor aralashmalari, natriy va yog‘li kukunlar qo‘shiladi.
  • Shirinliklar (shokolad, konfet, pechene) – ko‘p shakar, margarin, sun’iy rang va hid beruvchilar mavjud.
  • Konserva mahsulotlari (go‘sht, baliq yoki sabzavot konservasi) – uzoq saqlanishi uchun kimyoviy moddalar qo‘shiladi.
  • Margarin – tabiiy sut yog‘i o‘rniga trans-yog‘ kislotalari ishlatiladi.
  • Qutichadagi sharbat va energetik ichimliklar – tarkibi ko‘pincha tabiiy sharbat emas, shakar va aromatizatorli konsentrat bo‘ladi.
  • Tez tayyorlanadigan nonushta mahsulotlari – qadoqlashda foydali deb ko‘rsatiladi, lekin tarkibida shakar va qo‘shimchalar ko‘p bo‘ladi.

Sog‘lom alternativalar

Tez tayyorlanadigan ovqatlar o‘rniga sabzavot va mevalar. Fastfud yoki yarim tayyor ovqatlarni pishirib yeyish oson va qulaydek ko‘rinadi. Lekin ular zararli trans-yog‘, tuz va qo‘shimchalarga boy. Shularning o‘rniga yangi sabzavot va mevalarni tanlash foydaliroq. Ular tabiiy vitamin va minerallar manbai bo‘lib, immunitetni mustahkamlaydi va hazm qilishni yaxshilaydi.

Gazli ichimliklar o‘rniga suv yoki tabiiy sharbat. Shirin gazli ichimliklar –– shakarning asosiy manbalaridan biri. Ularni muntazam ichish semizlik va diabet xavfini oshiradi. Oddiy ichimlik suvini tanlash organizmni chanqovdan xalos qiladi, terini tozalaydi va metabolizmni yaxshilaydi. Agar xilma-xillik istalsa, tabiiy siqilgan sharbat yoki mevali suv (detoks ichimliklar) sog‘lomroq alternativ hisoblanadi.

Kolbasa va konservalar o‘rniga tabiiy go‘sht va baliq. Kolbasa, sosiska va konservalar uzoq saqlanishi uchun ko‘plab moddani saqlovchi qo‘shimcha va tuz qo‘shiladi. Ularning o‘rniga yangi go‘sht yoki baliqni qaynatib, dimlab yoki tandirda pishirib iste’mol qilish sog‘lomroq tanlov bo‘ladi. Masalan, oddiy qaynatilgan tovuq yoki bug‘da pishirilgan baliq yurak va qon tomir salomatligi uchun foydali oqsil manbai hisoblanadi.

Shirinliklar o‘rniga quritilgan mevalar, asal va yong‘oqlar. Do‘konlardagi tort, pechene va konfetlar ko‘p shakar va sun’iy qo‘shimchalarni o‘z ichiga oladi. Ularni ortiqcha iste’mol qilish semizlik va tish kasalliklariga olib keladi. Buning o‘rniga tabiiy shirinliklarni tanlash mumkin: masalan, quritilgan mevalar (mayiz, o‘rik qoqi), asal yoki yong‘oqlar. Ular shirinlikka bo‘lgan ehtiyojni qondirib, organizmni foydali yog‘lar, vitamin va tolalar bilan ham ta’minlaydi.

Sog‘lom alternativalarga o‘tish nafaqat kasalliklarning oldini olish, balki energiya, kayfiyat va hayot sifati yaxshilanishiga ham xizmat qiladi.

Diyoraxon Nabijonova

Mavzuga oid