O‘zbekiston | 22:15 / 17.02.2026
15907
2 daqiqa o‘qiladi

«17 fevral kuni hilol ko‘rinmadi, Ramazon 19 fevraldan boshlanadi» - O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Bugun tushdan so‘ng Saudiya Arabistoni Oliy sudi 18 fevralni Ramazon oyining birinchi kuni deb e’lon qildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi ma’lum qilishicha, 17 fevral kuni O‘zbekiston va bir qancha davlatlarda Ramazon hiloli ko‘rinmagan.

Foto: Kun.uz

«Shu bois, O‘zbekistonda Ramazon oyining birinchi kuni — 19 fevralga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qilindi», deyiladi idora xabarida.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bugun, 17 fevral kuni — hijriy 1447 yil Ramazon oyi hiloli ko‘rinmaganini ma’lum qildi. Diniy idoraga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining taqdim etgan ma’lumoti ham mazkur kuzatishlarni tasdiqlagan.

«Shu bois, joriy yil 18 fevral kunini — Sha’bon oyining o‘ttizinchi kuni, Ramazon oyining birinchi kuni esa shu yilning 19 fevral kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qilindi», deyiladi Musulmonlar idorasi xabarida.

Diniy idoraning ma’lum qilishicha, quyidagi aksar musulmon mamlakatlari ham Ramazon oyining birinchi kunini shu yilning 19 fevral kuni deb e’lon qilgan:

  • Misr Arab Respublikasi
  • Iordaniya
  • Suriya
  • Iroq
  • Eron
  • Turkiya
  • Qozog‘iston
  • Qirg‘iziston
  • Tojikiston
  • Turkmaniston
  • Ozarboyjon
  • Indoneziya
  • Bruney
  • Ummon
  • Singapur
  • Avstraliya
  • Yaponiya
  • Pokiston
  • Hindiston
  • Malayziya
  • Janubiy Koreya

Musulmonlar idorasining ma’lum qilishicha, Yevropa fatvo va tadqiqotlar kengashi ham joriy yil 19 fevral kunini Ramazon oyining birinchi kuni, deb e’lon qilgan.

Bugun, tushdan so‘ng Saudiya Arabistoni Oliy sudining oy ko‘rish qo‘mitasi 2026 yil 18 fevralni Ramazon oyining birinchi kuni deb e’lon qilgandi.

O‘zbekistonda esa 16 fevral kuni «Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi. Unga ko‘ra, 2026 yilgi muborak Ramazon oyining boshlanishi 19 fevral kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilindi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid