Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ichki ishlar xodimini urgan haydovchi uzr so‘radi
Toshkent shahrida ichki ishlar xodimini urib, buning ortidan podpolkovnik akasining ishdan ketishiga sababchi bo‘lgan ukaning pushaymonligi aks etgan video e’lon qilindi.
Toshkent shahri IIBB tomonidan tayyorlangan reportajda mazkur voqea yuzasidan batafsil ma’lumot berilgan.
Yashnobod tumani IIO FMB PPX xodimi, haydovchi hujumiga uchragan Sardorbek Hamroyevning aytishicha, ular murojaat bo‘yicha Musavvir ko‘chasiga yetib borganida fuqaro spirtli ichimlik iste’mol qilgani va ichki ishlar xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmayotgani, ularni har xil so‘zlar bilan haqorat qilayotganiga guvoh bo‘lgan. Shundan so‘ng ular fuqaroni tinchlantirishga uringan.
«U jag‘imga musht urib qoldi. Shundan so‘ng o‘zimga biriktirilgan maxsus vosita, ya’ni shoker yordamida fuqaroni zararsizlantirib, ichki ishlar bo‘limiga olib bordik», – deydi u.
Haydovchi, 36 yoshli Bobur Pardayev esa o‘zining harakati sababli akasining obro‘siga putur yetganidan afsusdaligini bildirgan.
«Spirtli ichimlik iste’mol qilganim sababli gap talashdik. Keyin shu post-patrul xizmatlari xodimlari yetib kelib, o‘zaro janjallashib qoldik. Shundan so‘ng kayfda qo‘l ko‘tarib yubordim. Qilgan ishimdan mingdan ming afsusdaman, kechirishlaringizni so‘rayman. Barchadan uzr so‘rayman… Transport hodisasi sodir qilib qo‘yganimda, meni deb boshqalar jabr ko‘rishi mumkin edi. Akamning ham shuncha yil ishlab, yig‘gan obro‘siga putur yetkazib qo‘ydim. Hammasiga o‘sha spirtli ichimlik sababchi ekan. Bu hol boshqa qaytarilmaydi. Qilgan ishimdan pushaymonman», – degan Pardayev.
«Tirsak» voqeasi
30 mart kuni tungi vaqtda Yashnobod tumanida Malibu va Leapmotor rusumli avtomobillar ishtirokida YTH sodir bo‘lib, haydovchilar o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. So‘ngra Leapmotor haydovchisi 102 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, davlat raqam belgisiga ega bo‘lmagan Malibu haydovchisi avariya sodir etib, unga nisbatan qo‘pollik qilayotgani haqida xabar bergan.
Qoidabuzar haydovchi svetoforning qizil chirog‘iga bo‘ysunmay harakatlanib, YTH sodir etgani ma’lum bo‘lgan. U chaqiruv bo‘yicha yetib kelgan PPX xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan va hatto ulardan biriga musht tushirgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda haydovchi ichki ishlar xodimiga tirsagi bilan zarba berganini va uning akasi ekani aytilgan erkak vaziyatga aralashishga uringanini ko‘rish mumkin.
Unga IIO xodimlarining qonuniy talabini bajarmagani uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ko‘p o‘tmay uning akasi, Sirdaryo IIB rahbar xodimi, podpolkovnik Sherzod Pardayev ushbu voqeaga aralashmoqchi bo‘lgani uchun vazirlik buyrug‘i bilan lavozimidan ozod qilingan.
Mavzuga oid
20:48 / 08.04.2026
Gulira’no Qosimova ishi: Furqat tumani IIB sobiq rahbarlariga hukm o‘zgarishsiz qoldirildi
19:40 / 03.04.2026
Ichki ishlar xodimini urgan haydovchi qamoqqa olindi
20:26 / 02.04.2026
Toshkentda mast haydovchi ichki ishlar xodimini urdi
21:16 / 21.03.2026