Jamiyat | 13:10 / 02.03.2021
93532
4 daqiqa o‘qiladi

Yuridik universitet talabasi qurilish obektida vafot etdi. U shu yerda yashab ishlagan

Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqich talabasi Bahodir Bozorov o‘zi ham ishlab, ham yashayotgan, qurilishi tugallanmagan bino hududida yiqilib, vafot etdi. Bu haqda voqeadan bevosita xabardor manba Kun.uz’ga xabar berdi.

Bahodir Bozorov

«Bozorov Bahodir Xo‘shboq o‘g‘li 1994 yilda tug‘ilgan edi, kecha uni yerga qo‘yishdi.

U bir necha yil qiynalib, talaba bo‘lgan edi. Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqichida o‘qirdi. Talabaligining uch yilidan ehtimol bir kuni ham yengil o‘tmagan bu yigit umrining so‘nggi oylarini Bektemir tumani hokimiyatiga yaqin joydagi qurilish obektida ham yashab, ham ishlab o‘tkazibdi.

Kunduzi quloqchin taqib, onlayn darslarda qatnashibdi, fevral oyidan yarim kun darsga borib, yarim kun ishlabdi, kechalari qurilishi tugamagan binoda usta yigitlar bilan yashabdi, dars qilibdi. Shanba kuni tunda (2021 yil 27 fevral) lift uchun betondan tayyorlangan, himoyalanmagan shaxtaga 2-qavatdan yiqilibdi. Tez yordam kelavermagach, yaqinlari ko‘chadan patrul mashinasini to‘xtatib, yordam so‘rashibdi. Shoshilinch yordam bo‘limida uning vafot etganini aytishibdi.

Yakshanba kuni tong sahar shu haqda menga marhumning akasi telefon orqali xabar berdi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga yetib bordik. Tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach, marhumning tanasi Toshkent shahar sud-tibbiy ekspertizada tekshirildi.

Bizga ma'lum qilinishicha, marhum bo‘yin umurtqasining sinishi, jigar yorilishi oqibatida vafot etgan», dedi manba.

Uning qo‘shimcha qilishicha, marhum kunning ikkinchi yarmida yo‘lovchi mashinada akasi va amakisi bilan birga Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumaniga, tug‘ilib o‘sgan uyiga kuzatilgan.

«Mamlakat, oliy ta'lim tizimi, universitet har qanday qiyinchiliklarga dosh berib, hech kimdan hech narsa kutmay, toshdek iroda bilan o‘zini bilintirmay yurgan toza yurakli javohir bir yigitdan ayrildi.

Bahodir, bizga, davlatga, jamiyatga, oliy ta'lim tizimiga, universitetga, qurilish obekti egasiga qoldirib ketgan savollarga qanday javob beriladi endi?..», deya suhbatni yakunladi manba.

Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy ekspertizasi Toshkent shahar filialidan olingan o‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma nusxasi kelib tushdi.

Unda Bahodir Bozorovning bo‘yin, qorin qo‘shma to‘mtoq jarohatlari bo‘yicha oltinchi umurtqa sinishi, orqa miyaga qon quyilishi, shuningdek, jigarining yorilib ketishi va o‘tkir qon ketishi oqibatida vafot etgani ma'lum qilingan.

ql_Ji3804fIkC8xmM0bzjxGWvt8TIqRC.jpg (777×1118)

 

  • Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuni Yunusobodda ijarada yashovchi besh talabaning murdasi topildi. Jabrlanuvchilarning o‘limi noma'lum moddadan o‘tkir zaharlanish natijasida yuz bergan.
  • Yunusoboddagi fojiadan so‘ng ijarada yashayotgan talabalarning sharoitlari o‘rganiladigan bo‘ldi - 1 mart kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish masalasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Mavzuga oid