Jahon | 10:23 / 28.07.2025
4996
2 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Germaniyada poyezd izdan chiqib ketdi, qurbonlar bor

Germaniya janubi-g‘arbida poyezd halokati oqibatida uch kishi vafot etib, 50 dan ortiq kishi yaralandi.

Thomas Warnack/ dpa

Hodisa yakshanba kuni kechqurun Zigmaringen-Ulm yo‘nalishida harakatlangan poyezd bilan ro‘y bergan.

Mahalliy qutqaruv xizmati boshlig‘i Sharlotta Tsiller tunda matbuot vakillariga halokat joyidagi qutqaruv ishlari yakunlangani haqida ma’lumot bergan.

«Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, vagonlarda odamlar qolmadi va barchaga tibbiy yordam ko‘rsatildi», — degan Tsiller xonim.

Halokatdan oldinroq mazkur hududda bo‘ron bo‘lib o‘tgandi va shu vaqtda yo‘ldagi ko‘tarma buzilgani, shuning uchun poyezd izdan chiqib ketgani taxmin qilinmoqda.

Ammo rasmiy ma’lumotlarda halokat sabablari haqida gap yo‘q.

«Tun bo‘yi ishlaymiz, tergov boshladik. Hozir voqea joyida ashyoviy dalillar to‘planadi, bu, katta ehtimol bilan, ertangi kungacha yoki undan ko‘proq vaqtni oladi», - deya politsiya matbuot kotibi Ulm Sven Frankenning so‘zlarini keltiradi Reuters.

DPA agentligi ma’lumotiga ko‘ra, poyezdda jami 100 nafar atrofida odam bo‘lgan.

Germaniya kansleri Fridrix Mers X ijtimoiy tarmog‘ida halok bo‘lganlarning yaqinlariga «chuqur hamdardlik» bildirgan.

Shuningdek, u ichki ishlar va transport vazirlari bilan bog‘lanib, tezkor xizmatlarga barcha zarur yordamni ko‘rsatishni so‘raganini yozgan.

Voqea joyidan olingan suratlarda yonboshlab qolgan vagonlar va ko‘plab qutqaruvchilar, qulagan daraxtlarni ko‘rish mumkin.

Mavzuga oid