O‘zbekiston | 17:33 / 02.04.2023
50612
3 daqiqa o‘qiladi

Video: Toshkent shahrida yomg‘ir oqibatida suv toshqinlari yuzaga keldi

Noqulay ob-havo tufayli reyslar Samarqandga yo‘naltirildi, metro bekatlariga suv kirib keldi, ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.

Foto: Videodan kadr

Toshkent shahrida 2 aprel kuni, kunning ikkinchi yarmida kuchli momaqaldiroqlar kuzatildi va ayrim joylarda do‘l aralash kuchli yomg‘ir yog‘di.

Ijtimoiy tarmoqlarda bu tabiat hodisasi oqibatida yo‘llarda avtomobillar harakati qiyinlashgani, tunnellar va metro bekatlariga suv kirib ketgani aks etgan videolar tarqaldi.

Videolarda Toshkent metropolitenining «Amir Temur xiyoboni» bekatiga ham suv tushayotganini ham ko‘rish mumkin.

Metropoliten matbuot xizmati holat yuzasidan munosabatida bunga maxsus irrigatsiya, ya’ni suv ketish yo‘llari (ariqlar) to‘lib qolgani va buning natijasida yomg‘ir suvlari bekatga tusha boshlaganini keltirgan.

«Bu holat mas’ullar tomonidan bartaraf etilgan va poyezdlar harakatiga hech qanday to‘sqinlik hosil qilmagan», — deyiladi xabarda.

Shu kuni «Ufa-Toshkent» hamda «Sochi-Toshkent» yo‘nalishidagi samolyotlar Toshkent xalqaro aeroportida kuchli chaqmoq va jala yog‘in kuzatilgani bois Samarqand aeroportiga yo‘naltirildi.

Kuchli shamol va jala poytaxtning bir qismida elektr uzilishlariga sabab bo‘lgan.

Energetika vazirligi matbuot xizmati Olmazor, Sergeli va Toshkent tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilayotgani, tarmoqda yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etilayotgani haqida xabar bergan. 

«Ayni vaqtda elektr ta’minoti korxonalarining maxsus brigadalari tomonidan mazkur nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Mazkur nosozliklar qisqa vaqt ichida bartaraf etilib, hududlarning elektr ta’minoti qayta tiklanadi», deyilgan xabarda.

Avariyaviy holat tufayli Sergeli tumanining ayrim joylarida tabiiy gaz ta’minoti vaqtinchalik to‘xtatildi.

«Sergeli tumani «Ziyolilar» MFY, Yangi hayot ko‘chasidan o‘tgan d-100 mm.li o‘rta bosim gaz quvurini chaqmoq urganligi tufayli d-100 mm.li zulfun flyansda alanga chiqib, yong‘in sodir bo‘lgan. Hozirda «Sergelitumangaz» gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Shu sababli «Ziyolilar» MFYdagi jami 600 ta uy xo‘jaliklarida tabiiy gaz ta’minoti vaqtinchalik to‘xtatildi.

Ta’mirlash ishlari yakunlangach, tabiiy gaz ta’minoti qayta tiklanadi», deyiladi «Hududgaz Poytaxt» gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati xabarida.

«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, 3 aprel kuni ham Toshkent shahrida havo o‘zgarib turadi, kunning ikkinchi yarmida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘ladi, do‘l yog‘ishi mumkin.

Mavzuga oid