O‘zbekiston | 09:00 / 03.02.2021
8501
4 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Artel «Khan academy Uzbek» onlayn bepul ta'lim platformasiga 400 ming AQSh dollari ajratadi

Joriy yilning 1 fevral kuni Hilton mehmonxonasida Artel kompaniyalar guruhi «Khan academy Uzbek» onlayn bepul ta'lim platformasi bilan homiylik to‘g‘risida memorandum imzoladi.

Memorandumga ko‘ra, Artel kompaniyalar guruhi hamkorlik doirasida «Khan academy Uzbek» platformasini rivojlantirishga 4 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mablag‘ ajratadi.

Alohida aytish lozimki, ushbu loyiha yurtimiz o‘rta maktablarida ham, oliy ta'lim muassasalarida ham talabalarning bilim darajasini oshirish uchun qo‘shimcha va ko‘makchi manba bo‘lib xizmat qiladi va Xalq ta'limi vazirligi tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanib kelmoqda. Tadbirda vazirlik vakili ham qatnashib, ushbu loyiha va uning ta'lim tizimidagi ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Loyiha asoschisi Botir Orifjonovning ta'kidlashicha, hozirda loyihaning 2-fazasini tayyorlash ishlari boshlanmoqda.

Shuningdek, Orifjonov o‘tgan yilda «Khan academy Uzbek» platformasi uchun ikkita loyihani amalga oshirishda homiylik ko‘rsatish masalasida yordam so‘rab internet tarmoqlarida murojaat bilan chiqqanligini ham eslab o‘tdi. Shundan so‘ng Artel kompaniyasi ushbu murojaatga birinchi bo‘lib javob bergan xususiy tashkilot va loyiha ikkinchi bosqichining bosh homiysi bo‘lish tashabbusini ilgari surgan.

Loyiha asoschisi Botir Orifjonovning ma'lum qilishicha, «Khan academy Uzbek» platformasini rivojlantirishning ikkinchi bosqichida Artel kompaniyalar guruhi homiyligida quyidagilarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

  • Veb-platformaning (veb-sahifaning) asosiy funksiyalarini aniqlash va rivojlantirish;
  • Kontentni milliy o‘rta va oliy ta'lim o‘quv darsliklariga moslashtirish;
  • Mustaqil o‘rganish uchun metodik qo‘llanma va o‘quv darslarini tayyorlash;
  • O‘rta va oliy ta'lim o‘qituvchilari uchun platformaning ta'lim resurslaridan o‘zbek tilidagi qo‘shimcha va ko‘makchi o‘quv kontenti sifatida foydalanishni rag‘batlantirish;
  • Milliy oliy ta'lim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun platforma o‘quv resurslaridan foydalanish metodikasini yaratish;
  • Xorijiy oliy ta'lim muassasalarining kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun platforma o‘quv resurslaridan foydalanish metodikasini yaratish;
  • Boshqa o‘quv kontentini topish va mahalliylashtirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish.

Tadbirda Artel kompaniyalar guruhi bosh direktori Qobil Toshmuhammedov ta'kidlashicha, Artel tomonidan loyihaga nafaqat pul mablag‘lari, balki kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan texnikalar bilan ham loyihada ishtirok etayotganlar rag‘batlantiriladi.

«Bugungi globallashuv davrida yuqori intellektual salohiyatga ega, raqobatbardosh, yuqori malakali, mustaqil fikrlay oladigan barkamol avlodni kamol toptirish yurtimiz ravnaqi uchun amalga oshirilishi lozim bo‘lgan birinchi navbatdagi vazifalardan biri. Shu sababli Artel kompaniyalar guruhi yoshlarimizning bilim darajasini oshirishda qo‘shimcha va ko‘makchi manba bo‘lib xizmat qiluvchi «Khan academy Uzbek» platformasiga homiylik qilishni boshlagani tabiiydir. 

Aytish lozimki, Artel kompaniyalar guruhi O‘zbekistonda bilim darajasini oshirishga yo‘naltirilgan loyihalarda yanada faol ishtirok etishni rejalashtirgan. Chunki kompaniyamizda ham malakali, yetuk kadrlarga talab bor. Shu sababli biz loyihani nafaqat pul bilan, balki o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan texnika va texnologiyalar bilan ham qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», - deydi Artel kompaniyalar guruhi bosh direktori Qobil Toshmuhammedov.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid