O‘zbekiston | 12:26 / 27.11.2025
4973
2 daqiqa o‘qiladi

Soliq hisobotida YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yangi tartib joriy etiladi

Adliya vazirligi soliq hisoboti shakllariga tegishli o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Yangiliklarga ko‘ra, aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YaTT va o‘zini o‘zi band qilganlar uchun soddalashtirilgan hisobot shakli joriy etiladi, qayta tiklanuvchi energiyadan foyda olayotgan tadbirkorlarga esa nol soliq stavkasi qo‘llanadi. Hujjat 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Foto: Kun.uz

Adliya vazirligi Soliq hisoboti shakllariga o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi (ro‘yxat raqami 3221-8, 2025 yil 26 noyabr). Mazkur hujjat ayrim qonunchilik hujjatlari qabul qilinganligi munosabati bilan soliq hisoboti shakllarini to‘ldirish tartibini takomillashtirishga qaratilgan.

Yangi tartibga muvofiq, yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YaTT) va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilangan. Shu munosabat bilan ushbu toifadagi soliq to‘lovchilar uchun hisobotning soddalashtirilgan shakli joriy etilmoqda.

Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanib, umumiy tarmoqqa elektr energiyasi realizatsiya qilishdan olingan foyda uchun nol soliq stavkasi qo‘llanadi. Yangilangan soliq hisoboti shakllarida mazkur imtiyozni inobatga oluvchi alohida qatori va maydonlari nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, xalq deputatlari kengashlari ijara to‘lovining eng kam stavkalariga nisbatan tuman va shaharlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishi darajasidan kelib chiqib 2,0 gacha oshiruvchi koeffitsiyent joriy etishga haqli ekanligi inobatga olingan. Shu bois jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulk ijarasi uchun stavkani alohida to‘ldirish talabi soliq hisoboti shakllaridan chiqarib tashlanmoqda.

Mazkur o‘zgartishlar 2026 yil 1 yanvardan amalga kiritilib, tadbirkorlar va soliq to‘lovchilar uchun hisobot berish jarayonini soddalashtirish hamda amaldagi qonunchilikka moslashtirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid