Jamiyat | 19:41 / 20.05.2026
11056
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda 25 yoshli yigit sel oqizib ketishi oqibatida halok bo‘ldi

Hodisa 19 may kuni Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan. 25 yoshli yigit tushdan so‘ng qo‘ylarini boqish maqsadida chiqib ketgan. Kechga yaqin uning murdasi sel bilan oqib kelgan.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Qashqadaryo viloyatida sel oqizib ketishi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan. Bu haqda Kun.uz’ga Bosh prokuror matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Hodisa Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan. 19 may kuni soat 20:20 da tuman IIB navbatchilik qismiga Yangi hayot mahallasi Qurilish qishlog‘idagi daryodan sel bilan birga notanish erkak murdasi oqib kelgani haqida xabar kelib tushgan. Tuman prokurori rahbarligidagi tergov-tezkor guruhi hodisa joyiga yetib borgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida halok bo‘lgan yigit 2001 yilda tug‘ilgan O.Sh. ekani aniqlangan.

Marhumning yaqinlariga ko‘ra, O.Sh. 19 may kuni soat 15:00 larda qo‘ylarini boqish uchun chiqib ketgan. U soat 18:00 ga qadar qaytib kelmagan. O‘sha vaqtda qishloqda kuchli yomg‘ir yog‘ib, sel kelgan. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, yigitning murdasi suvda oqib kelgan.

Hozirda holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

FVV axborot xizmatiga ko‘ra, 19 may kuni Qashqadaryo viloyatining Qamashi, Yakkabog‘, Dehqonobod va Shahrisabz tumanlarida kuchli yog‘ingarchiliklar kuzatilgan. Sel toshishi oqibatida Qamashida ichki yo‘l, Yakkabog‘da esa ko‘prik ma’lum muddat yopilgan.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid