Jahon | 15:08 / 14.01.2026
4710
11 daqiqa o‘qiladi

Solovyov O‘zbekistonda nomaqbul shaxs deb e’tirof etilishi kerak - Bobur Bekmurodov

Markaziy Osiyoga bosqin uyushtirishni taklif qilgan rossiyalik propagandachi nega persona-non-grata deb e’lon qilinmayapti? O‘zi umuman nega mintaqa mamlakatlari davlat darajasida bunga haligacha munosabat bildirmadi? Kun.uz shu kabi savollar bilan jonli efirda deputat Bobur Bekmurodov va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga murojaat qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyov Markaziy Osiyoda ham “maxsus harbiy amaliyot boshlash kerakligini aytgani mintaqa jamiyatlarida keskin norozilik uyg‘otdi. Lekin bu norozilik, Solovyov tilga olgan Armanistondan farqli ravishda, Markaziy Osiyo davlatlarining yuqori idoralari tomonidan hozircha bildirilgani yo‘q.

Xususan, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Solovyovni “nomaqbul shaxs” deb e’lon qilib, uning O‘zbekistonga kirishini taqiqlashga shoshilmayotgandek.

Kun.uz muxbiri bu haqdagi savol bilan Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

“1-2 kun ichida [TIV] reaksiya qilmayapti deyishimiz vaqtliroq bo‘lishi mumkin, kuzataylik. Albatta, Solovyov O‘zbekistonda nomaqbul shaxs bo‘lish uchun hamma asoslarni yaratgan. U tayyor nomzod, eng birinchi nomzod. Albatta, bu qonun ishlashi kerak va nomaqbul shaxs sifatida e’tirof etilishi kerak”, – dedi Bekmurodov 14 yanvar kuni Kun.uz studiyasidagi suhbatda.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, ehtimoliy xurujlarga qarshi Markaziy Osiyoning birligi alohida ahamiyatga ega.

“Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida koordinatsiya bo‘ladigan bo‘lsa, Rossiyaning qo‘lidan hech narsa kelmaydi. Rossiya shundoq ham hozir yangi maxsus harbiy amaliyot uchun hech qanday resursga ega emas. Beshta davlatning pozitsiyasi yakdil bo‘lsa, Rossiya buni inobatga olishga majbur bo‘ladi. Haqiqatda ham hozir mintaqamizda geosiyosiy parokandalik yo‘q, bu – unikal narsa va bundan maksimal foydalanish kerak”, – dedi u.

O‘zbekiston aholisi orasida Rossiyaga xayrixoh qatlam qisqaryapti”

Bobur Bekmurodovning ta’kidlashicha, strategik sherik va ittifoqchi davlatlar o‘rtasida rasmiy telekanallar orqali bir-biriga nisbatan bunday bayonotlarning yangrashi mutlaqo nomaqbul holatdir.

“Agar Rossiya O‘zbekistonda o‘z kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritishini, jamiyatda Moskvaga nisbatan hech bo‘lmaganda neytral munosabat saqlanib qolishini istasa, bunday chiqishlarni qat’iy to‘xtatishi zarur. Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi 3 mingdan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda, ular yirik iqtisodiy va infratuzilmaviy loyihalarda qatnashmoqda. Shubhasiz, keskin va noo‘rin bayonotlar Rossiya kompaniyalari uchun O‘zbekistondagi biznes muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu masala faqat biznes manfaatlari bilan cheklanmaydi. Gap jamiyatdagi umumiy munosabat haqida ham bormoqda. Bunday chiqishlar aks ta’sir ko‘rsatib, jamiyatda Rossiyaga nisbatan salbiy fikrlar shakllanishiga olib kelmoqda. Ochiq aytish mumkinki, ilgari Rossiya Federatsiyasiga ijobiy munosabatda bo‘lgan qatlam ancha keng edi, bugun esa bu qatlam asta-sekin qisqarib bormoqda. Biz doim ta’kidlab kelamiz: Rossiya O‘zbekistonning ittifoqchisi, strategik va eng muhim iqtisodiy hamkorlaridan biri, yirik investitsiyalar manbai hisoblanadi. Aynan shu sababli ham Rossiya tomoni bunday bayonotlarni to‘xtatishi shart”, – dedi deputat.

Markaziy Osiyoga tahdidli ritorika uchun aslida asos yo‘q”

Kamoliddin Rabbimov bugungi Markaziy Osiyo chor Rossiyasi paytidagi Markaziy Osiyo emasligini qayd etdi.

“Bugungi globallashgan dunyoda urush orqali siyosiy maqsadlarga erishish mumkin emasligi tobora yaqqol ko‘rinib bormoqda. Agar urush yo‘li bilan barqaror natijaga erishish mumkin bo‘lganida, Rossiya buni Ukrainada allaqachon uddalagan bo‘lardi. Xuddi shuningdek, agar AQSh dunyoning eng qudratli iqtisodiy va harbiy davlati sifatida urush orqali maqsadlariga erisha olganida, Afg‘onistonda bunga 20 yil ichida muvaffaq bo‘lgan bo‘lardi. Ammo u yerda qo‘yilgan vazifalarning birortasi tizimli va barqaror tarzda bajarilmadi, natijada AQSh chiqib ketdi. Rossiyani ham Ukrainada shunga o‘xshash oqibat kutmoqda.

Harbiy dag‘dag‘alar qisqa muddatda muayyan davlatlar uchun xavf tug‘dirishi mumkin, biroq uzoq muddatda Rossiyaning o‘ziga ham jiddiy muammolar keltirib chiqaradi. Tarix shuni ko‘rsatadiki, urushlar kamdan kam hollarda rejalashtirilgan ideal natija bilan yakunlanadi, ko‘pincha yakuniy natija boshlang‘ich maqsadlardan butunlay farq qiladi. Aslida, qudratli davlatlar o‘z ta’sirini kuch ishlatmasdan, o‘q otmasdan va ulkan harbiy xarajatlarsiz kengaytirishga intiladi. Shu sababli ular ijobiy imij va yumshoq kuchga katta e’tibor beradi. Rossiya esa aynan shu yo‘nalishda jiddiy muammolarga duch kelmoqda.

Bugungi Markaziy Osiyo chor Rossiyasi davridagi qoloq va parokanda mintaqa emas. O‘sha davrda mintaqada taxminan 5 million aholi yashagan bo‘lsa, Rossiyada 55–60 million kishi bor edi. Bugun Markaziy Osiyo aholisi 80–85 milliondan oshgan, Rossiya aholisi esa rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 140 million deb ko‘rsatiladi, biroq bu raqamlar ichki ekspertlar tomonidan ham shubha ostiga olinmoqda.

Qolaversa, Markaziy Osiyoning Turkiya, musulmon dunyosi va boshqa global hamkorlar bilan aloqalari mavjud. Shu sababli Rossiyaning Markaziy Osiyoga nisbatan harbiy bosim yoki tahdid ritorikasi mutlaqo mantiqsiz. Chunki mintaqamiz NATOga intilmayapti, Ukrainadagi vaziyatga o‘xshash asoslar bu yerda yo‘q. Solovyovning o‘zi ham tayinli asos keltira olgani yo‘q”, – deydi siyosatshunos.

Nega Markaziy Osiyo rasmiylarida jiddiy reaksiya bo‘lmadi?

Deputat Bobur Bekmurodovning fikricha, Solovyovning bunday chiqishlariga rasmiy darajada munosabat bildirish zarurmi yoki yo‘qmi, degan savol “vaziyatdan kelib chiqib” baholanishi kerak.

“Avvalo, Solovyov – jurnalist, u hukumatdagi rasmiy shaxs emas. Shu bois uning bayonotlari davlat pozitsiyasi sifatida qabul qilinmasligi lozim. Agar O‘zbekiston misolida qaraydigan bo‘lsak, bu salkam 40 million aholiga ega davlat va uning rasmiy pozitsiyasini Tashqi ishlar vazirligi ifodalaydi. Vazirlik har bir bayonotga davlat manfaatlari va mavjud siyosiy vaziyatdan kelib chiqib baho beradi. TIV huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zosi sifatida ayta olamanki, bunday masalalar har doim ichki muhokamadan o‘tadi va zarurat tug‘ilgandagina rasmiy munosabat bildiriladi. Agar jamiyat tomonidan yetarli va aniq reaksiya bo‘lsa, ko‘pincha bu o‘z-o‘zidan yetarli signal vazifasini bajaradi. Bunday holatda jamoatchilikning pozitsiyasi davlat uchun ham muhim ko‘rsatkich hisoblanadi.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining har biri o‘ziga xos omillarni inobatga olishga majbur: umumiy chegaralar, harbiy infratuzilma, iqtisodiy bog‘liqlik yoki ichki barqarorlik masalalari shular jumlasidandir. Shu sababli jamiyatda salbiy qabul qilingan masala, tabiiyki, davlat darajasida ham ma’qullanmaydi. Eng muhim jihat shundaki, bunday vaziyatlarda haddan tashqari keskinlik va agressiyaga yo‘l qo‘ymasdan, vazmin va mutanosib javob berish eng to‘g‘ri yondashuv hisoblanadi”, – deydi parlament a’zosi.

Siyosatshunos Rabbimovning fikricha, Markaziy Osiyo hokimiyatlari qo‘shimcha eskalatsiya uchun Rossiyaga imkon bermaslikka intilyapti.

“Mening nazarimda Solovyovning bayonotiga rasmiy va keskin munosabat bildirilishi vaziyatni sun’iy ravishda eskalatsiya qilish, ya’ni muammoni yanada yuqori darajaga olib chiqish xavfini tug‘diradi degan yondashuv mavjud. Shu sababli Markaziy Osiyo davlatlari bu masalada ehtiyotkor yo‘l tutmoqda.

Bilishimcha, hozirga qadar Markaziy Osiyo mamlakatlarining birortasida Tashqi ishlar vazirligi darajasida rasmiy bayonot berilmadi. Biroq ayrim deputat, senator va jamoatchilik vakillari individual tarzda munosabat bildirdi. Bu, bir tomondan, jamiyat pozitsiyasini ifodalasa, ikkinchi tomondan rasmiy eskalatsiyaning oldini olishga qaratilgan yondashuvdir. Rossiya esa amalda postimperial sindromni boshdan kechirmoqda. Har ikki-uch oyda turli rasmiy yoki yarim rasmiy shaxslar Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan keskin bayonotlar bilan chiqmoqda. Yaqinda Tojikiston fuqarosining o‘ldirilishi bilan bog‘liq voqealarda ham bu holat yaqqol ko‘rindi: dastlab keskin ritorika bo‘ldi, keyin esa Putin buni terrorizm deb baholab, Imomali Rahmondan uzr so‘rashga majbur bo‘ldi.

Asl muammo shundaki, Rossiya so‘nggi yillarda o‘z siyosiy muhitida imperialistik kayfiyatni ongli ravishda shakllantirdi. Bugungi kunda esa na bu kayfiyatni to‘xtatishga real intilish bor, na uni qanday bartaraf etish mexanizmi mavjud. Bir marta shakllangan mafkurani yo‘qotish uchun uning o‘rniga boshqa, muqobil g‘oya taklif qilinishi kerak. Putin davrida esa Rossiya bunday yangi siyosiy g‘oya yoki mafkurani taklif qila olmayapti. Buning uchun yangi siyosiy konsensus, undan ham muhimi, yangi siyosiy rahbarlar zarur. Faqat shundagina Rossiya “imperiya yoki postimperiya emas, balki liberal, huquqiy va teng munosabatlarga asoslangan davlat” degan tafakkurni shakllantirish imkoniga ega bo‘ladi. Bu jarayon esa, ehtimol, Putin davridan keyingina boshlanishi mumkin.

Shu sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaning umumiy kayfiyatini va siyosiy xatti-harakatlarini yaxshi anglagan holda, Solovyovning bayonotlariga rasmiy darajada javob bermaslikni, bu masalani asosan jamoatchilik munosabati doirasida qoldirishni ma’qul ko‘rayotgandek. Mazkur yondashuv Rossiya tomoniga qo‘shimcha eskalatsiya uchun imkon bermaslikka qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Ozarboyjon bilan Armaniston o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi to‘liq imzolanish arafasida turibdi. Armanistonning mintaqaviy hamkorlikka yaqinlashuvi uning ittifoqchilar doirasini kengaytiradi. Agar kelgusida Armaniston va Gruziya ham Markaziy Osiyo bilan yaqin hamkorlikka kirishsa, bu tarixiy jihatdan noyob imkoniyatlar va yirik mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi”, – deydi ekspert.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid