Jamiyat | 17:24 / 07.06.2024
5164
6 daqiqa o‘qiladi

Issiq urishi tanaga qanday ta’sir qiladi? Shu sabab ham odam o‘lishi mumkinmi?

Kuchli issiq sabab tana o‘zini sovutishga harakat qilib zo‘riqadi va natijada yurak xuruji kabi xavfli holatlar sodir bo‘ladi. Statistikaga ko‘ra, birgina AQShning o‘zida yiliga 700 dan oshiq kishi issiq urishi sabab vafot etadi.

Foto: Kun.uz

Iqlim o‘zgarishi sabab butun dunyoda issiq to‘lqinlar oqimi ko‘paymoqda. Va bu to‘lqinlar havo harorati oshishi xavfini ham paydo qilmoqda. Issiq havo hammaga ta’sir qiladi. Biroq chaqaloqlar, keksalar kabi xavf guruhlariga uning ta’siri boshqalarga qaraganda ham ko‘proq bilinadi.

Anomal issiq inson tanasiga qanday ta’sir qiladi?

Tana qizib ketganda qon tomirlari ochiladi. Bu qon bosimining pasayishiga olib keladi va yurak qonni tanaga haydash uchun qattiqroq ishlay boshlaydi. Natijada, tanada toshmalar, oyoqlarda shish kabi yengil simptomlar yuzaga kelishi mumkin.

Shu bilan birga terlash suyuqlik va tuzning yo‘qotilishiga olib kelishi mumkin, buning bilan ularning tanadagi almashinuv balansi buzilishi mumkin.

Issiq urishining belgilari:

  • bosh aylanishi;
  • ko‘ngil aynishi;
  • hushdan ketish;
  • bosh og‘rig‘i;
  • mushakning og‘riqli qisqarishi;
  • bosh og‘rig‘i;
  • charchoq;
  • sovuq, rangpar teri holati.

Xavfli tomoni: agar qon bosimi juda pasaysa, yurak xuruji xavfi ham ortadi.

Bizning tanamiz qahraton qish yo saraton bo‘lishidan qat’i nazar o‘zini 37 darajada saqlab turishga harakat qiladi. Biroq agar havo o‘ta isib ketsa, tana o‘zining haroratini tushirish uchun zo‘riqib ishlay boshlaydi. Bu jarayonda tana o‘zini sovutish uchun teriga yaqin joylashgan qon tomirlarini ochadi va terlash jarayoni hosil bo‘ladi, shuning bilan tana sovuydi.

Qanday qilib issiqda xavfsiz bo‘lish mumkin?

  • Yengil va keng kiyimlarni tanlang;
  • Imkon qadar konditsionerli joyda bo‘ling;
  • Agar uyingizda konditsioner bo‘lmasa, savdo markazi yoki kutubxonalarga boring;
  • Spirtli ichimliklarni cheklang, suv ko‘proq iching;
  • Tashqaridagi ishlar miqdorini kamaytiring, havo salqin payti ko‘chaga chiqing;
  • Quyoshdan himoyalovchi kremlar ishlating.

Issiqda uxlashdan qiynaladiganlar nima qilishi mumkin?

Kechki paytda ham issiq sabab uxlash qiyinlik qilsa, imkon qadar yupqa choyshablar ishlatish, kiyimlarni kiyishdan oldin sovutgichga solib olish va o‘z vaqtida tartib bilan uxlash kerak, deb hisoblaydi mutaxassislar.

Issiq urgan odamga qanday yordam berish mumkin?

Agar issiqda qolgan odam salqinga o‘tgach yarim soatda soviy olsa, uning holati xavotirli emas.

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazi (CDC) tavsiyalariga ko‘ra, issiqda qolgan odam:

  • salqinga ko‘chirilishi;
  • tanasiga suvni sachratib sepish orqali sovutilishi;
  • suv berilishi kerak.

Agar uning holati yarim soat ichida o‘nglanmasa, bu issiq urushi hisoblanadi va "Tez yordam"ga qo‘ng‘iroq qilish kerak.

Issiqda qolgan odamning tana harorati baland bo‘lsa ham, terlamasligi, harorati 40 darajadan oshsa, hushini yo‘qotishi yo tutqanoq holati sodir bo‘lishi mumkin.

Kimlar uchun issiq ko‘proq xavfli?

Keksalar va yurak xastaligi kabi uzoq davom etadigan kasallikka chalinganlarning issiqqa dosh berishi qiyin.

Qandli diabet ham tanadagi suv tez yo‘qotilishiga, terlash qobiliyatining susayishiga sabab bo‘ladi.

Bolalar va kam harakatchan bo‘lgan odamlar ham xavf guruhiga kiradi. Ba’zi nevrologik kasalliklari bor odamlar issiqlikni tahlil qila olmasligi va undan qochmasligi natijasida yomon holatlarga tushishi mumkin.

Uysiz odamlar, yuqori qavatda yashovchilar ham ko‘proq quyosh nuriga duch kelishadi.

Salqin va xavfsiz bo‘lish uchun maslahatlar

  • Ko‘p suv iching va suvli oziq-ovqatlar iste’mol qiling;
  • Soyada ko‘proq bo‘ling va sayohatlarni kamaytiring;
  • Keng, havo o‘tkazadigan kiyimlarni tanlang;
  • Tanangizni sovutish uchun ventilyator, muz va sovuq dushdan foydalaning.

Issiqdan odam o‘lishi mumkinmi?

Statistikaga ko‘ra, AQShning o‘zida ham har yili 700 dan oshiq odam issiq urishi sabab vafot etadi.

Bu o‘limlarning aksari tanani barqaror ushlab turishga urinish natijasida sodir bo‘ladigan yurak xurujlari va qon-tomir kasalliklari sabab sodir bo‘ladi.

Lekin dalillarga ko‘ra, bahordagi issiq va yoz boshidagi issiq payti o‘limlar yoz chillasiga qaraganda ko‘proq sodir bo‘ladi. Chunki yoz boshlangach biz o‘z odatlarimizni unga moslashtirishimiz va issiq harorat bilan kurashishga ko‘proq harakat qilamiz.

Ayni paytda Hindistonda kuzatilayotgan o‘ta issiq harorat sabab 100 dan oshiq o‘lim qayd etildi. Hindistonning ko‘plab hududlarida ikki haftadan beri 45-46 daraja issiq kuzatilyapti. Hatto 52 daraja issiq kuzatilgan kunlar ham bo‘ldi. O‘limlar, asosan, Bihar, Rajastxan, Jxarxand va poytaxt Dehlida kuzatilgan. Issiqlik sabab tizimga bosim oshgani uchun elektr, suv yetkazib berishda muammolar ham kuzatilmoqda.  

Mavzuga oid