O‘zbekiston | 19:53 / 16.11.2021
8523
2 daqiqa o‘qiladi

107 yoshida yor-yor aytadigan momo

Saadat momo Abdullayeva 1914 yili To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan. U 1 yanvarda 108 yoshni qarshi oladi. Saadat momo Qoraqalpog‘istonning eng olis hududi Miskin ovulida yashaydi.

Mehnat faoliyatini 1938 yili kolxozda boshlagan. II jahon urushida front ortida mehnat qilgan.

«Kolxozda ishladim. Yer ag‘dardim. Qazuv qazdim. U paytlari texnika yo‘q edi. Kanallarni qazdik. Undan keyin texnika chiqdi», — deydi yuzdan oshgan momo.

107 yoshli momo urush davri xotiralarini aytib berdi: «Urush davri hamma jangga ketdi. Undan hech kim qaytmadi. Urushda erim o‘ldi. O‘lik ko‘mishga odam qolmadi. Oxiri keksa ayollar o‘lik ko‘mishdi. Ana, Rajabboy buvangni ayollar qabristonga olib borishgan».

Nukusdan 200 km olisda yashayotgan momo gaz yo‘qligidan shikoyat qildi: «Qishda qayerda gaz bo‘lsin?! Kesib tashladilar. Gaz yo‘q. Faqat ovqat pishirish uchun gaz ballon, plita bor. Boshqa gaz yo‘q. Bergan puliga o‘tin sotib olamiz. Sovuq qotsak nima qilaylik? Koshki, boshqa iloji bo‘lsa. Sovuq kuni sovuq qotib, issiq kuni qizib o‘tiramiz, bolam!»

Saadat Abdullayeva urushdan keyin 31 yil maktabda farroshlik qilgan. U bir o‘g‘li va ikkita qizidan ayrilgan. Eri esa urushdan qaytib kelmagan.

Keksa momoni hozir ham to‘ylarga taklif qilishadi. U xonadonga yangi tushgan kelinlarga yor-yor aytadi. 108 yoshga yaqinlashayotgan momoning sochlari qorayishni boshlagan. Momoning 2 ta qizidan 8 nevara, 15 chevara va 4 evarasi bor.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri

Montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid