Jahon | 13:23 / 05.06.2024
19096
11 daqiqa o‘qiladi

Ostonadan Vashingtongacha – turli davlatlar poytaxtini nega o‘zgartirgan?

Shu paytgacha dunyoning ko‘plab davlatlari turli sabablar bilan o‘z poytaxtini o‘zgartirgan. Qaysidir davlatda ekologik muammolar boshlangani yoki shahar juda tiqilinch bo‘lib qolgani uchun, boshqasida esa mamlakatning turli hududlarini rivojlantirish uchun poytaxtlar ko‘chirilgan. Yana ba’zilarining ko‘chirilishiga siyosiy, boshqalariga iqtisodiy omillar sabab bo‘lgan.

Rejaga ko‘ra joriy yilda dunyodagi yirik mamlakatlardan biri Indoneziya mamlakat poytaxtini Kalimantan orolida tiklangan yangi Nusantara deb nomlangan shaharga ko‘chiradi.

Indoneziya mamlakat poytaxtini ko‘chirish haqida 2019 yilda e’lon qilgan va o‘shanda joy tanlanib, qurilish ishlari 2020 yilda boshlanishi e’lon qilingandi. Ammo koronavirus pandemiyasi rejalarni o‘zgartirib yubordi va qurilish ishlari aytilgan muddatdan ancha kechikib boshlandi.

Yangi poytaxt 2024 yilda qurib bitkazilishi va unga 30 mlrd dollardan oshiqroq mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgandi.

Indoneziya rahbariyati poytaxt Jakarta ekologik va iqtisodiy muammolarga uchrayotgani sababli poytaxtni boshqa joyga ko‘chirishga qaror qilgan. Hozirda shaharning bir qismi har yili 10 santimetrga cho‘kib bormoqda va toshqinlar yuz berishi xavfi mavjud.

Poytaxtlar turli sabablar bilan ko‘chirilgan. Ba’zilari iqtisodiy yoki siyosiy sabablar bilan, boshqalari ekologiya tufayli ko‘chirilgan.

Quyida poytaxtini ko‘chirgan davlatlarning ayrimlari bilan tanishamiz. Ularning ba’zilari o‘z poytaxtini o‘rta asrlardayoq ko‘chirgan bo‘lsa, ayrimlari bundan bir necha yil oldin ko‘chirgan.

AQSh

Okean ortidagi bu davlat paydo bo‘lgandan so‘ng bir nechta shahar unga poytaxtlik qilgan. Jumladan, AQSh ilk tashkil etilganda uning poytaxti Filadelfiya edi.

So‘ng Baltimor, Lankaster, Nyu-York shaharlari ham turli yillarda Qo‘shma Shtatlar poytaxti bo‘lgan.

1880 yilda poytaxt Filadelfiyadan Kolumbiya okrugi markazi bo‘lgan Vashington shahriga ko‘chirilgan. O‘shandan buyon AQSh poytaxti o‘zgarmay kelyapti.

Rossiya

Bu davlatning poytaxti 1712 yilgacha Moskva shahri bo‘lgan. 18-asrning boshlarida Boltiq dengizi bo‘yida Petr I tomonidan Sankt-Peterburg shahri quriladi va 1712 yilda poytaxt shu shaharga ko‘chiriladi.

O‘shanda poytaxtni ko‘chirishdan asosiy maqsad Boltiq dengizi orqali Yevropa davlatlariga oson chiqish va Shvetsiya hamda Polshadan bo‘layotgan xavfni kamaytirish bo‘lgan.

1917 yilda sodir bo‘lgan oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Rossiyada fuqarolar urushi boshlanib ketadi. Ana shunday taloto‘p zamonlarda, 1922 yilda poytaxt yana Moskvaga ko‘chiriladi. O‘shandan buyon bu shahar Rossiyaning poytaxti bo‘lib kelyapti.

Pokiston

1949 yilda Pokiston inglizlardan mustaqil bo‘lganda Karachi shahri uning poytaxti bo‘ladi. 1958 yilda poytaxt Panjob viloyatida joylashgan Ravalpindi shahriga ko‘chiriladi.

1962 yilda Ravalpindi yaqinida poytaxt uchun alohida shahar qurilishi boshlanadi. Shahar bitgach unga Islomobod deb nom beriladi. O‘shandan buyon Islomobod Pokiston poytaxti bo‘lib kelmoqda.

Braziliya

Janubiy Amerikadagi bu davlatning poytaxti 1960 yilgacha Rio-de-Janeyro bo‘lgan. Shu yili poytaxt mamlakat ichkarirog‘ida qurilgan Brazilia shahriga ko‘chirilgan.

Braziliyada poytaxtni ko‘chirishga ehtiyoj bor edi. Chunki Rio-de-Janeyro Atlantika okeani bo‘yida joylashgandi. Hukumat mamlakatning markaziy va g‘arbiy hududlarini rivojlantirish maqsadida poytaxtni ancha ichkariga ko‘chirishga qaror qiladi.

Bundan tashqari, Rio-de-Janeyro poytaxt bo‘lgan davrlarda mamlakatning yana bir yirik shahri San-Paulu shahri ham poytaxtlikka da’vogarlik qilardi. Hukumat poytaxtni boshqa joyga ko‘chirib shu muammoni ham hal qiladi va shundan so‘ng ikki shahar o‘rtasidagi raqobat to‘xtaydi.

Germaniya

Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Germaniya ikkiga bo‘linadi va uning poytaxti bo‘lgan Berlin sovetlar ta’sir doirasidagi GDR hududiga o‘tib qoladi.

Shundan so‘ng shahar ham ikkiga bo‘linadi. Uning “G‘arbiy Berlin” deb atalgan qismi GFRga, qolgani GDRga beriladi.

GDR shaharning o‘ziga tegishli qismini mamlakat poytaxti deb e’lon qiladi. GFR esa o‘ziga poytaxt sifatida Bonn shahrini tanlaydi. 1989 yilda Germaniya birlashgach GFR poytaxti Bonndan Berlinga ko‘chiriladi.

Nigeriya

Nigeriya Afrikadagi aholisi eng ko‘p davlat hisoblanadi. Bu davlatning poytaxti 1991 yilgacha Lagos bo‘lgan. Shu yili poytaxt Abuja shahriga ko‘chirilgan.

Bunga Lagos shahrining juda ham kattalashib ketgani va shaharda ekologik vaziyat og‘irlashgani sabab bo‘lgan. Bundan tashqari shaharda diniy va etnik mojarolar ham sodir bo‘lib turardi.

Poytaxtni Lagosdan Abujaga ko‘chirish haqidagi qaror 1976 yilda qabul qilingan va o‘sha paytda Abuja kichik shaharcha edi.

Yangi poytaxt loyihasini yaponiyalik me’mor chizgan va qurilish ishlari 1980 yilda boshlangan. Turli ma’muriy idoralarni yangi poytaxtga ko‘chirish 1986 yilda boshlangan va jarayon 1991 yilda tugatilgan.

Poytaxt ko‘chirilgandan so‘ng Abuja tez rivojlanib kengaya boshlaydi. Hozir bu shaharda qariyb 1,5 mln aholi yashaydi.

Tanzaniya

1996 yilgacha Tanzaniya poytaxti Dorus-Salom shahri bo‘lgan. Bu davlatda ham vaziyat Braziliyadagi kabi edi. Dorus-Salom Hind okeani qirg‘og‘ida joylashgan, mamlakat ichkarisi esa qoloq edi.

Ana shunday vaziyatda 1993 yilda hukumat mamlakatning markaziy va g‘arbiy hududlarini rivojlantirish maqsadida poytaxtni Dodoma shahriga ko‘chirishga qaror qiladi.

1996 yilda poytaxt ko‘chiriladi. Biroq ayrim xorijiy davlatlarning elchixonalari hanuzgacha Dorus-Salom shahrida saqlanib qolyapti. Shaharda hozir 2 mln kishidan oshiq odam yashayapti.

Myanma

Bu davlat poytaxti uzoq yillar mobaynida Yangon (Rangun) shahri bo‘lib kelgan. 2005 yilda poytaxt Neypido shahriga ko‘chiriladi. Poytaxtning nega ko‘chirilgani sabablari aniq emas.

Myanmada odamlar bashoratchilarga juda ishonadi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra mamlakat hukumati ham bashoratchilar ta’siriga tushib poytaxtni ko‘chirgan.

Myanmada ham poytaxtning ko‘chirilishiga Rangunda aholi sonining ortib ketgani sabab bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Biroq bu haqda aniq ma’lumotlar yo‘q.

Hozirgi kunda Rangunda 7 million, Neypidoda esa 1 milliondan oshiq odam yashaydi.

Misr

2016 yil 27 aprel kuni Misr prezidenti Abdulfattoh Sisi Misrning yangi poytaxti, Yangi Qohira shahrida barpo etilgan IIV binosini ochib beradi. Shu tariqa, Misr poytaxtini Qohiradan Yangi Qohiraga ko‘chirish boshlangani e’lon qilindi.

Dunyodagi mashhur shaharlardan biri bo‘lgan Qohira ming yillardan buyon Misrga poytaxtlik qilib keldi. 20-asrga kelib shahar yanada kengaydi, aholisi ko‘paydi. Shundan so‘ng Qohirada oqava suvlar va chiqindilar bilan bog‘liq muammolar bo‘y ko‘rsata boshladi.

Bugungi kunda Qohirada shahar atrofi bilan qo‘shib hisoblaganda 15 milliondan oshiq aholi yashaydi va u chiqindilar bilan to‘lib toshgan.

Ana shunday holatda 2000 yilda Misr hukumati yangi shahar qurish va mamlakat roytaxtini unga ko‘chirish bo‘yicha qaror qabul qiladi. Yangi shahar uchun Qohiradan 45 kilometr uzoqlikda, dengiz sathidan 250-300 metr yuqorida bo‘lgan 30 ming gektar yer ajratiladi.

Shundan so‘ng bosh loyiha qabul qilinib, unga ko‘ra qurilish ishlari boshlab yuboriladi. Yangi poytaxt kelajakda 5 million aholi yashashiga mo‘ljal qilib qurilgan.

Qozog‘iston

Poytaxtini ko‘chirganlar orasida qo‘shni Qozog‘iston ham bor. 1991 yil 16 dekabr kuni Qozog‘iston o‘z mustaqilligini e’lon qilganda uning poytaxti Olmaota shahri edi. 1997 yilda poytaxt Oqmo‘la (sobiq Tselinograd) shahriga ko‘chiriladi.

1998 yilda shahar nomi Ostona, 2019 yil 23 mart kuni Nur-Sulton deb o‘zgartiriladi. 2022 yil 17 sentabr kuni Qozog‘iston poytaxtiga Ostona nomi qaytariladi.

Qozog‘iston mustaqil bo‘lgach hududlarni rivojlantirishda aynan poytaxt ko‘chirilishi ham katta rol o‘ynadi. Olmaota mamlakatning janubiy-sharqiy qismida, Qirg‘iziston bilan chegaraga yaqin joyda joylashgandi.

Olmaota va boshqa yirik shaharlar orasidagi masofa juda uzoq edi. Poytaxt Ostonaga ko‘chgach o‘nga yaqin shaharlar bilan uning orasidagi masofa qisqardi.

Ostona poytaxt bo‘lishidan avval bu yerda 300 ming atrofida aholi bo‘lgan. Poytaxt bo‘lgach shahar keskin rivojlandi va aholi soni million nafardan oshdi.

Aynan poytaxt ko‘chirilishi bilan Qozog‘iston bir tarafdan hududlarni rivojlantirdi. Boshqa tomondan bu ish Olmaotani aholi soni keskin oshib ketishidan va shaharda turli muammolar kelib chiqishidan asrab qoldi.

Agar oktyabr to‘ntarishidan keyingi qozoqlar respublikasi tarixiga qaralsa ilk tuzilgan Alash-O‘rda muxtoriyatining poytaxti Semipalatinsk (Alash-qal’a) shahri bo‘lgan.

1919 yil 10 iyul kuni RSFSR tarkibida tashkil etilgan Qirg‘iz o‘lkasi (sovetlar Qozog‘istonni boshda shunday deb nomlashgan) poytaxti etib Orenburg shahri (Bu shahar o‘sha paytda qozoqlar respublikasi tarkibida bo‘lgan) tanlanadi.

1925 yil 17 iyul kuni poytaxt Oq Machit shahriga ko‘chiriladi. Oradan bir hafta o‘tgach shahar nomi Qizil O‘rda deb o‘zgartiriladi.

1927 yil 3 aprel kuni bu paytga kelib nomi Qirg‘iz ASSRdan Qozog‘iston ASSRga o‘zgartirilgan respublika poytaxti Olmaota shahriga ko‘chiriladi.

Avstraliya

Yevropaliklar Avstraliyaga ko‘chib borgach qit’aning janubiy-sharqiy qismida ikkita yirik shahar – Sidney va Melburn shakllanadi. Avstraliya mustaqil bo‘lgach har ikki shahar poytaxt bo‘lish uchun raqobatga kirishadi.

Ana shunday vaziyatda mamlakat hukumati poytaxt uchun alohida shahar qurishga qaror qiladi. Shunda Melburn shahar ma’muriyati talabi bilan yangi poytaxt Sidneydan kamiga 160 km uzoqroqda bo‘lishi belgilanadi.

1908 yilda Sidneydan 250, Melburndan 450 km uzoqlikda, ular o‘rtasidagi hududda poytaxt tiklash haqida qaror qabul qilinadi. 1913 yilda amerikalik arxitektorlar loyihasi asosida qurilish ishlari boshlanadi.

Poytaxt Kanberra deb nomlanadi va u 1913 yildan buyon Avstraliyaga poytaxt hisoblanadi. Hozirgi kunda Kanberra-Kuinbian aglomeratsiyasida yarim million aholi yashaydi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid