Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Samarqanddan Toshkentga: 95 yil oldin O‘zbekiston poytaxti nega ko‘chirilgan edi?
So‘nggi paytlarda Eron va Qirg‘iziston siyosatchilari poytaxtni ko‘chirish zarurati haqida gapirishyapti. Bunday holatni O‘zbekiston ham o‘z boshidan o‘tkazgan. Xo‘sh, bundan 95 yil oldin nima uchun respublika poytaxti Samarqanddan ko‘chirilgan va nega aynan Toshkent tanlangan edi?
Davlatlarning poytaxti o‘zgarishi – jahon tajribasida ahyon-ayohda ro‘y berib turadigan holat. Sabablar esa turlicha bo‘ladi. Masalan, bir necha kun oldin Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Tehrondagi suv yetishmovchiligi va yer cho‘kishi sababli poytaxtni Fors ko‘rfazi tomonga – Dubayning qarshisiga ko‘chirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. So‘nggi haftalarda qo‘shni Qirg‘izistonda ham siyosatchilar turli sabablar bilan poytaxtni Bishkekdan Manas shahriga ko‘chirish haqida gapira boshladi.
Mamlakat ma’muriy markazini ko‘chirish tajribasi O‘zbekistonda ham bor. Bundan 95 yil oldin respublikaning siyosiy va ma’muriy markazi kutilmaganda Samarqanddan Toshkentga ko‘chirilgan edi. Xo‘sh, nima uchun bunday qarorga kelingan va poytaxt sifatida nega aynan Toshkent tanlangan? Bugun shu haqda gaplashamiz.
Markaziy Osiyoning bo‘lib yuborilishi
SSSR deb atalgan kommunistik davlat tashkil topgach, Markaziy Osiyo xalqlarini bo‘lib tashlash boshlanadi. Asosiy maqsad – sun’iy chegaralar orqali mintaqa davlatlari o‘rtasida keskinlik paydo qilish edi. O‘sha paytda millat yetakchilari sifatida maydonga chiqqan jadidlar bu hududda umumiy Turkiston yaratish g‘oyasini ilgari surgan bo‘lsalar-da, bu amalga oshmay qoldi. 1924 yil sentabr-oktyabr oylarida o‘tkazilgan milliy-hududiy chegaralanish natijasida O‘rta Osiyo hududidagi Turkiston ASSR, Buxoro va Xorazm respublikalari o‘rnida oltita milliy davlat birlashmalari tashkil etildi.
Shu tariqa, 1924 yil 27 oktyabr kuni O‘zbekiston SSR tuzildi va uning tarkibiga yettita viloyat: Samarqand, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Toshkent va Tojikiston avtonom respublika sifatida kiritiladi. 1929 yilda Tojikiston alohida ittifoqdosh davlat sifatida O‘zbekistondan ajralib chiqadi. Keyinchalik 1936 yilda Qoraqalpog‘iston O‘zSSR tarkibiga qo‘shiladi va xaritada bugungi O‘zbekistonning shakli yuzaga keladi.
5 yilda 3 ta poytaxt
O‘zbekiston SSR tashkil topgan paytda juda qisqa muddat – 1925 yil fevral-aprel oylarida Buxoro shahri respublika poytaxti bo‘lgan. O‘sha yil aprelida bu maqom Samarqand shahriga o‘tkazilgan. Darhaqiqat, Samarqand tarixan ham poytaxtlik shon-shuhratiga ega edi. Qolaversa, 1929 yilgacha Tojikiston avtonom respublika sifatida O‘zbekiston tarkibida, Qoraqalpog‘iston esa 1930 yilgacha Qozog‘iston tarkibida bo‘lganini inobatga olsak, Samarqand geografik jihatdan O‘zbekistonning qoq markazida joylashgan edi.
Ammo vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgarib borgan. 1930 yil 17 avgust kuni poytaxtni Samarqanddan Toshkentga ko‘chirish haqidagi qaror qabul qilinadi. Ayrim manbalarda boshkentni o‘zgartirish masalasi O‘zbekiston SSR hukumatining o‘sha paytdagi raisi Fayzulla Xo‘jayev tomonidan bir kunda hal qilingani haqidagi ma’lumotlar uchraydi. Bu esa mazkur qaror ortida siyosiy sabablar ham bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Nega aynan Toshkent?
O‘zbekiston SSR tuzilguniga qadar Toshkent Turkiston general-gubernatorligining poytaxti bo‘lgan. Shu sababli shaharda Sovet Ittifoqi kommunistik partiyasining markaziy qo‘mitasi, O‘rta Osiyo iqtisodiy kengashi, Turkiston fronti, O‘rta Osiyo harbiy okrugi kabi tashkilotlar joylashtirilgandi. Bundan tashqari, boshqa qator omillar poytaxt ko‘chilishiga ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin.
Iqtisodiy omillar. 1920 yillar oxiriga kelib Toshkent iqtisodiy rivojlanish darajasi bo‘yicha Samarqandni sezilarli darajada ortda qoldira boshlaydi. Rossiya imperiyasi davrida Toshkent Turkiston general-gubernatorligining poytaxti sifatida infratuzilma yutuqlariga erishgan: shaharda temiryo‘l va elektr stansiyalari, sanoat korxonalari va zamonaviy aloqa tarmoqlari tashkil etiladi. 1930 yillarda Sovet Ittifoqining birinchi besh yillik rejasi doirasida Toshkent atrofida yangi sanoat obektlari ham qurilishi rejalashtirilgandi. Bu shaharning iqtisodiy salohiyati va kadrlar bazasi Samarqandga nisbatan ancha ustun bo‘lishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, poytaxtning ko‘chirilishida transport va kommunikatsiya infratuzilmasining roli ham katta bo‘ladi. Toshkent XX asr boshlarida Markaziy Osiyoni Rossiya va Sibir bilan bog‘lovchi asosiy temiryo‘l tuguni sifatida shakllanadi. 1906 yilda ishga tushgan Orenburg–Toshkent temiryo‘li shaharni Rossiya imperiyasi hamda Markaziy Osiyo ichkarisidagi hududlar bilan bog‘laydi. Ayniqsa, 1926-1931 yillarda qurilgan Turkiston–Sibir temiryo‘li Toshkentning transport-geografik ahamiyatini yanada oshirdi. Bu yangi temiryo‘l shimoldan Novosibirsk orqali yuklarni Toshkentga va janubiy yo‘nalishda Farg‘ona vodiysiga tez yetkazishga imkon yaratardi. Natijada Toshkent nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo uchun yirik transport chorrahasiga aylanadi.
Siyosiy omillar. Poytaxtni Toshkentga ko‘chirish ortida hududiy da’volar bilan bog‘liq yashirin siyosiy omillar ham bo‘lgani aytiladi. Manbalarga ko‘ra, milliy-hududiy chegaralanish o‘tkazilganidan keyin qozoq hukumati Toshkentni o‘z poytaxtiga aylantirishga qaror qilgan va bu haqda Stalinga maktub yozgan. Bundan xabar topgan O‘zbekiston hukumati respublika markazini shoshilinch ravishda Toshkentga ko‘chiradi. Shu yo‘l bilan Toshkentning Qozog‘iston tarkibiga o‘tishi masalasi kun tartibidan butunlay olib tashlangan.
Ayrim tarixchilar sovet hukumati Toshkentni Qozog‘istonga berish takliflariga boshidanoq qarshi chiqqanini qayd etishadi. Stalin hatto “Toshkent – o‘zbeklarga, Olmaota – qozoqlarga” deya alohida ta’kidlagani ham aytiladi.
O‘zbekiston poytaxtini Samarqanddan Toshkentga ko‘chirish Moskvaning ham manfaatlariga javob berar edi. Shimoldagi markaziy hokimiyat o‘ziga bo‘ysunuvchi respublikalarning poytaxtlarini mamlakat o‘rtasida emas, balki chegaraga yaqin hududlarga joylashtirishga intilgan. Shu orqali agar respublikalar Sovet Ittifoqi tarkibidan ajralib chiqishni istasa, shu zahoti chegara yaqinida joylashgan markazni qiyinchiliksiz egallash maqsad qilingan. Xaritaga e’tibor berib qarasak ham, Toshkentning shimolda Qozog‘iston, sharqda Qirg‘iziston, janubda Tojikiston bilan chegaradosh hududda joylashganini ko‘rish mumkin.
Bir paytlar Turkiya poytaxtini Istanbuldan Anqaraga ko‘chirgan Mustafo Kamol o‘z qarorini izohlar ekan, shunday degandi: “Poytaxt chegarada joylashishi – yurakning kichik barmoqda bo‘lishi bilan barobar”.
Umuman olganda, o‘sha paytda Toshkent atrofidagi qishloqlarda qozoqlar ham yashagan, ammo shahar tili, madaniyati va umumiy hayot tarzi jihatidan haqiqiy o‘zbek shahri bo‘lgan. Bu Moskvadagilar ham inkor eta olmaydigan kuchli dalil edi. O‘z navbatida, Sirdaryo viloyatining bir qismi, xususan, hozirgi Turkiston va Chimkent shaharlari atrofidagi yerlar Qozog‘istonga berilgan.
Paxta va sanoat hududlariga yaqinlik. Rasmiy hujjatlarda poytaxtni ko‘chirish sababi sifatida boshqaruvni optimallashtirish, xususan, asosiy qishloq xo‘jaligi va sanoat hududlariga yaqin bo‘lish zarurati ko‘rsatib o‘tilgan. U paytlarda transport va kommunikatsiya aloqalari hozirgidek tezkor bo‘lmaganini inobatga olsak, bu omil ham ancha mantiqli ko‘rinadi.
Darhaqiqat, Toshkentning geografik joylashuvi poytaxtni O‘zbekistonning eng yirik paxtachilik markazi – Farg‘ona vodiysiga ancha yaqinlashtirardi. XX asrning 20-30-yillarida O‘zbekiston iqtisodiyotida paxta yetishtirish ustuvor tarmoq bo‘lib, Farg‘ona vodiysi bu yo‘nalishda asosiy hudud bo‘lgan. Vodiyning Andijon, Namangan, Qo‘qon kabi shaharlarida yengil sanoat rivojlanib borayotgan edi. Samarqanddan farqli o‘laroq, Toshkentdan Farg‘ona vodiysiga bir nechta yo‘nalishda to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l va avtomobil yo‘llari bor edi, bu esa sovetlar uchun ushbu hududni boshqarishni yengillashtirardi. Markaziy Ijroiya qo‘mitasining 1930 yilgi qarorida aynan “asosiy paxta yetishtiruvchi va sanoat hududi – Farg‘ona vodiysiga yaqin joylashuv” omili eng asosiy dalil sifatida qayd etilgani ham bejiz emas.
Xavfsizlik. XX asrning 20-yillarida O‘zbekistonning turli hududlarida, xususan, Samarqand va Buxoro atrofidagi tog‘li tumanlar va Farg‘ona vodiysida sovet rejimiga qarshi milliy ozodlik harakati davom etayotgandi. Toshkent shahri geografik jihatdan bu hududlardan olisroq va sovetlar uchun xavfsizroq edi. Toshkentda qizil armiya harbiy okrugi shtabi joylashgan bo‘lib, atrof viloyatlarni nazorat qilish, milliy ozodlik harakatlarini bostirish uchun qulay bo‘lgan. Shu sabab, poytaxtning Toshkentga ko‘chirilishida, ma’lum ma’noda, siyosiy barqarorlikni ta’minlash va kuch tuzilmalarining markazga yaqin turishi ham inobatga olingan.
Mavzuga oid
08:41
Toshkentda 115-sonli avtobus yo‘nalishi yangilandi
12:00 / 04.12.2025
Samarqanddan Urgutga poyezd harakatlanmoqda - bu iqtisodiyotga qanday ta’sir qiladi?
09:34 / 04.12.2025
Toshkentda yo‘llarni ifloslagan yuk mashinalari bo‘yicha reydlar kuchaytirildi
18:21 / 03.12.2025