O‘zbekiston | 11:47 / 07.07.2023
22218
4 daqiqa o‘qiladi

«Tibbiyotda «superkontrakt»ni olib tashlash bo‘yicha hukumatga taklif kiritganmiz» - vazir

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tibbiyot yo‘nalishida «superkontrakt» to‘lab o‘qish masalasida ijobiy fikrda emasligini aytdi. Vazir, shuningdek, tibbiyot yo‘nalishida sirtqi ta’lim ochish rejada yo‘qligini ma’lum qildi.

Foto: Gazeta.uz

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov imtihonda yetarli ball to‘play olmagan abituriyentlarning tibbiyot oliygohlariga «superkontrakt» asosida o‘qishga qabul qilishini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi. Uning Gazeta.uz nashriga bergan intervyusida aytishicha, bu masalada hukumatga taklif kiritilgan.

«„Superkontrakt“ masalasida, albatta, fikrim ijobiy emas. Tibbiyotda o‘qish osonmas. Mana, hozir nima uchun tibbiy ta’limni to‘liq transformatsiya qilyapmiz? [Tibbiyot yo‘nalishidagi talaba] endi ikki bosqichda imtihon topshiradi. Uchinchi kurs tugaganidan keyin fundamental fanlar bo‘yicha birinchi imtihonni topshiradi. Ushbu imtihonni o‘sha oliy ta’lim muassasasi o‘qituvchilari emas, umuman boshqa tashkilot [vakillari] oladi. Fundamental fanlar imtihonidan o‘tgan talaba 4−5−6-kurslarda klinik fanlar bo‘yicha o‘qitiladi va keyin ikkinchi marta imtihon topshiradi. Talabaning ham fundamental, ham klinik fanlarni to‘liq xalqaro darajada egallaganidan keyin ishlashiga ruxsat beriladi», – dedi SSV rahbari.

Vazir jurnalistning «tibbiyot sohasida „superkontrakt“ butunlay yo‘qolishi mumkinmi?» degan savoliga quyidagicha javob berdi: «Albatta, buni hukumat belgilab beradi. Biz hukumatga taklifimizni kiritganmiz».

Bu taklif tibbiyot sohasida «superkontrakt»ni yo‘qotish bo‘yichami, degan aniqlashtiruvchi savolga Inoyatov «ha, shunaqa» deb javob berdi.

U, shuningdek, «superkontrakt» yo‘qoladimi-yo‘qmi, asosiy e’tiborni OTMlarda ta’lim berish va talabalarning bilimini tekshirishga qaratish kerakligini ta’kidladi.

«Gap [talabaning] o‘qishida va bizning filtrimizda. Xohlagan talaba ["superkontrakt"] kirishi mumkin, butun dunyoda tendensiya shunaqa. Bilimi bo‘lsa, malakasi bo‘lsa, kirishi mumkin: u «superkontrakt»ga kiradimi, o‘z bilimi bilan kiradimi… Eng asosiysi, biz filtrni xalqaro talablar darajasida qilib qo‘ysak, o‘zi hamma [talaba] filtrlanadi», – dedi Amrillo Inoyatov.

Bundan tashqari, vazir O‘zbekistonda tibbiyot yo‘nalishida sirtqi ta’limni ochish rejada yo‘qligini aytdi.

«Tibbiyot yo‘nalishida sirtqi ta’lim dunyoda yo‘q. Tibbiyotda sirtqi degan termin bo‘lishi mumkin emas. [O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida tibbiyot yo‘nalishida] sirtqi ta’lim ochilishi rejada yo‘q», – dedi u.

Ma’lumot uchun, tibbiy ta’limdan «superkontrakt»ni olib tashlash taklifi tibbiyot faollari tomonidan bir necha bor o‘rtaga tashlangan. Bu mavzuda Kun.uz ham bir necha marta shifokorlar bilan suhbat o‘tkazgan.

Mavzuga oid