5 may kuni AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya kabi davlatlarda shifokorlik qilayotgan o‘zbeklar bilan sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Shifokorlar O‘zbekistonda tibbiyot sohasini oyoqqa turg‘izish uchun o‘z tajribasidan kelib chiqib takliflarini o‘rtaga tashladi. Kun.uz mutaxassislar taklifini bir joyda jamladi.

Umidjon Madaliyev, Britaniya qirollik qoshidagi - RCGP Umumiy amaliyot shifokorlari uyushmasi a’zosi; Angliyada South Coast Medical Group (SCMG) kompaniyasining bosh partner shifokori bo‘lib ishlaydi. Southampton tibbiyot universiteti talabalariga dars o‘tadi.

 — O‘zbekistondagi katta muammolardan biri — til masalasi. Tibbiyot yo‘nalishidagi talablariga tezroq ingliz tilida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish kerak. Shifokorlar qancha tez ingliz tilini o‘rgansa, shunchalik tez yangi ma’lumotlarga ega bo‘ladi. Biz to rossiyaliklar ma’lumotlarni tarjima qilmaguncha kutishga o‘rganib qolganmiz. Bunda ancha vaqt ketib qoladi.

Ikkinchi masala — o‘qitish tizimimiz ancha eskirib qolgan. Masalan, hindlar ingliz tilini bilishi va Angliya ta’lim tizimi andozasida ta’lim tashkil etgani hisobiga ancha oldinda. Yevropada oilaviy shifokor bo‘lish uchun 3 yil tayyorgarlikdan o‘tish kerak, bizda esa 6 oy.

Til, ta’lim tizimidan tashqari birinchi qiladigan ish soha qaysi yo‘nalishdan ketishini, aniq tizimni belgilab olish kerak. Har bir davlatning o‘z tizimi bor. Xalqqa yordam berish uchun tezroq birlamchi tizimni joriy qilib olishimiz kerak. Bizda profilaktika bilan deyarli shug‘ullanilmaydi. Masalan, eng ko‘p o‘limga sabab bo‘ladigan holatlardan biri — qon bosimi ko‘tarilishi. 50 yoshdan oshgan kishilarning qon bosimini doimiy tekshirib turish kabi narsalar yo‘lga qo‘yilmagan. Oddiygina mana shu qon bosimini nazorat qilish ham katta ijobiy ta’sir qiladi. Shuning uchun ham birlamchi tizimni yangilash kerak.

Laziz Mardonov, AQShda ishlayotgan shifokor:

Amerika va Kanadada tibbiy kadrlar yetishmovchiligi boshlangan. O‘zbekiston shu bozorni o‘rganib, kadrlarini yuborish yo‘llarini o‘ylab ko‘rishi kerak. Bu degani hamma tibbiyot kadrlari Kanada yoki AQShga ketib qoladi degani emas. Ularga yo‘l ochilganda ham, hammasi yoppasiga kelib O‘zbekiston shifokorsiz qolib ketmaydi. 100 nafardan 2 nafari ketgan taqdirda ham keyinchalik tajribasi bilan O‘zbekistonga o‘z hissasini qo‘shadi. Masalan, o‘zbeklar Rossiya yoki AQShga faqat qora ishchi bo‘lib emas, shifokor bo‘lib kela oladi. Ya’ni aqlli immigratsiyani tashkil qila olasizlar.