Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bir qator import dorilarga boj joriy etilmoqda
Ular orasida antibiotiklar, og‘riq qoldiruvchi, yallig‘lanish hamda virusga qarshi, gormonal va boshqa preparatlar bor.
Foto: Kun.uz
O‘zbekistonda 1 apreldan e’tiboran ayrim turdagi dori-darmonlarni import qilishda bojxona bojlari joriy etilmoqda. Bu prezidentning 28 yanvardagi farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmonida nazarda tutilgan.
Hujjat bilan 2018 yil 29 iyundagi import tovarlar uchun bojxona bojlari belgilangan qarorga o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
3004 (tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasi bo‘yicha kodi) pozitsiyadagi tovarlar uchun boj stavkasi 0 foiz darajasida bo‘lgan bo‘lsa, endi unga 2 foiz miqdorida boj joriy etiladi.
Ushbu toifaga terapevtik yoki profilaktik maqsadlarda foydalanish uchun aralash yoki aralashmagan mahsulotlardan tashkil topgan, dozalangan dori shakli shaklida qadoqlangan (shu jumladan transdermal tizimlar shaklidagi dori vositalari) yoki chakana savdo uchun shakl yoki qadoqlangan dori vositalari (3002, 3005 yoki 3006 tovar pozitsiyalari tovarlaridan tashqari) kiradi.
Tovarlarni tavsiflash va kodlashning uyg‘unlashtirilgan tizimiga (HS Code) ko‘ra, 3004 kodiga kiruvchi preparatlarga quyidagilar misol bo‘ladi:
- tayyor shakldagi antibiotiklar;
- og‘riq qoldiruvchi va yallig‘lanishga qarshi dorilar;
- virusga qarshi preparatlar;
- gormonal dori vositalari;
- kardiologik preparatlar;
- qandli diabetga qarshi dorilar;
- antigistamin preparatlar;
- o‘smaga qarshi vositalar;
- dori vositasi maqomiga ega vitaminlar va biologik faol qo‘shimchalar.
3004 kodiga kirmaydigan preparatlar:
- zardob, vaksinalar va qon preparatlari (3002);
- dori plastirlari va bog‘lov materiallari (3005);
- kontrast moddalar va diagnostik reaktivlar (3006).
3004 kodi yakuniy iste’molchiga mo‘ljallangan dori vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazishda qo‘llaniladi (3003 kodi ostida yuritiladigan farmatsevtik substansiyalardan farqli o‘laroq).
Mavzuga oid
09:21 / 04.12.2025
Ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini bojsiz olib chiqish me’yorlari e’lon qilindi
14:34 / 01.12.2025
Toshkentda 800 dan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy saqlagan fuqaro ushlandi
14:45 / 28.11.2025
Farg‘onada 1,5 mlrd so‘mlik hujjatsiz dori savdosi fosh etildi
15:08 / 27.11.2025