Jahon | 17:07 / 12.02.2026
12017
14 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Konstitutsiyani yangilashmoqchi. Bu To‘qayevning hokimiyatini mustahkamlashi mumkin

Qozog‘istonda 15 mart kuni yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkaziladi. Nimalar o‘zgarishi mumkin?

Artem Geodakyan / TASS / Profimedia

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 11 fevral kuni kechqurun Konstitutsiyaviy komissiya ishi yakunlari bo‘yicha hisobotni tinglagach hamda tuzatishlarning yakuniy versiyasini olgach, 15 mart kuni Konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonini imzoladi.

Farmonga ko‘ra, referendumda «Siz Qozog‘iston Respublikasining loyihasi 2026 yil 12 fevralda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan yangi Konstitutsiyasini qabul qilasizmi?» degan savol qo‘yiladi.

31 yanvar kuni Qozog‘istonda yangi Konstitutsiya loyihasi taqdim etilgandi. U Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev dastlab parlament islohotlari deb ta’riflagan islohot natijasi bo‘ldi. 2025 yil sentabr oyida u parlamentni ikki palatalidan bir palataliga o‘zgartirishni taklif qilgan va buning uchun Konstitutsiyaning 40 ga yaqin moddasini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelishi haqida ogohlantirgandi.

Biroq, ish jarayonida ko‘proq moddalarga tuzatishlar kiritish talab etilishi ma’lum bo‘ldi. «Bilasizki, 2022 yilgi islohot Konstitutsiyaning 33 ta moddasini yangilagan. Endigi o‘zgarishlar esa yanada kengroq. Biz yangi Konstitutsiyani qabul qilish yo‘lida qadam tashlash arafasidamiz», dedi To‘qayev 2026 yil 20 yanvardagi chiqishida. Keyingi kuni esa maxsus konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Ushbu komissiya atigi 10 kun ichida asosiy qonunning yangi tahriri loyihasini tayyorladi.

Bu loyihaga ko‘ra Konstitutsiyaning 80 foizdan ortiq qismini qaytadan yozib chiqish nazarda tutilgan – tuzatishlar 77 ta moddani qamrab oladi.

To‘qayev 10 fevral kuni ushbu tuzatishlar qabul qilinishi «Qozog‘iston taraqqiyotiga kuchli turtki bo‘lishi va har bir fuqaroning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga yordam berishi»ni ta’kidlagandi.

«Yangi Konstitutsiya loyihasiga kiritilgan normalar Qozog‘iston siyosiy tizimining „kuchli prezident – nufuzli parlament – hisobdor hukumat“ konsepsiyasi asosidagi rivojlanish izchilligi va mantig‘ini mustahkamlaydi. So‘nggi yillardagi siyosiy islohotlarga yaxlit nazar tashlash orqali Qozog‘iston superprezidentlik boshqaruv shaklidan uzil-kesil voz kechib, nufuzli, ta’sirchan parlamentga ega prezidentlik respublikasiga o‘tayotganiga ishonch hosil qilish mumkin», – degandi u.

Shunga qaramay, huquqshunoslar va huquq faollari ta’kidlashicha, yangi Konstitutsiya loyihasi, aksincha, prezident vakolatlarini kengaytirib, davlat hokimiyatining boshqa organlarini zaiflashtiradi. Bundan tashqari, tuzatishlar Qozog‘istonning milliy manfaatlarini himoya qilish bahonasida fuqarolar ustidan nazoratni kuchaytirishi mumkin.

Asosiy o‘zgarishlar quyidagilar:

  • Qozog‘istonda ikki palatali parlament o‘rniga bir palatali Qurultoy paydo bo‘ladi. Bunda deputatlar soni hozirgi 148 nafardan 145 nafarga qisqartiriladi. Deputatlarning bir qismini saylash emas, balki tayinlash va vakil qilib yuborish imkonini beruvchi kvotalar bekor qilinadi.
  • Qozog‘istonda 1996 yilga qadar mavjud bo‘lgan vitse-prezident lavozimi qaytariladi. Bu lavozim egasini prezident Qurultoy bilan kelishgan holda tayinlaydi. Agar prezident muddatidan oldin vakolatlarini topshiradigan bo‘lsa, vitse-prezident vaqtincha uning vazifalarini bajarib turadi va ikki oy ichida yangi saylovlar o‘tkazishi kerak bo‘ladi.
  • Prezident tomonidan tayinlanadigan yuqori martabali mulozimlar ro‘yxati kamida ikki barobarga kengayadi. Agar Qurultoy tayinlovlarni ikki bor qaytaradigan bo‘lsa, prezident uni tarqatib yuborishi mumkin.
  • Yangi maslahat organi – Xalq maslahati kengashi tashkil etiladi. U yiliga kamida bir marta yig‘iladi, Qurultoyga qonun loyihalarini kiritish va referendumlar o‘tkazishni taklif qilish huquqiga ega bo‘ladi. Kengash a’zolarini prezident tayinlashi taxmin qilinmoqda.
  • So‘z erkinligiga cheklovlar paydo bo‘ladi. U «boshqa shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatiga, fuqarolarning sog‘lig‘i va jamiyat ma’naviyatiga tajovuz qilmasligi, jamoat tartibini buzmasligi» talab etiladi.
  • Qozog‘iston ratifikatsiya qilgan xalqaro shartnomalar avtomatik ravishda mamlakatning ichki qonunlaridan ustuvorligini yo‘qotadi.
  • Nikoh erkak va ayol ittifoqi maqomida mustahkamlanadi.

«Yanada avtoritar va superprezidentlik»

Qozog‘iston Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro byurosi (IHXB) va Huquqiy media markazi Qozog‘iston rasmiylariga taklif va tanqidlar bilan murojaat qildi.

IHKB bosh ekspert-maslahatchisi Yevgeniy Jovtisning BBC’ga aytishicha, yangi Konstitutsiya loyihasi, aksincha, ko‘proq «avtoritar va superprezidentlik» xususiyatiga ega.

«Hozir Konstitutsiyaviy sud raisini tayinlashda parlament roziligi kerak, prezident esa faqat nomzodlarni taqdim etadi. Yangi Konstitutsiya loyihasida bu va yana bir qator lavozimlar bo‘yicha parlament roziligini olish shart emas, ya’ni prezident tomonidan tayinlanadi. Parlament roziligi talab qilinadigan joylarda esa, masalan, bosh vazir yoki Konstitutsiyaviy sud sudyasi lavozimiga deputatlar ikki marta rozilik bermasa, prezident parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega bo‘ladi», – deya qayd etadi huquqshunos.

Bundan tashqari, tuzatishlar parlament tuzilmasini ikki palatadan bir palataliga o‘zgartiradi va deputatlarning vakolatlarini sezilarli darajada kamaytiradi. Shuningdek, parlament nomini Qurultoy deb o‘zgartirish taklif qilinmoqda.

Taklif etilayotgan islohotlarga ko‘ra, Qozog‘iston parlamenti bosh prokuror, Oliy sud raisi va inson huquqlari bo‘yicha vakildan daxlsizlikni olib tashlash huquqidan mahrum qilinadi. Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada parlament a’zolari respublika budjetini tasdiqlashi, unga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi qayd etilmagan.

«To‘g‘risini aytsam, bu Konstitutsiya loyihasiga savollar juda ko‘p. Menimcha, u [hozirgi tahrirdan] yomonroq. Siyosiy texnologiyalardan foydalanish orqali prezidentlik hokimiyatini kuchaytirishga, „qonun va tartib“ kabi turli mafkuralarni tiqishtirishga qaror qilindi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi shu hokimiyat tomonidan aynan shu hokimiyat uchun qabul qilinadi. Vaqt o‘tadi, Konstitutsiya yana o‘zgartiriladi. Bu ma’noda menda hech qanday shubha yo‘q», – deydi IHKB ekspert-maslahatchisi.

So‘z erkinligi zaiflashishi

Konstitutsiya komissiyasi rahbari Elvira Azimova 11 fevral kuni prezident bilan uchrashuvda yangi Konstitutsiya matni «fuqarolar va ekspertlar hamjamiyatining tashabbuskor takliflari» asosida tayyorlanganini aytdi.

Ammo avvalroq bir necha bor huquq faollari va huquqshunoslar o‘zlarini tuzatishlarni ishlab chiqish jarayoniga jalb etishni so‘rab murojaat qilishgan va mamlakatning asosiy qonuniga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni tanqid qilishgandi.

Xususan, Huquqiy media markazi Konstitutsiya loyihasidagi yangi 23-moddada ommaviy axborot vositalariga bosimni kuchaytirishi va so‘z erkinligini cheklashi mumkin bo‘lgan noaniq iboralar mavjudligini qayd etdi.

«Taklif etilayotgan o‘zgartirishlar amaldorlarni oshkora tanqid qilishni cheklash uchun qo‘llanishi mumkin, zamonaviy konstitutsiyaviy rivojlanish esa, aksincha, jamoatchilik manfaati tamoyilini va jamiyatning muhim ma’lumotlarni bilish huquqini mustahkamlashni talab qiladi», – deya ta’kidlaydi huquq himoyachilari.

Konstitutsiyaning xalqaro shartnomalardan ustunligi

Maxsus komissiyaning 3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida yangi tahrirdagi Konstitutsiya xalqaro shartnomalarga nisbatan oliy yuridik kuchga ega bo‘lishi aytildi.

«Xalqaro munosabatlarning o‘sib borayotgan turbulentligi sharoitida xalqaro majburiyatlarni qabul qilish va bajarish Qozog‘istonning suvereniteti va konstitutsiyaviy tuzumi asoslari nuqtayi nazaridan konstitutsiyaviy baholash bilan birga bo‘lishi kerak», - dedi parlament quyi palatasi deputati Murat Abenov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ijtimoiy kafolatlar faqat mamlakati qozog‘istonliklarga xuddi shunday ijtimoiy yordamni kafolatlagan xorijliklarga nisbatan qo‘llanadi.

Yevgeniy Jovtis BBC bilan suhbatda bu tufayli xalqaro huquq Qozog‘iston qonunchiligiga nisbatan ustuvor bo‘lmay qolishini aytadi.

Rus tili maqomi

Rossiyada boshqa bir norma – rus tilidan foydalanish masalasi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Qozog‘istonning amaldagi Konstitutsiyasida davlat tashkilotlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarida rus tili qozoq tili bilan «teng» qo‘llanishi belgilangan. 31 yanvar kuni e’lon qilingan loyihasida ta’rif o‘zgarishsiz qolgandi. Ammo 9 fevral kuni Konstitutsiyaviy sud raisi o‘rinbosari va konstitutsiyaviy komissiya a’zosi Baxit Nurmuxanov «tengma-teng» so‘zi «birgalikda» so‘zi bilan almashtirilishini e’lon qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror «terminologik va semantik bir xillik» uchun qabul qilingan. Tahrir haqidagi xabarni birinchilardan bo‘lib e’lon qilgan «Sputnik Kazaxstan» propagandachi nashri keyinroq aniqlik kiritib, Qozog‘istonda rus tilining maqomi o‘zgarmasligi haqida yozib chiqdi. Shunga qaramay, bu xabar Rossiyada federal va mintaqaviy ommaviy axborot vositalarida keng tarqaldi va hukumatparast spikerlarning tanqidlariga sabab bo‘ldi.

«Tenglik» va «birgalikda» so‘zlari o‘rtasida baribir katta farq bor», – dedi Davlat dumasi deputati Konstantin Zatulin. Deputat Viktor Vodolatskiy esa «endi qozog‘istonlik amaldorlar rus tilidan foydalanish yoki foydalanmaslikni tanlash imkoniga ega bo‘lishi»dan yozg‘irdi. Siyosatshunoslar Vladimir Yevseyev va Dmitriy Solonnikov «Qozog‘iston Rossiya bilan yaqinlikni unutib, AQSh oldida o‘zini ko‘rsatishga harakat qilmoqda», degan fikrni bildirishdi. Kremlparast ANNA News sayti yanada ilgarilab ketib, Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi «Bryussel va Vashingtonda yozilayotgani» haqida yozdi.

2021 yilgi aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘istonning 2,98 million aholisi o‘zlarini ruslar deb hisoblaydi, ulardan 2,85 millioni rus tilini ona tili deb biladi. Ruslar orasida 2,1 million kishi davlat (ya’ni qozoq) tilini bilmasligini ko‘rsatgan. Qozog‘istonda jami 20 millionga yaqin aholi yashaydi.

Huquqshunos Yevgeniy Jovtis tuzatishlar rus tilining maqomini o‘zgartirmasligi, faqat ta’rif o‘zgarishini ta’kidladi.

«„Teng“ yoki „birgalikda“ so‘zi qo‘llanganda, bu juda yumshoq ibora, ya’ni davlat organlarida rus tili qo‘llanishi kerak. Masalan, shaxs davlat muassasasiga rus tilida murojaat qilganda, u javobni rus tilida olish huquqiga ega. Bu yerda maqom nuqtayi nazaridan ko‘p narsa o‘zgarmadi. Ya’ni rus tili avval ham rasmiy til emasdi, endi ham rasmiy til emas», – deya tushuntirdi huquqshunos.

Qozog‘iston rasmiylari uchun rus tili haqidagi normani muhokama qilish – taqiqlangan mavzu, deydi Ostonadan bo‘lgan jurnalist Aleksandr Konstantinov. Buning bir necha sabablari bo‘lishi mumkin. Birinchidan, ichki bo‘linishni qo‘zg‘atishdan qo‘rqish. Ikkinchidan, Rossiyadagi «patriotlar» e’tiborini tortmaslik. Uchinchidan, rus tilining qozoq tiliga tahdid solmasligi haqidagi tushuncha – qozoq tilining qo‘llanish doirasi tabiiy ravishda kengayib bormoqda.

«Demografik va madaniy jihatdan Qozog‘iston so‘nggi o‘n yil ichida jiddiy o‘zgardi. Yosh fuqarolarning yangi avlodi qozoq tilini aynan birinchi va ko‘pincha yagona til sifatida qabul qiladi. Agar gap boshqa tillarni o‘rganish haqida ketsa, ingliz, fransuz, xitoy tillari o‘rgatiladi. Rus tili fon sifatida mavjud, ammo umuman olganda yo‘qolib borayotgan fon sifatida», – deydi «Novaya gazeta»ning Qozog‘istondagi maxsus muxbiri Vyacheslav Polovinko.

Uning kuzatuviga ko‘ra, yangi Konstitutsiyaning asosiy muammosi – tillar haqidagi ta’riflar va hatto ko‘plab nomuvofiqliklar ham emas, balki u yangi tranzit arafasida Qosim-Jo‘mart To‘qayev hokimiyatini mustahkamlashidir.

Hozirda Qozog‘iston prezidenti faqat bir marta yetti yil muddatga saylanishi mumkin. To‘qayevning o‘zi 2022 yilgi ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin shu normani ma’qullagan. Uning vakolatlari 2029 yilda tugaydi va u prezidentlikda qolmaslikka va’da bergan. Ammo yangi Konstitutsiya nazariy jihatdan unga bu cheklovni chetlab o‘tish imkoniyatini beradi – yoki prezidentlik muddatlarini «nollashtirish» (Vladimir Putin 2020 yilda qilgani kabi), yoki vitse-prezident lavozimiga o‘tish (Vladimir Putin 2008 yilda qilgani kabi) orqali.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid