O‘zbekiston | 23:20 / 26.04.2019
5058
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi korxonalari Kovorking markazi va shou-rumi ishga tushadi

Foto: "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi

Tez orada Toshkent shahrida “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi korxonalarining Kovorking markazi va shou-rumi o‘z faoliyatini boshlaydi. Kun.uz muxbiri uyushma raisi Ilhom Haydarovning 25 aprelda bo‘lib o‘tgan forumi doirasida shu haqida xabar berdi.

“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisining ta'kidlashicha, bugun mamlakatda sifatli to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarining keng assortimenti ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy korxonalarning eksport salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan kompleks choralar amalga oshirilmoqda. Xususan, Ilhom Haydarov O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlarining asosiy iste'molchisi Rossiya ekani va soha u yerda eksport ulushini oshirish uchun katta salohiyatga egaligini qayd etdi. 

“Shu bilan birga, bugungi kunda respublikada ikki tekstil mashinasozlik korxonasi faoliyat yuritmoqda, poytaxtda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi korxonalarining shou-rumi va Kovorking markazi qurilishi ketmoqda. Xorijiy mamlakatlarda to‘qimachilik vakolatxonalari ochildi, “Milliy To‘qimachilik kompleksi” axborot-logistik markazi bunyod etilmoqda, O‘zbek-Koreya texnoparkini ekspluatatsiyaga kiritishga doir ishlar tugallanmoqda. Bundan tashqari, Toshkent shahrida Kyung-inWomen’sUniversity Xalqaro Koreya universiteti filiali ochilishiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda”, - dedi to‘qimachilik sanoati rahbari.

Foto: "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi

Kovorking markazi va shou-rum faoliyatini yo‘lga qo‘yishdan asosiy maqsad mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini namoyish qilish va brendlar targ‘ibotidir. Ushbu Kovorking markaz ishlab chiqaruvchilar hamda xaridorlar uchun biznes-platforma vazifasini o‘taydi. Sohaning poytaxtda idorasi bo‘lmagan korxonalari kovorking markaz xizmatlaridan foydalanishlari, mahsulot namunalarini beminnat asosda namoyish qilishlari mumkin.

Shu bilan birga, Kovorking markazi xorijiy kompaniyalar bilan aloqa o‘rnatishga va mamlakatdan tashqarida mahalliy mahsulotlarni targ‘ib qilishga ko‘mak beradi. Markaz chet ellik ekspertlarni jalb qilgan holda turli anjumanlar, o‘quv seminarlari, treninglar tashkil qiladi.

Ta'kidlash joizki, forum davomida O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining eksport salohiyati tuzilmasi haqida batafsil ma'lumot taqdim etildi. Unga ko‘ra, 2018 yilda mahsulotlar eksporti 1,6 milliard dollarni tashkil qilgan, eksportchi korxonalar soni 780 dan oshgan. Bundan tashqari, yana 120 yangi korxona eksport faoliyatiga jalb qilingan.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid