O‘zbekiston | 17:58 / 10.12.2020
32120
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 1 yanvardan ichimlik suvi narxi uch baravar qimmatlashadi

Foto: Shutterstock

Navoiy viloyatida 2021 yilning 1 yanvar kunidan ichimlik suvi narxi keskin oshadi. Bu borada xalq deputatlari Navoiy viloyati kengashining XII sessiyasiga kiritilgan kengash qarori deputatlar tomonidan tasdiqlangan.

Kun.uz muxbirining aniqlashicha, qarorda 1 m³ ichimlik suvi narxi aholi uchun 3 000 so‘m (hozirgi narx 1 080 so‘m), budjet tashkilotlari va ulgurji iste'molchilar uchun esa 7 000 so‘m (hozirgi narx 3 300 so‘m) qilib belgilangan. Narxning bunday keskin o‘sishini «Navoiy suv ta'minot» MChJ mas'ullari viloyatdagi suv inshootlari va quvurlarning ta'mirtalab holga kelib qolgani bilan izohlagan.

«Navoiy suv ta'minot» MChJ axborot xizmati rahbari Bakitbek Kizilbayevning ma'lum qilishicha, viloyatda jami 647 ming nafardan ortiq aholi markazlashgan toza ichimlik suvi bilan ta'minlangan bo‘lib, bu viloyat aholisining 64 foizi degani. «Navoiy suv ta'minoti» MChJ balansidagi 199 ta suv tarqatish inshootining 28 tasi (14 foizi), shuningdek, viloyatdagi jami 2 784,8 km ichimlik suv tarmoqlarining 17 foizi ta'mirtalab.

«Suv quvurlarining asosiy qismi 50 yil oldin yotqizilgan bo‘lib, hozirda eskirgan. Oqibatda tizimda og‘ir iqtisodiy ahvol yuzaga kelgan», deydi Kizilbayev.

Qizig‘i, Samarqandda ham deputatlar ichimlik suvi narxining oshishi bo‘yicha qarorni tasdiqlashdi. Ammo, ikkala viloyat narxida katta farq borligini ko‘rish mumkin. Samarqandda aholi uchun 1 m³ ichimlik suvining oshgan narxi 1 850 so‘m, budjet va ulgurji iste'molchilar uchun 3 500 so‘m qilib belgilangan. Ya'ni, Navoiydagi 1 m³ ichimlik suvi puliga Samarqandda 2 m³ suv sotib olish mumkin.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid