Jahon | 09:59 / 29.05.2026
4942
5 daqiqa o‘qiladi

Jyeff Bezosning Oyga uchadigan raketasi sinov parvozi oldidan portlab ketdi

Blue Origin kompaniyasi qo‘nish modulini Oyga yetkazish uchun SpaceX bilan raqobatlashayotgandi. Ushbu muvaffaqiyatsizlik – NASAning Oy dasturi rejalariga ham ta’sir qiladi.

Foto: REUTERS

Milliarder Jyeff Bezosga tegishli bo‘lgan Blue Origin kompaniyasi tomonidan qurilgan New Glenn raketasi payshanba kuni tunda AQShning Florida shtatidagi uchirish maydonchasida portlab ketdi. Portlash taxminan soat 21:00 da – bo‘lajak uchirish oldidan o‘tkazilayotgan sinov paytida yuz bergan.

«Bugungi o‘t ochish sinovi paytida nosozlikka duch keldik. Barcha xodimlarning xavfsizligi tasdiqlandi», deyiladi kompaniyaning rasmiy bayonotida.

New York Times'ning yozishicha, sinovdan maqsad raketani uchirish maydonchasida mustahkam ushlab turgan holda, uning tezlashtiruvchi bosqichidagi yettita dvigatelni o‘t oldirish edi. Ammo, sinov vaqtida alanga raketaning yon tomonlari bo‘ylab ko‘tarila boshladi va kuchli portlash uchirish maydonchasini qoplab oldi.

Olovli shar Koinot kuchlari stansiyasidagi uchirish maydonchasi va uning atrofidagi jihozlarga jiddiy zarar yetkazdi. Bu Blue Origin kompaniyasining taxminan 98 metrli «New Glenn» raketasi uchun yagona uchirish maydonchasi hisoblanadi. Ta’mirlash ishlari, katta ehtimol bilan, kamida bir necha oy davom etadi.

Raketa Amazon kompaniyasining «past Yer orbitasi» ma’nosini anglatuvchi LEO internet sun’iy yo‘ldoshlari tizimi uchun 48 ta sun’iy yo‘ldoshni olib chiqishi kerak edi. LEO — SpaceX'ning Starlink tarmog‘iga raqobatchi hisoblanadi. Amazon sun’iy yo‘ldoshlari raketa bortida bo‘lmagan.

«Asosiy sababni bilishga hali erta, biroq biz uni aniqlash ustida ish boshladik. Juda og‘ir kun bo‘ldi, lekin biz qayta tiklanishi kerak bo‘lgan hamma narsani tiklaymiz va parvozlarga qaytamiz. Bu bunga arziydi», deb yozdi Bezosning o‘zi.

Bezosning milliarder raqobatchisi Ilon Mask ham unga hamdardlik bildirdi: «Buni ko‘rishdan afsusdaman, tez fursatda tiklanib olishingizni tilayman», dedi u.

Blue Origin kompaniyasi raketaning aniq ichki tannarxini tijorat siri sifatida rasman ochiqlamagan va zarar borasida ham aniq ma’lumot bermadi. Tahlilchilarga ko‘ra, Jyeff Bezos ushbu og‘ir raketani loyihalashtirish va infratuzilmasini qurish uchun kamida 2,5 milliard dollar sarmoya kiritgan.

New Glenn raketasining har bir tijoriy uchirilishi bozor narxlarida 100 million dollargacha baholanadi. Bundan tashqari, vayron bo‘lgan uchirish maydonchasini ta’mirlash ham bir necha million dollardan oshib ketadi.

NASA dasturlariga ta’sir qilishi mumkin

NYT'ning yozishicha, ushbu muvaffaqiyatsizlik NASAning xatolarga deyarli o‘rin qoldirmagan oy dasturi rejalariga ta’sir qiladi.

Blue Origin NASA tomonidan astronavtlarni oy orbitasidan Oy sirtiga tushirish uchun yollangan ikki kompaniyaning biridir. Ikkinchisi — SpaceX. Ushbu rejaning amalga oshishi – o‘sha qo‘nish modulini Oyga yetkazish uchun New Glenn raketasining bir nechta muvaffaqiyatli uchirilishiga bog‘liq.

2026-05-29 09.54.07

Uchirish maydonchasining vayron bo‘lishi sababli, Blue Origin kelgusi yili amalga oshirilishi rejalashtirilgan Artemis III missiyasida ishtirok eta olmasligi mumkin. Artemis III missiyasida – astronavtlar Yer orbitasida bo‘lgan holda o‘zlarining Orion kapsulasini SpaceX va Blue Origin qo‘nish modullari bilan tutashtirishni mashq qilishi kerak edi.

«Koinotga parvoz qilish xatolarni kechirmaydi va yangi o‘ta og‘ir yuk tashuvchi uchirish imkoniyatlarini yaratish favqulodda qiyin», deb yozdi NASA administratori Jared Ayzekman.

«Biz ushbu nosozlikni sinchiklab tekshirishni qo‘llab-quvvatlash, yaqin istiqboldagi missiyalarga ta’sirini baholash va raketalarni qayta uchirishga qaytish uchun hamkorlarimiz bilan birga ishlaymiz», dedi u.

Shuningdek, NASA rasmiysi Artemis va Oy bazasi (Moon Base) dasturlariga ko‘rsatilgan har qanday ta’sir haqida ma’lumotlar paydo bo‘lishi bilan ular taqdim etilishini bildirdi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid