Jahon | 21:19 / 21.12.2022
58400
17 daqiqa o‘qiladi

Olov bilan himoyalangan yer, Ozodiston va «forslashtirish». Janubiy Ozarboyjon yoxud Eron Ozarboyjoni tarixi

Eron-Ozarboyjon chegarasida har ikki davlatning yirik harbiy mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi. Tehron o‘z mashg‘ulotlari bilan Bokuning Janubiy Ozarboyjon borasidagi pozitsiyasi va oyatulloh rejimini tanqid qiluvchi chiqishlariga javob bermoqchi bo‘ldi. Biroq Turkiya-Ozarboyjon kuchlari ham javob yurishini amalga oshirdi. Yaqinda Ozarboyjon parlamentida mamlakat nomini Shimoliy Ozarboyjon deb o‘zgartirish, bu orqali Eron tarkibida ham Ozarboyjon yerlari va millati borligini butun dunyoga bildirish taklif qilindi. Ozarboyjon zamini qachon ikkiga bo‘lingan edi?

Haqiqiy tarixiy Ozarboyjon — bu Janubiy Ozarboyjon

Ozarboyjon (Azerbayjan) nomi ancha tarixiy nomdir. Bu nomning ildizi miloddan avvalgi asrlarda ishlatilgan Atropatene nomiga borib taqaladi. Rasmiy ravishda bu nomdan Ahamoniylar davrida Atropates shaklida, satraplik (viloyat) nomi sifatida foydalanilgan.

«Atropates» yoki «Atropatane» nomi qadimgi forschadan «olov bilan himoyalangan yer» ma’nosini beradi. Hozirgi Janubiy Ozarboyjon yerlariga to‘g‘ri keluvchi hududning bunday atalashiga qadimgi rivoyatlarga ko‘ra zardushtiylik payg‘ambari Zardushtning shu yerda tug‘ilgan deb hisoblanishi (hozirgi kunda olimlar bu borada turli xil fikrda) sabab bo‘lgan. Shuningdek, payg‘ambar tug‘ilgan joy sifatida bu yerda ko‘plab otashparastlik ibodatxonalari bo‘lgan va ularda so‘nmas olovlar yoqilgan.

Shimoliy va Janubiy Ozarboyjon

«Atropatane» nomi vaqt o‘tishi bilan assimilyatsiyaga uchrab boradi va qadimgi yangi-fors tilida Ādharbādhagān yoki Ādharbāyagān deb atala boshlanadi. Bu nom esa keyingi asrlarda hozirgi Azerbayjan shakliga keladi.

Yuqorida aytilganidek, qadimgi Atropatene va Atropes hududi hozirgi mustaqil Ozarboyjon yerlariga emas, balki Eron Ozarboyjoni yerlariga to‘g‘ri keladi. Ya’ni Ozarboyjon nomi bilan atalgan haqiqiy tarixiy hudud bu Janubiy Ozarboyjondir.

Qadimgi Atropatene hududi

Turkiylashuv va davlatchilik

Janubiy Ozarboyjon yerlariga turkiy xalqlar Saljuqiylar davrida keng ko‘lamda ko‘chib kela boshlaydi. XI asrda boshlangan turkiy Ozarboyjon xalqi shakllanishi XV asrgacha davom etadi.

Ilk Ozarboyjon davlatchiligi deb hisoblanuvchi Otabegilar davlati asosan Janubiy Ozarboyjon va Naxchivon yerlarida hukmronlik qilgan. Bu davlat tarkibiga Tabriz, Ardebil, Ganja kabi shaharlar kirgan. Mashhur yozuvchi, xamsachilik an’anasi boshlab bergan shoir Nizomiy Ganjaviy ham shu davrda yashab o‘tgandi.

Otabegilar davlatini poytaxt Tabrizni egallagan Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi tugatadi. Xorazmshoh o‘ldirilgach bu yerlar ham Mo‘g‘ullar imperiyasi tarkibiga qo‘shib olinadi.

Keyingi asrlarda Janubiy Ozarboyjon yerlari turli turkiy sulolalar tomonidan boshqariladi. Ozarboyjonliklar asos solgan tarixdagi eng kuchli davlat, shubhasiz, 1502 yilda tashkil topgan Safaviylar davlati edi. Ardabillik turkiy urug‘lardan bo‘lgan Ismoil Safaviy poytaxti Tabriz bo‘lgan ulkan Safaviylar davlatiga asos soladi. Safaviylar davrida shimoliy Ozarboyjon yerlari ham imperiyaga qo‘shib olinadi va ozarboyjonliklar shimoldagi yerlarga ham ancha mustahkam o‘rnashadi.

Safaviylar davlati

Aynan shu davrda shia oqimi namoyandalari bo‘lgan Safaviylar o‘lkada shialikni targ‘ib qiladi. Ozarboyjondagi turkiy qabilalar orasida ham shialik keng tarqaladi.

Safaviylar davlati kuchsizlanib, tarqoqlikka yuz tutgach biroz vaqt Usmonlilar nazoratida bo‘lgan Janubiy Ozarboyjon yerlari Nodirshoh afshor davrida yana Eronga bo‘ysundiriladi.

Bo‘linish

Aynan Nodirshoh vafotidan so‘ng, XVIII asr o‘rtalaridan zamonaviy Ozarboyjon xonliklari davri boshlanadi. Eronda yuz bergan bo‘linish va tartibsizliklar ortidan Ozarboyjon yerlarida bir nechta mustaqil xonliklar tashkil topadi. Shimoliy Ozarboyjonda Boku, Shamaxi, Talish, Ganja, Qorabog‘, Darband, Naxchivon, xonliklar tashkil topgan bo‘lsa, Janubiy Ozarboyjonda Ardebil, Zanjon, Maku, Qazvin, Tabriz, Serab, Urmiya, Xalxal, Merend xonliklari paydo bo‘ladi.

Ozarboyjon xonliklari
Foto Ozarboyjon ta’lim vazirligi

Erondagi Zendlar sulolasi Ozarboyjon xonliklari ustidan hukmronlikni tiklay olmaydi. Biroq tez orada sahnaga turkiylarning qojar urug‘idan bo‘lgan Og‘a Muhammadxon chiqadi. Eronni birlashtirgan Og‘a Muhammadxon mustaqil Ozarboyjon xonliklarini ham tugata boshlaydi. Ko‘plab Ozarboyjon xonliklari (asosan janubiy) Qojarlarga bo‘ysundiriladi. Og‘a Muhammadxon Kavkazga katta yurish uyushtirib, Gruziyani mag‘lub etadi va Tbilisini egallaydi.

Bu paytda Kavkaz uchun kurashga Rossiya imperiyasi ham qo‘shiladi. Og‘a Muhammadxon Rossiya ta’sirini kamaytirish uchun ikkinchi Kavkaz yurishiga tayyorlanayotganda, 1797 yil Shushada zaharlab o‘ldiriladi.

1804 yilda Birinchi Eron-Rossiya urushi boshlanadi. Qariyb o‘n yil davom etgan urush Rossiya foydasiga Guliston shartnomasi tuzilishi bilan tugaydi. Sulhga ko‘ra, Eron Gruziya, Dog‘iston va Shimoliy Ozarboyjonning katta qismini Rossiyaga beradi. Armaniston, Janubiy Ozarboyjon va Naxchivon Eron tarkibida qoladi.

Tez orada Ikkinchi Eron-Rossiya urushi boshlanadi va u 1828 yil Turkmanchoy shartnomasi imzolanishi bilan yakunlanadi. Shartnomaga binoan, Armaniston, Naxchivon va Shimoliy Ozarboyjonning so‘nggi hududlari ham Rossiyaga o‘tib ketadi. Aras daryosi o‘zaro chegara etib belgilanadi.

Turkmanchoy shartnomasining imzolanishi
Foto: Wikipedia

Arasdan shimolda joylashgan Boku, Shamaxi, Qorabog‘, Ganja hamda Talish (bunisi janubda) xonliklari yerlari Rossiya nazoratiga o‘tadi. Janubdagi Tabriz, Ardebil, Zanjon, Urmiya, Qazvin kabi Ozarboyjon shaharlari esa Eron ixtiyorida qoladi. Shu tariqa Ozarboyjon xalqi va hududi ikkiga bo‘linadi.

Milliy ozodlik harakatlari va «forslashtirish»

Eron Ozarboyjoni bo‘linishdan so‘ng ham ancha vaqt shimollik qardoshlari bilan aloqani saqlab qoladi.

1905 yil Eronda konstitutsion inqilob yuz beradi. Mamlakatda tartibsizliklar boshlanadi. Vaziyatdan foydalangan janubiy ozarboyjonliklar 1908-1909 va 1920 yilda o‘z mustaqil davlatlari — Ozodistonni tuzishga intiladi. Bu harakatga boshchilik qilgan Muhammad Xiyoboniy to‘liq mustaqillikni emas, balki keng huquqlar berilgan muxtoriyatni talab qiladi. Xiyoboniy bolsheviklar bilan hamkorlik qilishdan bosh tortadi va ulardan yordam olmaydi.

Muhammad Xiyoboniy. Foto: Wikipedia

Biroq Tehron janubiy ozarboyjonliklarga yon bermaydi va barcha norozilik harakatlarini bostiradi.

1925 yil Eronda hokimiyatga Rizo Shoh Pahlaviy kelgach, mamlakatda «forslashtirish» siyosatini boshlab yuboradi.

Rizo Shoh «yagona Eron xalqi» tushunchasini yoyishga harakat qiladi. Mamlakatning forsiy bo‘lmagan hududlarida (Janubiy Ozarboyjon, Kurdiston, Luriston, Xuziston kabi) fors tilining tarqalishiga alohida e’tibor beriladi.

Xususan, Rizo Shoh ta’lim, matbuot va ish yuritishda ozarboyjon tilidan foydalanishni taqiqlaydi. Ozarboyjondagi barcha yirik lavozimlarga forslar tayinlanadi. Turkiy tildagi toponimlar forschaga almashtiriladi. Eng yomoni, Tehron maqsadli ravishda mintaqada iqtisodiy diskriminatsiya siyosatini olib boradi. Bundan tashqari, janubiy ozarboyjonliklar mavsumiy ishlash uchun boradigan Shimoliy Ozarbayjon bilan chegara yopib qo‘yiladi.

Shohning bunday siyosati Eron Ozarboyjonida balansning buzilishiga olib keladi. Iqtisodiy diskriminatsiya sabab ozarboyjonliklarning katta qismi ish qidirib mamlakat markaziy qismi, Tehronga ko‘cha boshlaydi. Natijada ko‘p millatli fors shaharlarida ozarlarning milliy o‘ziga xosligi, tili asta-sekin yo‘qolib, assimilyatsiyaga uchraydi.

Biroq, Eronning Ozarboyjonga nisbatan olib borgan iqtisodiy, madaniy va lingvistik tazyiqlari qarshi tomonning ham uyg‘onishiga sabab bo‘ladi. Ozarboyjonliklar ularga nisbatan qilinayotgan ayirmachilik siyosati ortidan milliy ananalarni kuchaytiradi.

Chunonchi, 1945 yilda bu yerda SSSR homiyligida hatto mustaqil davlat ham tuziladi. Ozarboyjon xalq hukumati deya atalgan bu respublika Ozarboyjon SSR yordamida hukumat shakllantiradi va shimol bilan birlashish bo‘yicha ishlar olib boradi.

Ozarboyjon xalq hukumati respublikasi vakillari

Biroq bu respublika tashkil topganidan bir yil o‘tib tugatiladi. 1946 yil SSSR qo‘shinlari G‘arb bosimi ostida Eronni tark etadi. Shu yilning dekabr oyida fors qo‘shinlari Janubiy Ozarboyjon poytaxti Tabrizga kirib keladi.

Ushbu respublika tugatilishida Eron armiyasi o‘zini o‘ta tajovuzkor tutadi. Ular mahalliy aholiga nisbatan o‘ta ayovsiz munosabatda bo‘ladi, dehqonlarning soqoli yoqib yuborilib, kalaka qilinadi, ularning ayollari va qizlari zo‘rlanadi. Uylari talon-toroj qilinib, chorva mollari olib ketiladi.

Bu jarayonda umumiy hisobda14 mingga yaqin janubiy ozarboyjonlik o‘ldiriladi (janubiy ozarboyjonliklar 500 nafar eronlik amaldorni qatl qilgandi). Janubiy Ozarboyjon muxtoriyati tugatiladi.

Keyingi yillarda ham Janubiy Ozarboyjonda «forslashtirish» siyosati jadal olib boriladi.

Islom inqilobi davrida (1978-1979 yillar) ozarboyjonliklar inqilobning asosiy kuchi bo‘ladi. Tabrizda 100 ming kishi qatnashgan inqilobni qo‘llab-quvvatlovchi namoyish bo‘lib o‘tadi. Mamlakatda boshlangan o‘zgarishlar fonida ozarboyjonliklarda mustaqillikka erishish uchun qulay imkoniyat paydo bo‘ladi. Ammo ular bundan foydalanmaydi.

Ozarboyjonliklarning mustaqillik uchun jiddiy kurashmagani sababi, inqilobdan so‘ng ular Eron hukumatidagi yuqori mansablarni egallay boshlagani edi. Xususan, 1981 yil prezidentlikka saylangan, hozirgi Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xominaiy etnik ozarboyjon. Shu yili uning bosh vaziri bo‘lgan Mir Husayn Musaviy ham etnik ozarboyjon bo‘lgan. Shubhasiz, siyosatchilarga mustaqil Ozarboyjon davlatini tuzib, uni boshqargandan, butun Eronni boshqarish manfaatliroq ko‘ringandi.

Ali Xominaiy va Mir Husayn Musavi

Oyatulloh tuzumi milliy tushunchalarni rad etdi va faqat diniy bo‘linishni inobatga oladi. Shu bois, Ozarboyjonga hech qanday muxtoriyat berilmaydi.

SSSR tarqalib, mustaqil Ozarboyjon respublikasi tashkil topgach, Eron Boku bilan iliq munosabatlarni yo‘lga qo‘yadi. Chegaralar ochiladi va qardosh xalqlar oilalari yana ko‘rishadi. Tehrondagilar janublik ozarboyjonlar shimolga ham shialikni yoyishidan umid qilgandi. Biroq bu yuz bermay, Shimoliy Ozarboyjon dunyoviylikni tanlagach, chegaralarga to‘siqlar qo‘yish boshlanadi.

Shimoliy Ozarboyjon va Turkiya ta’sirida janubda ham milliy harakatlar kuchayadi va ozar tilini tiklash talabi qo‘yiladi.

2003 yil Eron shimoli-g‘arbida yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Tehron bunga javoban namoyishlarni kuch bilan bostirdi va mitinglarda qatnashgan 19 yoshli ozarboyjonlik talabani oshkora qatl qildi.

2006 yilda Eron gazetalaridan birida ozarboyjon tilini masxara qiluvchi karikatura paydo bo‘ldi va bu yangi noroziliklar to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Lekin hukumat yana kuch ishlatib, bu namoyishlarni ham bostirdi.

2006 yilgi karikatura. Unda bola suvarak bilan gaplashmoqchi bo‘lib unga forscha «soosk» (suvarak) deya gapiryapti. Suvarak esa «namana» (ozarcha «nima?») deya javob bermoqda. Foto: Wikipedia

2011 yil butun Eronda bo‘lib o‘tgan norozilik aksiyalarida ozarboyjonliklar ham qatnashdi va hukumatdan diskriminatsion siyosatni to‘xtatishni, ozarboyjon tiliga hurmatni tiklashni talab qildi. Aynan shu voqealardan keyin Tehronning pozitsiyasi yanada keskinlashdi — Ozarboyjon milliy tashkilotlari a’zolari qamoqqa olindi yoki qatl qilindi.

Hozirgi vaziyat — keskinlashuv

2022 yilda eronlik qiz Mahsin Amini o‘limi ortidan boshlangan yangi norozilik namoyishlari fonida Ozarboyjonda yana milliy masalalar ko‘tarildi. Nafaqat Ozarboyjon, balki butun Eronda milliy respublikalar muxtoriyati haqida tez-tez gapirilmoqda. Oyatulloh rejimi ayollar uchun ba’zi yon berishlarga bordi. Biroq milliy masalalarda hech qanday o‘zgarish yo‘q.

Boku oyatulloh rejimini tinmay tanqid qilmoqda, Tehron esa Bokuni. Shimolliklar janub bilan birlashish, ularni kurashga qo‘zg‘ash harakatlarini olib boryapti.

Ozarboyjon bilan chegaradagi mashg‘ulotlar doirasida daryodan o‘tish mashqini bajarayotgan Eron askarlari
Foto: Tasnim

17 oktyabr kuni Eron Ozarboyjon bilan chegarada yirik harbiy mashg‘ulotlar boshladi. 20 noyabrda esa bunga javoban Turkiya va Ozarboyjon ham Eron bilan sarhadlarda «Qardoshlik mushti» nomli qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazishga kirishdi.

Har ikki tomon Aras daryosi ustida (o‘z hududiga qismida) ko‘prik o‘rnatib, undan tanklarni olib o‘tish mashqini bajardi. Bu jiddiy signal bo‘lib, Aras daryosi yuqorida aytilganidek ikki davlat chegarasining katta qismini belgilab beruvchi daryodir.

Ozarboyjon rasmiysi «ozarboyjonlik harbiylar kerakli paytda Arasni kechib o‘tishga tayyorligi»ni aytdi va «daryoning nariga tomonidagi dushmanlarga videoni ko‘rish»ni tavsiya qildi.

Eron bilan chegaradagi mashg‘ulotlar doirasida daryodan o‘tish mashqini bajarayotgan Ozarboyjon-Turkiya askarlari
Foto: Trend news agency

Bu mashg‘ulotlarda Turkiyaning qatnashishi mintaqadagi vaziyatni murakkablashtirdi. Turklar mashg‘ulotlarga o‘zlari bilan F-16 qiruvchi samolyotlarini ham olib keldi. 6 dekabr kuni Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akar mashg‘ulotlarga izoh berar ekan, shunday dedi: «Birimizning do‘stimiz, ikkinchimizning ham do‘stimiz, birimizning dushmanimiz esa shubhasiz ikkimizning ham dushmanimizdir».

25 noyabr kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Boku Erondagi ozarlarni himoya qilish uchun qo‘lidan keladigan barcha ishni qilishini aytdi. Bu esa, albatta, Tehronda keskin norozilikka sabab bo‘ldi.

Foto: Qazet

Hozirda vaziyat urush yoqasida bo‘lmasa-da, ancha jiddiy. Ikki tomon ham bir-birini bemalol keskin tanqid qilmoqda. Chegaradagi mashg‘ulotlar har ikki tomonni sergaklantirdi. Eronda vaziyat notinch, ichki norozilik kuchaygan. Bunday paytda diktaturalarga tashqi urush katta yordam beradi. Bu orqali e’tiborni ichki muammolardan chalg‘itish mumkin. Jumladan, 1980-1988 yillardagi Eron-Iroq urushi oyatulloh rejimini jiddiy mustahkamlagandi.

Hozir ham Eron mintaqada urush boshlash ehtimoli past. U shunchaki Janubiy Ozarboyjonga bosimni oshirishi mumkin. Boku ham Eronga bostirib kirishi ehtimoldan yiroq, hatto Turkiya uni qo‘llab-quvvatlasa ham. Ozarboyjon shundoq ham azaliy raqibga ega.

Janubiy Ozarboyjonda ichki mustaqillik kurashi boshlanishi varianti ham ishonchsiz. Chunki ozarboyjonlarning katta qismi assimilyatsiyaga uchragan, qishloqlik konservator ozarboyjonlar uchun esa shialik milliy o‘zlikdan muhimroq. Ular shia Eroni bilan birga bo‘lishga qarshi emas.

Faqatgina talabalar va milliy ziyolilar mustaqillik uchun kurashga tayyor, ammo ularning soni ko‘p emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, Erondagi barcha ozarboyjonlarning adadi 15 milliondan 20 milliongacha. Bu Shimoliy Ozarboyjon aholisidan ikki baravar (10 million) ko‘proq.

Biroq Janubiy Ozarboyjon mintaqasining o‘zida (G‘arbiy va Sharqiy Ozarboyjon, Zanjon va Ardebil viloyatlari) 10 million atrofida ozarboyjon yashaydi. Qolganlar butun Eron bo‘ylab tarqalgan. Bu o‘n milliondan qanchasi milliy erkinlik ruhiga egaligi noma’lum.

Boku yana o‘n yillar davomida janublik qardoshlariga milliy harakat ruhini singdirishi, ularni turli sohada qo‘llab-quvvatlashi ahvolning Boku foydasiga o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Bunda dunyoviylik targ‘iboti ham ancha samarali bo‘lishi mumkin. Chunki eronliklar oyatullohning mutaassib tuzumidan charchagan. Biroq hozir na Tabriz o‘zi kurashni boshlay oladi va na Tehron bunga yo‘l qo‘yadi. Bokuning vaziyatga aralashishi esa intervensiyaga aylanadi va 1980 yilgi Iroq holatini takrorlaydi.

Muhammadqodir Sobirov

Mavzuga oid