Jahon | 08:52
843
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: Kaspiy dengizi Rossiya va Eron uchun strategik savdo yo‘lagiga aylandi

So‘nggi oylarda Rossiyadan Eronga dronlar uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish hajmi Kaspiy dengizi orqali keskin oshgan. The New York Times nashriga ko‘ra, Moskva va Tehron ushbu marshrutni AQSh tomonidan ehtimoliy to‘sib qo‘yish xavfidan qochish uchun tanlagan.

Foto: picture alliance

The New York Times gazetasi amerikalik manbalarga tayanib xabar berishicha, Kaspiy dengizi orqali Rossiyadan Eronga dronlar uchun qismlar yetkazib berish tobora kuchaymoqda. Nashrning yozishicha, AQSh bu hududda kemalarni to‘xtatish yoki tekshirish imkoniyatiga ega emas.

Manbalarga ko‘ra, AQSh va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari boshlanganidan keyin Kaspiy dengizi Rossiya va Islom Respublikasi o‘rtasidagi muhim savdo yo‘lagiga aylangan.

The New York Times ta’kidlashicha, Rossiyadan kelayotgan qismlar Tehron mudofaa salohiyatida hal qiluvchi rol o‘ynamasa-da, Eronga mojaro dastlabki oylarida yo‘qotilgan dronlar zaxirasini tiklashga yordam berishi mumkin. Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, Eron mojaro boshida dron arsenalining qariyb 60 foizini yo‘qotgan.

Kaspiy dengizi AQSh harbiylari uchun “ko‘rinmas hudud” hisoblanadi, chunki unga faqat Rossiya, Eron, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Turkmaniston chiqish imkoniga ega. Shu sababli AQSh dronlar uchun qismlar tashayotgan kemalarni ushlab qolish yoki bloklash imkoniyatiga ega emas.

The New York Times yozishicha, Eron va Rossiya o‘rtasidagi dengiz aloqalari ikki davlat mudofaa sanoati uchun ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, Moskva Kaspiy orqali Shahed turidagi zarba beruvchi dronlar uchun ehtiyot qismlar va o‘q-dorilar qabul qilmoqda. Keyinchalik ushbu vositalar Ukrainaga qarshi hujumlarda qo‘llanayotgani aytilmoqda.

Rossiya portlari statistikasiga ko‘ra, so‘nggi oylarda Eron va Rossiya o‘rtasidagi dengiz tashuvlari yanada faollashgan. Masalan, avval Qora dengiz orqali yuborilgan bug‘doy hozir Kaspiy orqali tashilmoqda.

Shuningdek, Rossiya odatda Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali tashiladigan ayrim tovarlarni ham hozir Kaspiy dengizi orqali yuboryapti. Ayni vaqtda Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini bloklashda davom etmoqda.

Eron rasmiylari ma’lum qilishicha, hozir Kaspiy dengizidagi to‘rtta port sutka davomida uzluksiz ishlamoqda. Ular Rossiyadan bug‘doy, makkajo‘xori, kungaboqar yog‘i, chorva uchun ozuqa va boshqa oziq-ovqat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qabul qilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid