Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
BMTda “boykot qilingan” Netanyahu, Putinga bosim uchun Tomahawk raketalari va Qozog‘iston kadrlar almashinuvi – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Netanyahu BMTda boykot qilindi
26 sentabr kuni Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Nyu Yorkda BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasi doirasida nutq so‘zlash uchun kelganida noqulay ahvolga tushib qoldi.
Birinchidan, Netanyahu AQShga kelish uchun XJS sanksiyalari kuchda bo‘lgan davlatlar havo hududlarini chetlab uchishga majbur bo‘ldi. Nyu Yorkka kelganida esa Falastin tarafdori bo‘lgan minglab namoyishchilar yo‘llarni to‘sib qo‘ydi.
U BMT minbariga kelib, nutqini boshlashga tayyorlanayotganida qarsaklarni e’tirozli hayqiriqlar va hushtakbozliklar bosib ketdi. Ko‘plab delegatsiyalar a’zolari o‘rnidan turib, zalni tark eta boshladi. Eron delegatsiyasi vakillari esa o‘z o‘rnida Isroilning havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan eronliklarning suratlarini qoldirgan.
Natijada Netanyahu G‘azodagi genotsid bo‘yicha ayblovlarga raddiyasini deyarli bo‘shab qolgan zalga qarata o‘qib berishiga to‘g‘ri kelgan. U o‘z nutqida falastinliklar qasddan och qoldirilgani haqidagi ayblovlarga javoban, Isroil go‘yoki G‘azoga ikki million tonnadan ortiq oziq-ovqat yuborganini, agar odamlar och qolayotgan bo‘lsa, bu Hamas oziq-ovqatni o‘g‘irlayotgani tufayli ekanini iddao qilgan.
Shuningdek, Isroil harbiylari hujum qilishdan oldin tinch aholiga ogohlantirish yuborishini aytdi. Lekin hujumlari natijasida halok bo‘lgan 65 mingdan ortiq qurbonlar: bolalar, ayollar, shifokorlar va jurnalistlar haqida lom-mim demadi.
Netanyahu BMT minbaridan turib ibroniy tilida G‘azoda garovda qolayotganlarga «ularni unutmaganini» aytdi. Uning nutqi G‘azo chegarasiga qo‘yilgan ovoz kuchaytirgichlar orqali eshittirilgan.
U G‘arb davlatlari Falastinni tan ola boshlaganini qoralab, bu «terrorchilarni rag‘batlantiruvchi» qadam bo‘lishi va zo‘ravonlikni faqat kuchaytirishini ta’kidlagan. U shuningdek, ayrim yetakchilar Isroilni omma oldida qoralasa ham, orqa eshikdan Isroil razvedkasining «terrorchilik hujumlarini to‘xtatishdagi xizmatlari» uchun minnatdorchilik bildirayotganini aytdi.
Hamas nazoratidagi G‘azo hukumati Netanyahuning nutqini «yolg‘on va oshkora ziddiyatlarga to‘la» deb atab, uni «urush jinoyatlari va genotsidni oqlashga» urinish, deya baholadi. Isroil muxolifat yetakchisi Yair Lapid esa «Netanyahu diplomatik sunamining oldini olish o‘rniga bugun Isroilning ahvolini battar yomonlashtirdi» deb yozdi.
Putinga bosim quroli
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Nyu Yorkda Donald Tramp bilan yopiq uchrashuvda Moskvadagi nishonlarni urish imkonini beruvchi Tomahawk raketalarini so‘radi. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph gazetasi yozdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy Oq uy rahbariga yuqori texnologiyali qurollar Rossiya prezidenti Vladimir Putinni tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar stoliga o‘tqazishga yordam berishini aytgan.
Bir necha manbalarning gazetaga ma’lum qilishicha, bu iltimos BMT Bosh assambleyasi maydonida bo‘lib o‘tgan ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi chog‘ida bildirilgan va o‘ta ijobiy deb baholangan.
Uchrashuvdan keyin bergan intervyusida Zelenskiy Tramp o‘zining uzoq masofali qanotli raketalarni taqdim etish haqidagi iltimosiga xayrixohlik bilan munosabatda bo‘lganini aytdi.
«Prezident Tramp biladi, men kecha unga bizga bir narsa kerakligini aytdim. Bu bizga kerak, lekin bu biz undan foydalanamiz degani emas. Chunki agar bizda shu narsa bo‘lsa, menimcha, bu Putinga muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun qo‘shimcha bosim bo‘ladi», dedi Ukraina prezidenti Tramp bilan uchrashuvdan so‘ng.
Zelenskiyning Tomahawk raketalarini olishga urinishlari muvaffaqiyatli bo‘ladimi yoki yo‘qmi, noma’lum, deyiladi maqolada.
Tomahawk qanotli raketalari 1250 dan 2500 kilometrgacha bo‘lgan masofani bosib o‘tadi. Ular dushmanning chuqur orqa qismida uzoq masofadan yuqori aniqlikda zarba berish uchun asosiy vositadir. Shu paytgacha AQSh bunday raketalarni Ukrainaga berishdan bosh tortib kelgan.
Qozog‘istonda kadrlar almashinuvi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev AQSh safaridan qaytgach, keng ko‘lamli kadrlar almashinuvini amalga oshirdi.
Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu lavozimidan ozod etildi. U tegishli farmon bilan Qozog‘iston prezidentining xalqaro investitsiyalar va savdo hamkorligi masalalari bo‘yicha yordamchisi etib tayinlangan.
Qozog‘iston prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha, xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchilari va maslahatchilari ham lavozimidan olindi. Bundan tashqari, Qozog‘istonning AQShdagi elchisi, Jyenevadagi BMT bo‘linmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakillari ham lavozimidan ozod etildi.
Nurtleu o‘rniga Yermek Kusherbayev — Qozog‘istonning Rossiyadagi sobiq elchisi mamlakatning yangi tashqi ishlar vaziri sifatida ish boshlagan.
Ishdan olingan tashqi ishlar vaziri uzoq vaqt To‘qayevga yaqin lavozimlarda ishlagan. 2025 yil 4 sentabr kuni Murat Nurtleu Xitoyda bo‘lgan ShHT sammitidan qaytganidan keyin, yuqori lavozimdagi xavfsizlik xizmati xodimlari bilan birgalikda hibsga olingani haqida xabarlar tarqalgandi. Keyinroq vazirlik buni rad etgan va uning eski rasmini e’lon qilgandi.
G‘azoga jurnalistlarni kiritishga ruxsat so‘ralmoqda
Fransiyaning Agence France-Presse axborot agentligi, AQShning The Associated Press agentligi, Buyuk Britaniyaning Reuters agentligi va BBC teleradiokompaniyasi Isroil hukumatiga murojaat qilib, xalqaro jurnalistlarning G‘azo sektoriga kirishiga ruxsat berishni talab qildi.
AFP ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida e’lon qilingan qo‘shma bayonotda qayd etilishicha, mintaqadagi voqealarni yoritish vazifasi butunlay falastinlik jurnalistlarning zimmasiga tushmoqda. Ular juda katta xavf ostida ishlamoqda va buning uchun «qimmat baho» to‘lamoqda. Shu bilan birga, G‘azodagi hodisalarning guvohlari soni tez sur’atda kamayib borayotgani alohida ta’kidlangan.
Media tashkilotlar xalqaro jurnalistlarning mavjudligi falastinlik hamkasblarining yukini yengillashtirish va voqealarni jahon auditoriyasi uchun xolis yoritishda zarurligini ta’kidladi.
Isroil hukumati esa jurnalistlarning G‘azoga kirishiga hanuz ruxsat bermayapti. Isroil harbiy harakatlari natijasida so‘nggi yillarda G‘azoda 100 dan ortiq media vakillari halok bo‘ldi.
Rossiyaning javobi bormi?
Rossiya harbiy samolyotlariga hujum bo‘lsa, Moskvaning javobi qanday bo‘lishi noma’lum, lekin bunday bayonotlar «mas’uliyatsizdir». Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bayonot berdi.
«Buni tilga olishning o‘ziyoq «istalmaydigan mavzu», bu juda mas’uliyatsiz bayonot. Juda mas’uliyatsiz, chunki Rossiya harbiy samolyotlari kimningdir havo hududini buzdi yoki kimningdir osmoniga bostirib kirdi, degan ayblovlar asossizdir», - dedi u.
Jurnalistlar aniqlashtiruvchi savol berib, agar G‘arb mamlakatlari Rossiya samolyotlari havo hududini buzganini aytib, qandaydir choralar ko‘rsa, Rossiya qanday javob berishini so‘radi. Peskov esa yana «buni tilga olishni» istamasligini aytdi.
Bir necha kun oldin AQSh prezidenti Donald Tramp NATOga a’zo davlatlar o‘z havo hududiga bostirib kirgan Rossiya samolyotlarini urib tushirishi mumkinligini aytdi.
Tramp 23 sentabr kuni Volodimir Zelenskiy BMT sessiyasi doirasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazib, AQSh Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
O‘shanda «NATO mamlakatlari o‘z havo hududiga bostirib kirgan Rossiya samolyotlarini urib tushirishlari kerakmi?» degan savolga Tramp «Ha, menimcha shunday», deb javob berdi. Bu borada NATO mamlakatlarini qo‘llab-quvvatlash haqidagi savolga esa, Tramp vaziyatga qarab harakat qilishini aytgandi.
Shuningdek, dronlar tahdididan keyin Yevropaning ko‘pchilik rahbarlari ham NATO hududiga kirgan Rossiya samolyotlarini urib tushirish kerak, degan xulosaga kelmoqda.
Mavzuga oid
14:02 / 24.12.2025
G‘azoda ta’mirlangan shifoxona, aviahalokatga uchragan Liviya harbiy qo‘mondoni, BMTda bahslashgan AQSh va Eron – kun dayjesti
16:08 / 23.12.2025
Grenlandiyaga ko‘z tikkan Tramp, Xitoyning yadroviy ambitsiyalari va Moskvada portlatilgan general – kun dayjesti
15:47 / 22.12.2025
Putinning «katta rejalari», yangi aviatashuvchi qurishni boshlagan Fransiya va G‘arbiy sohilda yana noqonuniy posyolkalar – kun dayjesti
14:37 / 19.12.2025