O‘zbekiston | 18:01 / 02.02.2026
2874
2 daqiqa o‘qiladi

«Layk» to‘plash maqsadida qilingan huquqbuzarlik uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin

Shuningdek, internet tarmoqlarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzuvchi boshqa shu kabi harakatlar uchun ham ma’muriy javobgarlik joriy etish reja qilinmoqda.

Foto: Shutterstock

Ijtimoiy tarmoqlarda «Layk» to‘plash, obunachilarni ko‘paytirish maqsadida turli ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarni sodir etib, uni tasvirga tushirgan holda internetda tarqatish holatlari ko‘payib bormoqda. Bunday huquqbuzarliklarni, belgilangan tartib-qoidalarni mensimaslikni targ‘ib etganlik uchun jarimalar belgilanmoqda, deb xabar berdi O‘zA.

Qayd qilinishicha, bu boradagi normalar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishga oid qonun loyihasida belgilab qo‘yiladi. Mazkur qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilingan.

Xabarda «Layk» to‘plash uchun huquqbuzarlik sodir qilinganda qanday jazo qo‘llanishiga aniqlik kiritilmagan.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi yig‘ilishida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimchalar va o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokama qilingan.

Mazkur qonun loyihasi bilan ayrim turdagi huquqbuzarliklar, jumladan, telekommunikatsiya hamda Internet tarmoqlarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish va jamoat tartibini buzuvchi boshqa shu kabi harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilmoqda. Ta’kidlanishicha, loyiha fraksiya a’zolari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

Xabarda bunday huquqbuzarlik sodir qilinganda qanday jazo qo‘llanishiga aniqlik kiritilmagan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid