O‘zbekiston | 19:35 / 07.04.2024
23596
4 daqiqa o‘qiladi

Chet elga ishlashga boruvchilarning imtihon, viza va yo‘l chiptasi xarajatlari qoplab beriladi

1 iyundan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga xorijiy tillar yoki kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish, «ishchi viza»ni rasmiylashtirish va yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qisman qoplash uchun kompensatsiya to‘lanadi.

Prezidentning «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi. Bu haqda Bandlik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Farmonda xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini olib borish uchun jo‘nab ketayotgan yoki xorijda vaqtincha ishlayotgan fuqarolarga tibbiy, ijtimoiy, huquqiy, konsullik xizmatlarini ko‘rsatish masalalari ko‘rsatib o‘tilgan.

Farmondan maqsad mehnat migratsiyasi jarayonlarini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish, chet elda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolarga qulay shart-sharoitlar yaratish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarni reintegratsiya qilish, shu jumladan ularning bandligini ta’minlash, kasbiy malakasini oshirish va tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish hisoblanadi.

Farmonga asosan xorijga vaqtincha ishlash uchun ketayotgan yurtdoshlarning imtihon, viza hamda yo‘l chiptasi xarajatlari qoplab beriladi.

Xususan, 2024 yil 1 iyundan boshlab «Xorijda ish» mehnat migratsiyasi elektron dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarga:

  • xorijiy tillar va kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun BHMning 3 baravarigacha; 
  • «Ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar uchun BHMning 5 baravarigacha;
  • Yo‘l chiptasi uchun BHMning 2 baravarigacha miqdorda kompensatsiya to‘lanadi.

2024 yil 1 sentabrga qadar xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlarga yordam ko‘rsatish uchun tun-u kun ishlaydigan Call-markaz tashkil etiladi. Chet eldan chiquvchi abonentlar uchun qo‘ng‘iroqlarni bepul amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.

Xorijda vaqtincha ishlayotgan va og‘ir ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarga moddiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari yanada kengayadi

2024-2025 yillarda Buyuk Britaniyada (London), Germaniyada (Berlin), Turkiyada (Istanbul) va Saudiya Arabistonida (Ar-Riyod) agentlikning vakolatxonlarini ochish rejalashtirilmoqda. Buyuk Britaniya, BAA, Vengriya, Germaniya, Latviya, Polsha hamda Yaponiya davlatlaridagi diplomatik va konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha attashe lavozimi kiritiladi.

Xususiy bandlik agentliklari faoliyati ham qo‘llab-quvvatlanadi

2024 yil 1 iyuldan boshlab xususiy bandlik agentliklariga xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan shaxslarga chet elda ishga joylashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatganlik uchun haq undirishga ruxsat beriladi. Bunda xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar tomonidan to‘lanadigan mablag‘lar tijorat banklarida ochilgan maxsus hisobvaraqda saqlanadi. Xususiy bandlik agentligi shartnoma majburiyatlarini to‘liq bajarganidan so‘ng uning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

2024 yil 1 iyundan boshlab xorijda ishlab qaytgan shaxslarni ishga olgan ish beruvchilarga har bir xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi.

Xorijda vaqtincha ishlayotgan yurtdoshlar uchun mobil ilova yaratiladi

2025 yil 1 iyulga qadar O‘zbekistondan tashqariga chiquvchi va davlat hududiga kirib keluvchi shaxslarning aniq hisobini yuritish imkonini beruvchi elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Shuningdek, xorijda vaqtincha ishlovchilar uchun bo‘lib turgan mamlakatlari va u yerdagi bo‘sh ish o‘rinlari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish, vatandoshlar bilan onlayn muloqot qilish va pul o‘tkazmalarini amalga oshirish, qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanish imkonini beruvchi mobil ilova yaratiladi.

Mavzuga oid