O‘zbekiston | 10:40 / 04.12.2025
2203
1 daqiqa o‘qiladi

Maktab va bog‘chalar qurilishini moliyalashtirish mahalliy budjetlarga o‘tkaziladi

2026 yildan akademik litseylar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda umumta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablar qurilishi, rekonstruksiyasi va kapital ta’miri uchun xarajatlar respublika darajasidan mahalliy budjetlar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Bu maqsadda mahalliy budjetlarga 19,7 trln so‘m budjetlararo transfertlar yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Foto: Kun.uz

Ma’lum qilinishicha, 2026 yildan boshlab akademik litseylarni saqlash, shuningdek, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, ixtisoslashtirilgan maktablar obektlarini loyihalashtirish, qurish (rekonstruksiya qilish) va mukammal ta’mirlash xarajatlari endi Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar budjetlari va Toshkent shahar budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Shu munosabat bilan, respublika budjeti parametrlarida mahalliy budjetlarni qo‘llab-quvvatlash uchun quyidagi mablag‘lar ajratilishi prognoz qilingan: 2026 yilda jami 19,7 trln so‘m tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar, shundan 3,6 trln so‘m aksiz solig‘i tushumlari hisobidan yo‘naltiriladi.

Ushbu o‘zgarishlar mahalliy hokimiyat organlarining ta’lim infratuzilmasini rivojlantirishdagi mas’uliyati va mustaqilligini oshirish, maktab va bog‘cha qurilishi hamda ta’mirida hududlarning ehtiyoj va ustuvorliklarini inobatga olish imkonini beradi.

Mavzuga oid