Jahon | 16:02
1471
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning urushga bir haftalik xarajati 75 foiz mintaqasining budjetidan ko‘p

RF hokimiyati Ukrainadagi urushga haftasiga 259,4 mlrd rubl sarflamoqda. The Moscow Times hisob-kitobicha, bu Rossiyaning 62 ta mintaqasining yillik budjetidan ko‘proq. 2026 yilda harbiy xarajatlar ham xuddi shu darajada qoladi.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi

RF hokimiyati har hafta Ukrainaga qarshi urushga Rossiya mintaqalari 75 foizining yillik budjetidan ham ko‘proq mablag‘ sarflamoqda. Bunday hisob-kitoblarni The Moscow Times nashri 24 dekabr, chorshanba kuni RF Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanilgan holda e’lon qildi.

Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilda Rossiyaning harbiy xarajatlari 13,5 trln rublni, ya’ni haftasiga 259,4 mlrd rublni tashkil etgan. Kirib kelayotgan (kelasi) yilda bu ko‘rsatkich haftasiga 248,7 mlrd rubl darajasida bo‘lishi kutilmoqda. 2024 yilda u 205,8 mlrd rubl bo‘lgan, undan oldin esa 100 mlrd rubldan kam edi.

Shu tariqa, 2025 va 2026 yillarda armiyaga ketadigan haftalik xarajatlar RFning 62 ta mintaqasi yillik budjetidan katta. Jami Rossiyada, egallab olingan Ukraina viloyatlarini hisobga olmaganda, 83 ta mintaqa bor.

Urushga ketadigan haftalik xarajatlardan yuqori yillik budjetga ega bo‘lgan 21 ta mintaqa ro‘yxatida: Moskva (yiliga 6,38 trln), Sankt-Peterburg (1,65 trln), Moskva viloyati (1,37 trln) keltirilgan. Keyingi o‘rinlarda Tatariston, Sverdlovsk va Chelyabinsk viloyatlari, Krasnoyarsk o‘lkasi, XMAO va YaNAO, shuningdek Krasnodar o‘lkasi va Rostov viloyati tilga olinadi.

Eng kam ta’minlangan (eng kam budjetli) mintaqalar — Qalmiqiston, Nenets avtonom okruga va Yahudiylar avtonom viloyati. Ularning yillik budjetlari RF hokimiyati Ukrainadagi urushga bir kunda sarflaydigan mablag‘dan ham kam.

Mavzuga oid