O‘zbekiston | 18:47 / 22.02.2023
14933
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi avtotransport vositalarini onlayn davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam berish tizimi joriy qilinadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda avtomobillarni ro‘yxatdan o‘tkazish va davlat raqami olish uchun haligacha YHXXga borish kerakligi tanqid qilindi.

«Yiliga 300 mingdan ziyod xaridor yangi mashina sotib oladi. Lekin, ro‘yxatdan o‘tish va davlat raqami olish uchun haligacha yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga borish zarur», degan prezident.

Shuningdek, ishga yoki o‘qishga kirish, haydovchilik guvohnomasini olishda kerak bo‘ladigan «086-shakl» tibbiy ma’lumotnomani olish uchun odamlar har safar poliklinikaga murojaat qilishga majburligi, yerlarni xususiylashtirish uchun murojaat onlayn berilishi, ammo kommunal sohadagi ma’lumotlar raqamlashmagani bois, keyingi bosqichlar baribir «qo‘lda» qilinayotgani tanqid qilindi. 

Raqamlashtirish vazirligiga tegishli vazirlik va hokimliklar bilan birgalikda:

  • aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatilayotgan elektron xizmatlar bo‘yicha 26 ta axborot tizimini Yagona davlat xizmatlari portali bilan birlashtirish;
  • ushbu portal orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlarni hozirgi 370 tadan 570 taga yetkazish;
  • yangi avtotransportlarni onlayn davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va raqam berish tizimini joriy qilish;
  • yana 8 turdagi notarial harakatlarni onlayn shaklga o‘tkazish;
  • jami 11 mingga yaqin suv xo‘jaligi obektlarida suv hisobini yuritishning raqamli tizimini joriy etish;
  • 2 mingdan ziyod meliorativ kuzatuv quduqlarini avtomatlashgan monitoring tizimiga o‘tkazish;
  • barcha tibbiyot muassasalarini lokal tarmoq bilan qamrab olish, ularni kompyuterlar bilan to‘liq jihozlash;
  • tibbiyotni raqamlashtirish bo‘yicha 50 million dollarlik loyihani boshlash vazifasi qo‘yildi.

Mavzuga oid