O‘zbekiston | 14:34 / 05.01.2026
2827
3 daqiqa o‘qiladi

50 ga yaqin funksiya va vakolat mahalliy ijro organlariga o‘tkaziladi

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida mahalliy kengashlar samaradorligiga oid qonunchilikni takomillashtirish, vakillik organlari ishini 100 foiz raqamlashtirish, hokimlik hujjatlarini E-qaror orqali to‘liq elektron qabul qilish, bir qator vakolatlarni hududlarga o‘tkazish hamda “byurokratiyani nol” tamoyilini joriy etish belgilangan.

“O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari — mahalliy kengashlarning ta’sirchanligi va javobgarligini oshirish, ularni aholi manfaatlarini ifoda etuvchi asosiy institutga aylantirish bo‘yicha vazifalar nazarda tutilgan.

Loyihaga ko‘ra, 364-band doirasida mahalliy kengashlarning faoliyat samaradorligini oshirishga qaratilgan 5 ta qonunchilik hujjatini takomillashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali vakillik organlari vakolatlari, nazorat mexanizmlari va jamoatchilik bilan muloqot samaradorligini kuchaytirish ko‘zda tutiladi.

Shuningdek, 365-bandda mahalliy vakillik organlari faoliyatini to‘liq 100 foiz raqamlashtirish vazifasi belgilangan. Maqsad — qarorlar qabul qilish, muhokamalar, nazorat-tahlil jarayonlarini shaffof va tezkor qilish, aholi uchun ochiq axborot muhitini kengaytirish.

Loyihada mahalliy davlat hokimiyati ijro organlari faoliyatini ham transformatsiya qilish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan. Xususan, hududiy boshqaruvni “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda.

Jumladan, 366-bandga muvofiq, hokim va uning o‘rinbosarlari tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni — kollegial organ sifatidagi qarorlar, xulosa, dalolatnoma, bayonnoma kabi hujjatlarni E-qaror elektron tizimi orqali ishlab chiqish va qabul qilish ulushini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu hujjat aylanmasini to‘liq elektronlashtirish va ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, 367-band doirasida har yili respublika darajasida amalga oshiriladigan 50 ga yaqin funksiya va vakolatlarni mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga o‘tkazish masalasi nazarda tutilgan. Maqsad — qaror qabul qilishni aholiga yaqinlashtirish va hududlarda muammolarni tezkor hal etish imkoniyatlarini kengaytirish.

Loyihaning 368-bandida mahalliy ijro organlari aholi manfaatlariga daxldor vakolatlarni amalga oshirishda “byurokratiyani nol” tamoyilini 100 foizgacha yetkazish vazifasi qo‘yilgan. Bu jarayonlarni soddalashtirish, talab etiladigan hujjatlar sonini qisqartirish va xizmat ko‘rsatishni tezlashtirishga qaratilgan.

Shuningdek, 369-bandga ko‘ra, ijtimoiy-iqtisodiy, qurilish va energetika, inson resurslari, soliq, bojxona hamda aholini ish bilan ta’minlash kabi yo‘nalishlarga oid 20 tadan ortiq elektron tizimni hokimliklar faoliyatiga tatbiq etish rejalashtirilmoqda. Bu orqali hududiy boshqaruvda ma’lumotlar almashinuvi, tahlil va monitoring mexanizmlarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid