O‘zbekiston | 22:55 / 22.02.2022
103195
4 daqiqa o‘qiladi

“Yoshiga to‘lmagan” inomarkalar narxi qanchaga arzonlashadi?

Ishlab chiqarilgan sanasiga 1 yil to‘lmagan yangi transport vositalari importi uchun bojxona boji va avtomobil dvigatelining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar pasaytirildi. Kun.uz yangi tartib narxlarga qanday ta’sir ko‘rsatishini hisobladi.

Foto: Kun.uz

21 fevral kuni imzolangan prezident qarori bilan, O‘zbekistonga avtomobillar import qilishda bojxona bojlari ikki bosqichda pasaytirilmoqda.

Qaror imzolangan paytdan e’tiboran boj stavkalari 30 foizdan 15 foizga tushiriladi, shuningdek avtomobil dvigateli quvvatining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar ham o‘rtacha ikki barobar va undan ko‘proqqa kamaytiriladi.

Shuningdek, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, avtomobil dvigateli quvvatiga bog‘langan qo‘shimcha koeffitsiyentlar yana bir bor pasaytiriladi, 15 foizlik asosiy boj stavkasi esa o‘zgarishsiz qoladi.

Xo‘sh, yangi tartib bo‘yicha O‘zbekistonga import qilinayotgan inomarkalar narxi qanchaga arzonlashadi? Buni quyida keltirilgan jadvaldagi ma’lumotlar misolida taqqoslab chiqishingiz mumkin:

Yuqoridagi minimal hisob-kitoblar AQSh dollarining O‘zbekiston Markaziy banki 22 fevral kuni belgilagan rasmiy kursda (10 869,8 so‘mdan) amalga oshirilgan.

Yangi tartib ishlab chiqarilgan sanasidan O‘zbekiston bojxona chegarasini kesib o‘tgan kungacha 1 yildan ortiq vaqt o‘tmagan avtotransport vositalarigagina taalluqli.

Ishlab chiqarilganiga 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan avtomobillar importi uchun avvalgidek 30 foizlik bojxona boji va qo‘shimcha koeffitsiyentlar hisoblanadi. Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan avtomobillar uchun ham 40 foizlik boj va qo‘shimcha koeffitsiyentlar saqlanib qoladi.

O‘zbekistonga xorijdan avtomobil import qilishda to‘lanadigan to‘lovlar bir qancha omillarga bog‘liq: avtomobilning yangi yoki eskiligi (ishlab chiqarilgan yili ham inobatga olinadi), xarid narxi, avtomobil ishlab chiqarilgan hamda import qilinayotgan mamlakat, dvigatel turi va hajmi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri bojxona to‘lovlari va yig‘imlaridan tashqari, import qiluvchi shaxs 15 foiz QQS, shuningdek, utilizatsiya uchun to‘lov ham to‘laydi.

Bojxona chegarasidagi avtomobil narxi oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan yoki xalqaro narxlar katalogi bo‘yicha belgilangan qiymatlarda hisoblanadi.

2020 yilning 1 avgustidan O‘zbekistonga transport vositalarini import qilishda utilizatsiya yig‘imi joriy qilingan bo‘lib, uning miqdori quyidagicha:

Ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq vaqt bo‘lmagan transport vositalari uchun:

  • dvigatel hajmi 1000 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 30 barobari miqdorida;
  • dvigatel hajmi 1000-2000 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 120 barobari miqdorida;
  • dvigatel hajmi 2000-3000 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 180 barobari miqdorida;
  • dvigatel hajmi 3000-3500 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 180 barobari miqdorida;
  • dvigatel hajmi 3500 sm³ dan ortiq bo‘lgan avtolar uchun BHMning 300 barobari miqdorida.

Ishlab chiqarilganiga 3 yildan ortiq vaqt bo‘lgan transport vositalari uchun:

  • dvigatel hajmi 1000 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 90 barobari miqdorida;
  • dvigatel hajmi 1000-2000 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 210 barobari miqdorida;
  • dvigatel hajmi 2000-3000 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 330 barobari miqdorida;
  • dvigatel hajmi 3000-3500 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun BHMning 390 barobari miqdorida;
  • dvigatel hajmi 3500 sm³ dan ortiq bo‘lgan avtolar uchun BHMning 480 barobari miqdorida.

Eslatib o‘tamiz, hozirda O‘zbekistondagi bazaviy hisoblash miqdori (BHM) 270 ming so‘mni tashkil etadi.

Mavzuga oid