O‘zbekiston | 21:44 / 25.05.2022
65526
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat g‘allani bozor narxida sotib oladigan bo‘ldi. Buning muhimligi nimada?

1 iyundan boshlab, g‘allani davlat tomonidan sotib olish va sotishda bozor narxlariga o‘tiladi. Bu islohot iqtisodchilarning olqishiga, g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning quvonchiga sabab bo‘ldi. Boshqa tomondan, qolipli non (“buxanka”) narxi masalasi o‘rtaga chiqdi. Kun.uz muxbiri mavzu yuzasidan savollarga Moliya vazirligi departament rahbari To‘lqin Mirzayevdan javob oldi.

— To‘lqin aka, dastlab g‘alla islohotining eng asosiy jihatlari haqida gapirsangiz. Nega u shu paytgacha kechiktirib kelingan? Fermerlar boshiga solingan qiyinchiliklarni bugun qandaydir shaklda kompensatsiya qilish haqida ham o‘ylanyaptimi?

— Islohot kechiktirilmagan. Bu borada hukumat harakatlarni 2018-19-yillarda boshlagan edi. Masalan, pandemiyaga qadar biz qolipli non va unning narxini birjaga – erkin savdoga chiqarib, hatto bug‘doyning narxini ham erkinlashtirgan edik.

O‘sha paytlarda ba’zi fermerlar bizga qo‘ng‘iroq qilib: “Korxonaga don olib keldim, lekin ular olishdan bosh tortishyapti”, degan savollarni ham qo‘ygandi. Nega? Chunki o‘sha paytda bozor erkinlashtirilib, bug‘doyga erkin bozor narxi qo‘yilgandi. Fermer bunda g‘allani davlatga topshiradi va ikki kunda pulini oladi. Bozorda esa uni 10 kun, 1 oy yoki ikki oyda sotadi.

2020 yilda esa bizga pandemiya kirib keldi. Pandemiya ilk kirib kelgan paytda uning iqtisodiyotga, aholining ijtimoiy holatiga olib keladigan zararini baholab bo‘lmasdi.

Masalan, hamma eslaydi, o‘sha paytlarda ko‘chalarda hattoki mashinalar harakati ham to‘xtab qolgandi. Bunday paytda aholini un va non bilan ta’minlash uchun reformani vaqtincha to‘xtatib turgandik.

Bunda, shuningdek, vaziyatdan kimlardir o‘z qing‘ir maqsadlari yo‘lida foydalanmasin, degan maqsadlar ham ko‘zlangandi.

Bu chora pandemiya boshida – 3-4 oy davomida o‘z samarasini berdi. Ammo karantin qoidalari yumshatilar ekan, uning samarasi ham tushib boshladi. Chunki bu bozor va uni to‘la boshqarolmaysiz.

Vaqt va bozor ko‘rsatyaptiki, biz cheklovlar bilan bir tomondan fermerning daromadini kamaytirib, uni qiyin ahvolga tushirib qo‘yyapmiz. Ikkinchi tomondan esa aholiga non va un mahsulotlari baribir davlat o‘ylagan narxda yetib bormayapti.

Hech kimga sir emas, xalq tilida “buxanka” deyiladigan qolipli nonni Toshkent shahridan tashqarida, masalan, Chinoz yoki Yangiyo‘lda 1 ming 600 so‘mdan topolmaysiz. Bu non viloyatlarda haqiqiy bozor narxida sotilyapti.

Shu ma’noda, bu islohotning to‘xtab turishiga ma’lum ma’noda pandemiya sabab bo‘ldi.

— Davlatning fermerlar oldidagi ma’naviy qazdorligi masalasi-chi?

—Biz o‘tgan yili bug‘doyning 1 tonnasini fermerlardan 1 mln 650 ming so‘mdan olgandik, ammo ularning moliyaviy ahvoli yomonlashganini ko‘rib, yil oxirida tonnasiga yana 350 mingdan kompensatsiya to‘lab berdik. Bu birinchi qadam bo‘ldi.

Bu yildan esa fermerlar bug‘doyni birjada to‘liq bozor narxida sotadi. Bu degani endi ularning erkinligi to‘liq ta’minlanadi.

— O‘tgan yili fermerlarga bug‘doyning bir kilogrammi uchun 1 500 – 1 600 so‘mdan to‘langan. Bu yilgi o‘zgarishdan keyin ichki bozorda non mahsulotlari narxida qanday o‘zgarishlar kuzatiladi?

— Haqiqatan ham, biz bu yil bug‘doy narxining o‘tgan yilga qaraganda 2 barobar oshishini kutyapmiz. Bu deganiki, boshqa narxlarda ham o‘zgarish kuzatiladi. Lekin mutaxassislarimizga ko‘ra, buning natijasi faqat Toshkent shahrida sezilishi mumkin. Chunki bugun qolipli non 1 600 so‘mdan faqat Toshkent shahrida sotilyapti. Boshqa hududlarda uning narxi 1 800 so‘mdan 2 900 so‘mgacha.

Bu narxlar o‘sha yerda non ishlab chiqarayotgan korxonaning texnologik imkoniyati va bozordagi talabga qarab belgilanmoqda. Agar iste’molchi mahsulotni bu narxda olmasa, ishlab chiqaruvchi ham sotolmaydi. Toshkent shahrida esa bu nonga talab katta. Shuning uchun ham narxlar shunday saqlanib qolyapti.

Ammo yana shuni qo‘shimcha qilish kerakki, biz bu o‘zgarishlarni bugun yo ertaga kutmayapmiz. Hali qachonki, biz bug‘doyni iyun oyidan boshlab birjada sotishni boshlasak, undan keyin narxlar ma’lum bo‘ladi. Bunda narxlarning aniq qanday o‘zgarishini aytish qiyin. Hammasini tadbirkorlar o‘rtasidagi raqobat, talab va taklif belgilaydi.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Mirvohid Mirrahimov.

Mavzuga oid