Navoiyda sud raisi gazeta muharririga buyurtma maqola chiqarilmagani uchun tahdidli xat yo‘lladi
Navoiy viloyati Uchquduq tuman iqtisodiy sudi raisi Xurshid Tursunov «Uchquduq» gazetasi tahririyati muharriri Rayhon Qodirovaga yuborgan maqolalarini chop etib, gazetadan bir nusxa jo‘natmasa, jarimaga tortishi haqida tahdidli xat jo‘natgan. Sudning buyurtma maqolasi esa plagiat bo‘lib chiqqan.
Sud raisi 2020 yilning 22 sentyabrida rasmiy xatga ilova qilgan holda «Korrupsiya – jamiyat taraqqiyoti kushandasi» sarlavhali maqola jo‘natgan. Ammo tahririyat mazkur maqolani chop etmagan. Eng qizig‘i, sud raisi rasmiy xatida qo‘shimcha eslatmalarsiz (!) maqolasi gazetada chop etilganidan so‘ng sudga 1 nusxa jo‘natishni so‘ragan.
Ma'lumot uchun: “Uchquduq” gazetasining muassisi Uchquduq tuman hokimligi hisoblanadi.
Sud raisi xuddi shu mazmundagi rasmiy xat bilan 2020 yilning 8 oktyabrida «Sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish yo‘lida muhim qadam» sarlavhali navbatdagi maqolani jo‘natadi. Ammo bu xat tahririyatga yetib kelmaydi. Ushbu xatning bir nusxasiga imzo qo‘yib olgan G.Karimov ismli shaxs tahririyatda ishlamasligi ma'lum bo‘ladi.
«Ishlari yurishmagan» sud raisi joriy yilning 4 fevralida tahririyatga tahdidli xat jo‘natadi. Xurshid Tursunov ushbu xatida sudning murojaatlariga tahririyat tomonidan yozma ma'lumot taqdim etilmaganini ta'kidlaydi.
«O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida»gi kodeksning 43-moddasiga asosan, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish, yozma yoxud elektron shaklda javob yubormaslik mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan, iqtisodiy sud tomonidan 08.10.2020 yil va 22.09.2020 yilda yuborilgan xatlar ijrosini ta'minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib, qilingan ishlar yuzasidan sudga yozma ravishda ma'lumot taqdim etishingizni so‘rayman. Aks holda, qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish to‘g‘risida ogohlantiraman», — deyiladi sud raisi xatida.
Shu o‘rinda «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunning 1-moddasidagi «qonunning amal qilishi davlat organlarining, shuningdek, ular tarkibiy bo‘linmalarining o‘zaro yozishmalariga nisbatan tatbiq etilmaydi» degan qoida sud raisining e'tiboridan chetda qolgan ko‘rinadi.
Qolaversa, Xurshid Tursunovning gazeta tahririyatiga 2020 yilning 22 sentyabr kuni «Korrupsiya – jamiyat taraqqiyoti kushandasi» sarlavhali maqolasining aksariyat qismi internetdagi manbalardan ko‘chirilganini ko‘rish mumkin.
Sud raisi o‘zi ta'kidlagan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 10 baravarigacha jarima jazosi mavjudligini, shuningdek, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 5-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida OAV erkin ekanligini, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish taqiqlanishini bilarmikan?!
Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
17:48 / 22.11.2024
Jismoniy shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibi belgilandi
11:25 / 21.11.2024
2024 yilda 30 mingdan ortiq o‘zbekistonliklar tuhmat va haqorat qilgani uchun sudlandi
16:05 / 16.11.2024
“Ma’naviy ekspertiza” axloq pardasi himoyachisimi yoki media makon nazoratchisi? Bahsli mavzuda katta suhbat
22:25 / 12.11.2024