O‘zbekiston | 13:20 / 15.05.2026
6017
2 daqiqa o‘qiladi

Turkistonda O‘zbekiston qurgan muhtasham masjid ochiladi

Qozog‘istonning Turkiston shahrida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan muhtasham jome masjidi ochilishi arafasida. Amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev yangi majmua bilan tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Masjid majmuasining umumiy maydoni 7 gektardan ziyodni tashkil etadi. U bir vaqtning o‘zida 5 mingdan ortiq namozxonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Muhtasham ansambl to‘rtta 70 metrlik minora, uch qavatli asosiy bino, keng namoz zallari va an’anaviy ayvonlarni o‘z ichiga olgan.



Jome masjidi Islom va Sharq me’morchiligining eng yaxshi an’analari asosida barpo etilgan. Majmua qiyofasida milliy naqshlar, sharqona gumbazlar, baland minoralar va zamonaviy qurilish yechimlari uyg‘unlashgan. Masjidning ichki qismida esa islom xattotlik va naqqoshlik san’atining noyob namunalari keng qo‘llangan.



Masjid atrofidagi 4,2 gektar maydonda ham keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hududda yashil maydonlar, sayr yo‘laklari, dam olish maskanlari, zamonaviy yoritish tizimlari, favvoralar va manzarali inshootlar barpo etilyapti.



Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston tomonidan qardosh Qozog‘iston xalqi va Turkiston ahliga tuhfa sifatida qurilgan ushbu masjid ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, madaniy yaqinlik, yaxshi qo‘shnichilik va ittifoqchilik munosabatlarining yorqin timsoli hisoblanadi.

Tashrif davomida Qur’oni karim oyatlari tilovat qilinib, ikki qardosh xalq tinchligi va farovonligi uchun duo qilindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid