O‘zbekiston | 20:49 / 17.12.2019
176158
3 daqiqa o‘qiladi

Ahmadjon Tursunboyevning odamlardan qancha qarzi borligi ma'lum qilindi

Xalq orasida «Ahmadboy» nomi bilan mashhur bo‘lgan, sud hukmiga ko‘ra g‘ayriqonuniy moliyaviy piramida tashkil etish va firibgarlikda ayblangan chinozlik Ahmadjon Tursunboyevning odamlardan jami 386 mlrd so‘m miqdorida qarzi mavjud. Bu haqida Majburiy ijro byurosi Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekzod Mengliyev ma'lum qildi.

Bekzod Mengliyev

Byuro vakilining so‘zlariga ko‘ra, Ahmadjon Tursunboyev va boshqa sheriklarining jinoiy ishi doirasida 29 turdagi ko‘chmas mulk, 8 turdagi avtotransport va zargarlik buyumlari xatlangan bo‘lib, ularni baholash va auksionda sotish bo‘yicha harakatlar olib borilmoqda.

«A.Tursunboyevdan aldanganlar soni 11 ming 710 nafar kishini tashkil etadi. Ular ko‘rgan zarar mahkumdan xatlab olib qo‘yilgan mulklarni auksionda sotishdan tushadigan hamda tergov jarayonida olib qo‘yilgan pul mablag‘lari evaziga qoplanadi. Jinoiy ishda jabarlanganlarning ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, mablag‘ byuro organi depozit raqamiga kelib tushishi bilan 3 kun ichida shaxslarga qaytariladi», deya Bekzod Mengliyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘shimcha qilinishicha, pullar jabrlanuvchilar «Ahmadboy»ga qancha summa berganidan kelib chiqqan holda proporsional tarzda taqsimlanadi.

«Zararni qoplash uchun ajratiladigan summa jabrlanuvchilarning plastik kartasiga o‘tkazib beriladi. Plastik kartaga ega bo‘lmaganlar uchun esa MIB tomonidan bank muassasasi orqali bepul karta ochtirib berilmoqda», deydi byuro vakili.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston tarixidagi eng mashhur moliyaviy piramidani qurgan chinozlik Ahmadjon Tursunboyev va uning sheriklari 2016 yilning iyulida Chinoz tumanida qo‘lga olingandi. Tintuv chog‘ida uning uyidan 13,1 milliard so‘m va 7,9 million dollar naqd pul topilgan edi. Uning garajida Escalade, BMW, Lexus mashinalari saqlanishi aniqlandi.

Firibgarlik, noqonuniy moliyaviy piramida tashkil etish va boshqa jinoyatlarda aybdor deb topilgan Ahmadjon Tursunboyevga shu yilning oktyabrida 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilgan holda 14 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish hamda eng kam oylik ish haqining 400 baravari miqdorida 52 096 000 so‘m jarima jazolari tayinlangandi. Ozodlikdan mahrum qilish jazosining o‘talmagan muddati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2016 yil 12 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma to‘rt yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida»gi Qarorining 6-bandi «b» kichik bandiga asosan to‘rtdan bir qismiga qisqartirilgan.

Mavzuga oid