O‘zbekiston | 11:55 / 27.08.2024
5343
2 daqiqa o‘qiladi

Mirzaobod tumaniga ham bank rahbari hokim bo‘ldi

“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki Sirdaryo viloyati filiali boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelgan Orif Rahmonqulov Mirzaobod tumani hokimi etib tayinlandi. Tumanning avvalgi hokimi prezident o‘tkazgan yig‘ilishda ishdan olingandi.

Foto: Sirdaryo viloyati hokimligi

Mirzaobod tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bugun xalq deputatlari Mirzaobod tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida bo‘lib o‘tgan. Unda viloyat hokimi Akmaljon Maxmudaliyev ishtirok etib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni sohalar bo‘yicha birma-bir tanqidiy tahlil qilgan.

Sessiyada viloyat hokimining Orif Rahmonqulovni Mirzaobod tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori deputatlar tomonidan tasdiqlangan. 

Orif Raxmonkulov 1983 yilda Jizzax viloyati Baxmal tumanida tug‘ilgan. 2010 yilda Toshkent moliya institutini bakalavr darajasini, 2012 yilda magistraturani tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — buxgalteriya hisobi va audit.

U tayinlovga qadar “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat banki Sirdaryo viloyati filiali boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

2023 yil oktyabr oyidan Mirzaobod tumaniga rahbarlik qilib kelgan Sarvar Sultonov avvalroq prezident rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ishdan olingan edi.

Oldinroq Navoiy viloyatining Uchquduq tumaniga ham bank rahbari hokim qilib tayinlangani habar qilingandi.

Mavzuga oid