Sog‘lom hayot | 22:12 / 15.09.2025
6561
4 daqiqa o‘qiladi

Telefonga qaram bo‘lgan bola miyasining rivojlanishi susayadi – mutaxassis

Bolalar psixologi Janar Seitmag‘ambet zamonamiz muammosiga aylanib ulgurgan telefonga qaramlik sabablari va undan qutulish yo‘llarini aytib berdi.

Foto: Getty images

Bola uch yoshga to‘lguncha umuman gadjet berilmasligi kerak, dedi qozog‘istonlik bolalar psixologi Janar Seitmag‘ambet «Bugin LIVE» dasturiga bergan intervyusida va telefonga qaramlikdan qanday qutulishni tushuntirdi.

— Odam qandaydir harakatga darrov odatlanib qolmaydi. Qaramlik bir xil harakatni qayta-qayta bajarishdan kelib chiqadi. Bolalarda telefonga qaramlikni aniqlash usullari mavjud. Agar so‘raganda hech qanday qiyinchiliksiz telefonni qaytarib bersa, unda qaramlik yo‘q. Agar u yig‘lab, telefondan ajralishni istamasa, unda xavf bor, dedi Janar Seitmag‘ambet.

Bolalar psixologining aytishicha, bunday vaziyatda ota-onalar bevosita aralashishi kerak.

— Virtual olam real hayotdan ustun bo‘lsa, ota-ona, bobo-buvi, aka-uka e’tibor bermasa, bola o‘sha virtual dunyoga kirib boradi. Shuning uchun, qaramlikdan qochish uchun bolaning hayotini chiroyli tashkil qilish kerak. Hozirgi paytda virtual olam bolalarni ota-onasidan uzoqlashtirmoqda. Chunki ota-onalar bolaning hayotini qiziqarli tarzda tashkil eta olmaydi. Ota-ona nima qilsa, bola o‘shani takrorlaydi, dedi u.

Mutaxassis, shuningdek, bolalar qaysi yoshdan gadjetlardan foydalanishni boshlashi tavsiya etilishiga to‘xtaldi.

— Bolaga uch yoshga to‘lguncha umuman gadjet berilmasligi kerak. 11 yoshga to‘lgunga qadar, unga faqat aloqa uchun tugmachali telefonni berish lozim. Chunki bu yoshga qadar bola miyasining old qismi, psixoemotsional rivojlanishi, iroda kuchi shakllanadi, dedi studiya mehmoni.

Psixolog gadjetlardan ko‘p foydalanish bolaning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

— Bolaning psixoemotsional holati hali barqarorlashmagan paytda, u gapirish va muloqot qilishni o‘rganishi kerak. Telefondan bosh ko‘tarmaydigan bolaning so‘z zaxirasi oz bo‘ladi. So‘z zaxirasi oz bola tasavvur qila olmaydi va chiroyli insho yoza olmaydi. Faqat gaplashganda, muloqotda bo‘lganda va so‘z boyligini rivojlantirganda, bola ochilib, chiroyli gapira oladi. Virtual dunyo juda tez harakat qiladi. Qisqa videolar, turli his-tuyg‘ularga to‘la ma’lumotlar bolaning miyasiga zo‘r beradi. Natijada, bola doimo bezovta bo‘ladi va kelajakda diqqatini jamlay olmaydi. Chunki uning miyasi uzoq vaqt davomida ko‘p ma’lumotlarga e’tibor berishga odatlanmagan, dedi mutaxassis.

Janar Seitmag‘ambet bolani qaramlikdan qanday qutqarish kerakligini ham tushuntirib berdi.

— Telefonni butunlay olib qo‘yish yaramaydi. Bolalarga kuniga atigi 1-2 soat foydalanishga ruxsat berish yaxshiroqdir. Qolgan vaqtni sevimli mashg‘ulotlariga va do‘stlar bilan muloqotga bag‘ishlash kerak. Men o‘zim 15 yil oldin ongli ravishda uyda televizordan voz kechdim. Kechqurun kitob o‘qishni odat qilib oldim. Farzandlarim ham buni ko‘rib, xuddi shu odatini davom ettirmoqda. Telefonga berilib ketgan boladan darhol uni olib qo‘yish to‘g‘ri emas. Vaqtni asta-sekin qisqartirish va yangi odatlarni shakllantirish orqali uni telefondan uzoqlashtirish kerak. Eng muhimi, bola bilan iliq suhbatlashish va u nimani qidirayotganini, nimani xohlashini tushunishga harakat qilishdir, deb xulosa qildi bolalar psixologi.

Mavzuga oid