Ijtimoiy tarmoqlarning bolalarga ta’sir doirasi ortmoqda, bu ularning hayot tarzi, xulqi va atrofdagilarga bo‘lgan munosabatiga ta’sir qilmay qolmayapti. Aksariyat davlatlar internetdan foydalanishni turli shakllarda cheklash haqida allaqachon bosh qotirishga kirishgan. O‘zbekiston uchun bu masala qanchalik aktual? Bolalarni tarmoqlardan uzoqlashtirish qanchalik samara beradi, buning kutilgan foydadan tashqari salbiy oqibatlari ham bo‘lishi mumkinmi? Kun.uz ekspertlar bilan buni tahlil qildi.

Yaqindan boshlab Avstraliyada bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga taqiq qo‘yildi. Hukumatning taqiqi kuchga kirgach, ilk kundan 4,7 milliondan ortiq akkaunt o‘chirib qo‘yildi, olib tashlandi yoki cheklandi.

Shu kunlarda Avstraliya ortidan Buyuk Britaniya, Fransiya, Malayziya, Indoneziya hamda qo‘shni davlat Qozog‘iston ham ayni amaliyotni joriy etishni o‘ylab yuribdi.

Xo‘sh, Yevropaning demokratik hukumatlari nima sabab bunday qarorga kelishni boshladi? Taqiqni jiddiy o‘ylab ko‘rish kerakmi? Uning bolalarga ta’siri qanday baholanmoqda? Kun.uz ayni savollar atrofida Kun.uz studiyasida suhbat o‘tkazdi. Unda faylasuf Xurshid Yo‘ldoshev, psixiatr Gavhar Teshaboyeva hamda pedagog Zulfiya Rashidova ishtirok etdi. Quyida suhbatdan qisqa sharh keltiriladi.

Demokratik davlatda biror narsa cheklandimi, katta ehtimol bilan bu bizga yetarlicha kuchli signal” – faylasuf

Xurshid Yo‘ldoshevning dastlab tushuntirishicha, mamlakatlar xoh demokratik, xoh avtrokratik bo‘lsin, ikkisida ham chelovlar mavjud. Ammo bu cheklov qabul qilinishi turlicha.

Ya’ni avtoritarizmda bir insonning kayfiyati bilan qarorlar qabul qilinib, ertasi kuni u olib tashlansa, demokratiyada muayyan bir taqiq bir guruh odamlar bilan muhokama qilingan holda o‘rnatiladi. Faylasf tarmoqlar bilan bog‘liq cheklov o‘rnatilishi ko‘plab mutaxassislar tahlilidan o‘tgani sabab uni jiddiy qabul qilish kerakligini aytmoqda.

Insonning erkinligi, fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan huquqi bilan bog‘liq bo‘lgan haq-huquqini ma’lum darajada cheklash haqida da’vo bilan chiqsangiz, sizga juda katta, kuchli argument kerak. Uning uchun siz birinchi navbatda o‘zingizning sheriklaringiz, partiyadoshlaringizni ishontirishingiz kerak. Ketidan bu yoqda raqib, muxoliflarni ishontirishingiz, butun aholini bu narsaga ishontirishingiz kerak. Buning uchun nima kerak? Buning uchun sizda juda katta dalillar, isbotlar, argumentlar kerak.