Jahon | 08:52
561
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiya 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi

Fransiya parlamentining quyi palatasi 15 yoshga to‘lmagan o‘smirlar uchun ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi. Makronning iltimosiga binoan hujjat tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqilmoqda, hokimiyat uni fevral oyidayoq qabul qilishga umid qilyapti.

Foto: iStock.com / Marizza

Fransiya Milliy majlisi (parlamentning quyi palatasi) 15 yoshga to‘lmagan o‘smirlarga ijtimoiy tarmoqlarga kirishni taqiqlash haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi. 26 yanvar, dushanba kuni kechqurun hujjatni qabul qilish uchun 116 nafar deputat ovoz berdi, 23 nafari qarshi chiqdi. Endi hujjat Senatga (parlamentning yuqori palatasi) ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Qonun loyihasida: “ijtimoiy tarmoqqa kirish 15 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar uchun taqiqlanadi”, deb ko‘rsatilgan. Le Monde gazetasi ta’kidlashicha, bunday ibora “ijtimoiy tarmoqlarga aniq majburiyatlar yuklamaydi”. Nashr ma’lumoticha, qonunchilik matni shu tarzda tuzilishga majbur bo‘lgan, chunki ijtimoiy tarmoqlar faoliyatini tartibga solish — Yevropa komissiyasining vakolati hisoblanadi. Bu ibora Fransiya hukumati tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan. Hukumatda ushbu qonun loyihasi onlayn-platformalarni “bu chora samarali bo‘lishi uchun yoshni tekshirish tizimlarini joriy etishga majbur qilish” imkonini beradi, deb kutilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasining yana bir moddasi 2018 yilda joriy etilgan kollejlarda — 11–15 yoshli bolalar o‘qiydigan o‘rta maktab bosqichida mobil telefonlardan foydalanish taqiqini kengaytirishni nazarda tutadi. Endi bu taqiqni yuqori sinflar (litseylar)ga ham tatbiq etish rejalashtirilmoqda.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning iltimosiga ko‘ra, hukumat qonun loyihasini ko‘rib chiqishda tezlashtirilgan tartibni ishga tushirgan. Bu tartib har bir palatada ikki o‘qish o‘rniga faqat bitta o‘qishni nazarda tutadi.

Fransiyaning sobiq bosh vaziri Gabriel Attal — Milliy majlisda prezidentning “Renessans” partiyasi fraksiyasi rahbari — Senat qonun loyihasini fevral o‘rtalaridayoq qabul qiladi, degan umidini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar qonun bir oy ichida qabul qilinsa, 1 sentabrdan 15 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun yangi akkauntlar ochish taqiqlanadi, 31 dekabrgacha esa platformalar o‘smirlarning avvaldan mavjud hisoblarini o‘chirib tashlashi kerak bo‘ladi.

Bu rejani Makron ham qo‘llab-quvvatlaydi. U Milliy majlis ma’qullagandan keyin X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida shunday yozdi: “Bolalarimizning ongi sotilmaydi. Na Amerika platformalariga, na Xitoy tarmoqlariga. 1 sentabrga kelib, bolalarimiz va o‘smirlarimiz nihoyat himoyalanadi. Men buni ta’minlayman”.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid