O‘zbekiston | 19:24 / 28.11.2025
13129
12 daqiqa o‘qiladi

Davri tugagan AI-80, tadbirkorlar uchun kafolat va “ZAGS”dan o‘tishda qulaylik – 1 dekabrdan nimalar o‘zgaradi?

Kun.uz sayti o‘z an’anasiga muvofiq, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Davri tugagan AI-80

2025 yil 1 dekabrdan O‘zbekistonda AI-80 markali benzin sotilishining oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatiladi. Bu davlat rahbarining shu yil 18 noyabr kuni imzolagan qaror bilan tasdiqlangan dasturda keltirilgan. Ushbu tartib ekologiya sohasi bo‘yicha yangi choralar ko‘rish fonida yo‘lga qo‘yilmoqda.

Aslida “O‘zbekneftgaz” joriy yil 2 sentabrdan e’tiboran AI-80 markali benzinni birja savdolariga chiqarishni to‘xtatgandi. O‘shanda avgust oyida tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan AI-80 benzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentabr oyida ham o‘z egalariga yetkazib berilishi hamda yil oxirigacha omborlardagi zaxiralar ham tugashi belgilangan. Endilikda perzident qarori bilan aholini sifatli va ekologik toza yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda AI-80 benzinini avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotishni oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatiladi.

Hozir dunyo bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan deyarli barcha avtomobillar yuqori oktanli yoqilg‘ida ishlashga mo‘ljallangan. AI-80 kabi past oktanli turlari yonishi natijasida ko‘p miqdorda uglerod oksidi va yonmagan uglevodorodlar kabi ifloslantiruvchi moddalar hosil bo‘ladi. Bu esa aholi salomatligiga zararli. Qolaversa, transport chiqindilari iqlim o‘zgarishini ham tezlashtiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Shu sababli ko‘plab mamlakatlar ekologik qoidalarni borgan sari qattiqlashtirib bormoqda.

Butun dunyo amaliyotida 80 benzini eng sifatsiz benzin hisoblanadi va mamlakatlar buni tan olib, muomaladan chiqarib bo‘lgan.

Tadbirkorlarga kafolatlar taqdim etiladi

Davlat rahbarining 2025 yil 26 sentabrdagi farmoni bilan tadbirkorlik faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga doir qator choralar belgilangan. Hujjatga ko‘ra, 2026-2027 yillarda «Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» tomonidan 4 trillion so‘mlik moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini taqdim etish orqali 5 mingta tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan kompaniya tomonidan quyidagi shartlarda qo‘shimcha ravishda kafolat yoki kafillik taqdim etiladi:

🔸 yirik tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha, biroq kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarning 50 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda;

🔸 o‘rta va yirik tadbirkorlarning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi yirik loyihalariga ularning aylanmasidan kelib chiqib, 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan miqdorda;

🔸 avval kafillikdan ijobiy foydalangan va yaxshi kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga amalda belgilangan kafillik miqdorini 1,5 baravargacha oshirgan holda;

Shuningdek, kelgusi yil boshidan olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kichik va o‘rta tadbirkorlarga ajratilgan kreditlarning mos ravishda 1,5 mlrd so‘mgacha va 5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan qismini Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkasigacha qayta moliyalashtirish orqali kompensatsiya taqdim etilishi nazarda tutilgan.

“ZAGS”dan o‘tishda qulaylik

2025 yil 1 dekabrdan boshlab FHDYo organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rik natijalarini onlayn tarzda oladi. Ya’ni turmush qurayotganlar analiz javoblarini qog‘oz shaklda ko‘tarib yurishi shart bo‘lmaydi. Bu haqda prezidentning tegishli farmonida belgilab qo‘yildi.

Qayd etilishicha, 2028 yilgacha YaIDXP (my.gov.uz) va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar soni 900 taga yetkaziladi. Proaktiv davlat xizmatlari sonini esa 53 taga hamda kompozit davlat xizmatlarini 74 taga yetkazish maqsad qilingan.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali quyidagilar bekor qilinadi:

  • nikohni rasmiylashtirishda FHDYo organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi;
  • nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYo organlari tomonidan sud qarorining talab qilinishi;
  • avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi.

Yangi tartib bo‘yicha FHDYo organlari nikohlanuvchi shaxslarning tibbiy ko‘rik natijalarini, mudofaa bo‘limlari esa harbiy xizmatga majburlarning turar joyi o‘zgargani haqidagi hujjatlarni axborot tizimlari orqali onlayn tarzda oladi.

Onlayn seysmologik platforma ishga tushadi

2025 yil 20 oktyabrda prezidentning “Seysmik xavfsizlikni ta’minlash hamda seysmologiya sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingan. Unda seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasini raqamlashtirish, madaniy meros obektlari va transport inshootlarining seysmik holatini monitoring qilish, qurilish maydonlaridagi gruntlarning seysmik xavfini kamaytirishga doir qator choralar belgilangan.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagilarni raqamlashtirgan holda yagona tizim asosida Onlayn seysmologik platforma ishga tushiriladi:

  • sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan zilzilalarning mintaqaviy akselerogrammalar bazasi;
  • respublika hududlarini ilmiy tahlil asosida seysmik xavf darajasi bo‘yicha tasniflashni nazarda tutuvchi umumiy seysmik va batafsil rayonlashtirish xaritalari;
  • tuman va shaharlar markazlarining makroseysmik ballardagi va cho‘qqi tezlanishdagi mikrohududlashtirish xaritalari;
  • respublikadagi mavjud faol tektonik yoriqlar xaritasi.

Onlayn seysmologik platforma «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimiga integratsiya qilinib, undagi seysmologik ko‘rsatkichlar bo‘yicha seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan bino va inshootlar loyihalashtiriladi hamda mazkur ko‘rsatkichlar shaharsozlik ekspertizasidan o‘tkazish uchun asos hisoblanadi.

Shuningdek, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab dastlab Toshkent shahrida, reja asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida yerosti qurilish obektlari uchun 10, 20 va 30 metr chuqurlikdagi muhandis-geologik, seysmologik ko‘rsatkichlar ishlab chiqiladi va ularning raqamlashtirilgan seysmik jadallik xaritalari shakllantiriladi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab ikki yil davomida respublika tuman markazlari va shaharlari markazlaridagi zilzila ta’siriga chidamli bo‘lmagan gruntlarni seysmik xususiyatlar bo‘yicha toifalash va tavsiflash ishlari tashkil etiladi. Ushbu ishlar doirasida:

  • seysmik mustahkamlikni oshirishga qaratilgan gruntlarning seysmoizolyatsiyasi bo‘yicha gibrid yo‘nalishdagi seysmologik tadqiqotlar olib boriladi hamda gruntlarni muhandislik tayyorlash va ularning seysmik jadalligini kamaytirish usullari qo‘llanadi;
  • seysmologik tadqiqotlar natijalari asosida tegishli normativ-texnik hujjat ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda zilzilabardosh bino-inshootlarni loyihalash va qurishda foydalaniladi;
  • tadqiqotlarni amalga oshirish xarajatlari Seysmologiya institutiga Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar doirasida va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Daraxt kesish uchun ariza berayotganlarni jamoatchilik kuzatib turadi

Prezidentining tegishli qarori bilan, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasi tasdiqlangan.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 dekabrdan boshlab Ekologiya vazirligi atrof tabiiy muhitning davlat monitoringi tizimi jamoatchilik uchun ochiq bo‘lishini ta’minlaydi va quyidagi ma’lumotlarni joylashtirib boradi:

  • har yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan daraxt va ko‘chatlar haqida (manzili, parvarishlash uchun mas’ul shaxslar, ko‘chat turi va boshqalar);
  • davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarni kesish uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olish maqsadida taqdim etilgan arizalar haqida (murojaatchilar, daraxtlar soni, turi va manzili) va daraxtni kesish bo‘yicha o‘tkaziladigan jamoatchilik eshituvi haqida (sanasi, vaqti, manzili va natijalari);
  • suv havzalarida noruda materiallarni qazib olish bo‘yicha joriy qilingan moratoriy tartibini buzgan shaxslar haqida;
  • mo‘ljallanayotgan va (yoki) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan xo‘jalik faoliyatining hamda boshqa faoliyatning atrof-muhitga ehtimol tutilgan ta’siri masalalarini aholi va jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan jamoatchilik eshituvlari natijalari haqida;
  • strategik ekologik baholash obektlari, jumladan, shaharsozlik hujjatlarining barcha turlari, davlat dasturlarining, konsepsiyalarining, ishlab chiqarish kuchlarini, iqtisodiy va ijtimoiy soha tarmoqlarini joylashtirish hamda rivojlantirish sxemalarining loyihalari yuzasidan jamoatchilik eshituvi natijalari haqida;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘tkazilgan reydlar, tekshiruvlar, monitoringlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari va ularni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan choralar haqida;
  • hududlarga qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish uchun biriktirilgan sanitar-tozalash korxonalari (korxona nomi, rahbari va uning o‘rinbosari familiyasi, ismi, otasining ismi, ularning telefon raqamlari, dispetcherlik xizmati va murojaatlarni qabul qilish xizmati ma’lumotlari, qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish reja-grafiklari) haqida;
  • chiqindilarni qabul qilish, saralash, qayta ishlash va yoqish orqali muqobil energiya ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi korxonalar haqida (korxona nomi, faoliyat turi, telefon raqamlari, ikkilamchi xomashyo, saralangan chiqindilarni qabul qilish maskanlari manzillari).

Boshqa o‘zgarishlar

2025 yil 1 dekabrdan boshlab:

  • “iste’molchi–tadbirkor–nodavlat notijorat tashkilotlar–davlat organlari” tizimi joriy etiladi;
  • NNTlarga “Raqamli hukumat” tizimi orqali idoralararo elektron hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi;
  • nodavlat sud ekspertlariga yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida faoliyat yuritish huquqi beriladi;
  • fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi;
  • ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarni belgilash, ijara shartnomasini tuzish, davlat ro‘yxatdan o‘tkazish va to‘lovlarni amalga oshirish xizmat turi joriy qilinadi;
  • bojxona hududida yoki hududidan tashqarida qayta ishlash rejimlarida bojxona yuk deklaratsiyalarini soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirish imkonini beruvchi “Tolling operatsiyalari” moduli amaliyotga joriy etiladi;
  • Fanlar akademiyasi bilan birgalikda zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • «Iste’molchi murojaati» elektron tizimini joriy etiladi;
  • sayyohlarga joylashtirish vositalarini onlayn band qilish va sayyohlar tomonidan baholash, avtobus, avia va temiryo‘l chiptalari, madaniy meros obektlari, muzeylar va boshqa diqqatga sazovor joylarga kirish chiptalarini xarid qilish, xalqaro va milliy to‘lov tizimlari orqali turistik xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirish imkonini beruvchi platforma to‘liq ishga tushiriladi.

Mavzuga oid