Jamiyat | 14:39 / 11.08.2021
27750
5 daqiqa o‘qiladi

Zarafshonda hokim va prokuror kelisholmayapti. O‘rtada 59 nafar fuqaro sarson

Navoiy viloyati Zarafshon shahar prokuraturasi shahar hokimining 2021 yil aprel-may oylaridagi 59 ta farmoyishini haqiqiy emas deb topish yuzasidan sudga ariza kiritdi. Shahar hokimligi prokuraturaning keltirayotgan vajlarini asossiz deb hisoblamoqda. O‘rtada 59 nafar fuqaro sarson bo‘lyapti.

Zarafshon hokimligi rasmiy Telegram kanalida shahar hududida 200 ga yaqin yengil konstruksiyali xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish rejalashtirilgani haqida e'lon bergan. Murojaat qilgan 59 nafar fuqaroga 2021 yilning aprel-may oylarida hokim farmoyishi asosida xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini o‘rnatish uchun vaqtincha yer uchastkalari taqdim etilgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, yer uchastkasi taqdim qilingan fuqarolar belgilangan xizmat ko‘rsatish turlari bo‘yicha tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun harakatni boshlab yuborishgan hamda bugungacha ayrimlari 30-40 million so‘mgacha harajat qilishgan. Ayrimlari poydevor qurgan, ba'zilari yengil konstruksiyali inshootga buyurtma bergan. Ammo bugunga kelib ular qilgan harajatlariga kuyib qolmoqda.

Gap shundaki, viloyat prokuraturasi 2021 yil 7 iyul kuni hokimlikka mazkur farmoyishlarni bekor qilish to‘g‘risida protest kiritgan.

Hokimlik esa prokuratura protestini rad etgan.Shundan so‘ng, 2021 yilning 24 iyul kuni Zarafshon shahar prokuraturasi Navoiy tumanlararo ma'muriy sudiga ariza bilan murojaat qilib, shahar hokimining yuqoridagi farmoyishlarni qabul qilishdagi xatti-harakatini g‘ayriqonuniy, farmoyishlarni esa haqiqiy emas deb topishni so‘ragan.

Prokuratura Yer kodeksining 23-moddasiga asosan yer uchastkalarini egalik qilish, foydalanish uchun, ijaraga va mulk qilib berish (realizatsiya qilish) yer ajratish tariqasida amalga oshiriladi, hokimlik farmoyish asosida fuqaroga yengil konstruksiyali inshoot o‘rnatishga ruxsat berish orqali yer maydonidan foydalanishga imkon yaratgan, deya hisoblamoqda.

Shahar hokimligi esa farmoyishlar bilan fuqarolarga yer uchastkalari ajratilmagani, aksincha vaqtincha muddatga yengil konstruksiyali qurilmalarni o‘rnatishga ruxsat berilgani, “ajratish” va “o‘rnatish” o‘rtasida farq borligini, qonunchilikda “o‘rnatish” tushunchasi yo‘qligini aytmoqda.

Shu sabali, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 11-moddasiga asosan, qonun hujjatlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar va noaniqliklar tadbirkorlik faoliyati sub'yektining foydasiga talqin etilishi belgilangani hisobga olinsa, prokuraturaning keltirayotgan vajlari asossiz, deya hisoblamoqda hokimlik.

Shuningdek, prokuratura Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi to‘g‘risidagi nizomning 2-bob, 5-qism, 5-bandini asos sifatida keltirib, unda belgilangan tartibda tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga, shu jumladan, shaharlar va tumanlar markazlarining bosh rejalariga asosli o‘zgartirishlar kiritilishiga rozilik berishi, shahar hokimligi tomonidan ushbu obektni o‘rnatishga ruxsat berishda, kengash bilan kelishilmagani yoki bosh reja va batafsil rejalashtirish loyihasida mavjudligi to‘g‘risida shaharsozlik hujjati ilova qilinmaganini ro‘kach qilgan.

Shahar hokimligi bu sababni ham rad qilib, Shaharsozlik kodeksining 54-moddasida aholi punktining bosh rejasi 20-25 yillik hisob-kitob muddatiga mo‘ljallanib ishlab chiqilishi, aholi punktining bosh rejasi u to‘liq amalga oshirilguniga qadar yoki yangi bosh reja tasdiqlanguniga qadar amal qilishi qayd etilganini asos qilib ko‘rsatgan.

Ta'kidlanishicha, Zarafshon shahrining bosh rejasi Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 11 noyabrdagi 243-sonli qarori bilan tasdiqlangan. Bosh rejaga o‘zgartirish kiritish muddati 2028-2033 yillar oralig‘iga to‘g‘ri keladi. Shahar hokimining yengil konstruksiyali qurilmalarni o‘rnatishga ruxsat berish haqidagi farmoyishlari 5 yil amal qilishi inobatga olinsa, mazkur muddat 2026 yilda o‘z kuchini yo‘qotadi.

Masalaning e'tiborli tomoni shundaki, ushbu “kelishmovchiliklar” kelib chiqishidan oldin, 2020 yilning 16 dekabr kuni hokimlik shahar prokuraturasiga xat orqali murojaat qilib, yengil konstruksiyali ko‘chma servis obektlarini vaqtincha muddatga o‘rnatish yuzasidan shahar hokimligi farmoyishi loyihasi tayyorlangani, mazkur farmoyish amaldagi qonunchilikka muvofiq yoki muvofiq emasligini so‘ragan.

Ammo prokuratura xatga javob qaytarmagan. Shuningdek, shahar hokimi ariza bilan murojaat qilgan jami 139 nafar fuqaroga yengil konstruksiyali qurilmalarni o‘rnatishga ruxsat berish bo‘yicha farmoyish chiqargan. Prokuratura esa negadir 59 ta farmoyishga protest kiritgan.

Bir so‘z bilan aytganda, hokimlik va prokuraturaning ushbu “kelishmovchiligi” ortidan tadbirkorlik qilaman degan 59 nafar fuqaro jabr ko‘rmoqda.

Ruslan Saburov,
Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid