Jahon | 14:09 / 25.08.2025
6555
4 daqiqa o‘qiladi

Trampning qudasi Makronga ochiq xat yozdi. Fransiya uni ichki ishlarga aralashishda aybladi

AQShning Parijdagi elchisi, Donald Trampning qudasi Charlz Kushner Emmanuel Makronga ochiq maktub yozib, Fransiyani antisemitizmga qarshi yetarlicha choralar ko‘rmaganlikda aybladi. Fransiya esa AQSh elchisining ayblovlarini qat’iy rad etdi hamda uning o‘zini tashqi ishlar vazirligiga chaqirdi.

Foto: Oq uy

AQShning Parijdagi elchisi Charlz Kushner prezident Emmanuel Makronga maktub yozib, Fransiyani antisemitizmga qarshi yetarlicha choralar ko‘rmaganlikda aybladi. Mazkur ochiq maktub 24 avgust kuni WSJ gazetasida chop etildi. Bu voqea Fransiya bilan AQSh va Isroil o‘rtasidagi chuqur kelishmovchiliklar fonida yuz berdi.

«Men Fransiyada antisemitizmning keskin ko‘payishi va hukumatning bunga qarshi yetarli choralar ko‘rmayotganidan chuqur xavotirlanib sizga murojaat qilaman... Fransiyada «yahudiylar ko‘chada hujumga uchramasdan, sinagogalar yoki maktablar tahqirlanmasdan, yahudiylarga qarashli bizneslar vandalizmga uchramasdan» biror kun ham o‘tmayapti», deya ochiq xatdan iqtibos keltirmoqda The Guardian nashri.

AQSh elchisi Emmanuel Makronni nafrat jinoyatlari bo‘yicha qonunlarni yanada qat’iyroq ijro etishga va Isroilni tanqid qilish ohangini pasaytirishga chaqirdi. Unga ko‘ra, Fransiya hukumati tomonidan Falastin davlatini tan olish haqidagi bayonotlar mamlakatdagi antisemitizm hodisalarini kuchaytirdi.

Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bildirgan Charlz Kushnerning ochiq xatidan so‘ng bayonot berib, «navbatdagi ayblovlarni qat’iyan rad etishini» bildirdi.

«Fransiya bu ayblovlarni qat’iyan rad etadi. 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Fransiyada antisemitik xatti-harakatlarning ko‘paygani achinarli haqiqatdir va Fransiya hukumati bu kabi harakatlarga qarshi kurashishga to‘liq sodiqdir, chunki bunday xatti-harakatlar mutlaqo toqat qilib bo‘lmaydigan holatdir. Elchining ayblovlarini qabul qilib bo‘lmaydi» deyiladi Fransiya TIV bayonotida.

AQShning Fransiyadagi elchisi Charlz Kushner / Foto: AFP

Fransiya «Diplomatik munosabatlarni tartibga soluvchi Vena konvensiyasi»ga ko‘ra, elchi bayonoti davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik majburiyatiga zid kelishini bildirgan. Shuningdek, AQSh elchisi Charlz Kushner 25 avgust kuni Fransiya Tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi.

Kushner — Donald Trampning qudasi

Charlz Kushnerning o‘g‘li Jared Kushner – AQSh prezidenti Donald Trampning qizi Ivanka Trampga uylangan. Nashrga ko‘ra, Ivanka 2009 yilda – to‘ydan avval yahudiylik dinini qabul qilgan.

Kushnerning maktubi bundan bir necha kun oldin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu tomonidan Makronga yuborilgan xat ortidan keldi. Unda Netanyahu ham Makronni Falastin davlatini xalqaro miqyosda tan olishga chaqirishi orqali antisemitizmga hissa qo‘shayotganlikda ayblagandi.

Makron esa Netanyahuning G‘azodagi urush olib borishini, xususan, falastinlik tinch aholining qurbon bo‘layotganini Yevropada ochiq tanqid qilayotgan eng qat’iy siyosatchilardan biri sifatida maydonga chiqqan. Xususan, Makronning Fransiya sentabr oyida BMT yig‘ilishida Falastin davlatini rasman tan olishini e’lon qilishi Isroilda keskin norozilik uyg‘otgan edi. Shuningdek, Makron antisemitizmni Fransiya qadriyatlariga zid deb tanqid qilgan va diniy markazlarni himoya qilish uchun xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Fransiyada G‘arbiy Yevropadagi eng katta yahudiy jamoasi — yarim millionga yaqin odam yashaydi, shuningdek, G‘azo xalqi taqdiriga befarq bo‘lmagan bir necha millionlik katta musulmon jamoasi ham mavjud. Isroilning G‘azodagi genotsid ko‘rinishidagi urushi boshlanganidan beri ikkala jamoa ham nafrat jinoyatlarining ko‘payganini qayd etmoqda.

Mavzuga oid