Jahon | 18:02 / 09.11.2025
6955
12 daqiqa o‘qiladi

Ahmad ash-Shar’a AQShga bordi. U Tramp bilan nimani gaplashadi?

Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a Vashingtonga rasmiy tashrifini amalga oshirmoqda. Yaqindagina AQSh uning boshi uchun 10 mln dollar mukofot e’lon qilgandi, endi esa prezident Donald Tramp uni Oq uyda Suriya yetakchisi sifatida qabul qiladi. Ular nimani muhokama qilishadi?

Bandar Al-Jaloud/Saudi Royal Court/Handout/Anadolu via Getty Images

Ash-Shar’aning Vashingtonga kelishi tom ma’noda tarixiy – Suriya prezidentlaridan hech biri ilgari AQShga rasmiy tashrif bilan bormagan.

Oxirgi marta yuqori martabali suriyalik amaldor Oq uyga 1999 yil dekabrida tashrif buyurgan. Bu Suriya tashqi ishlar vaziri Faruq ash-Shar’a bo‘lib, o‘shanda u Isroil bilan tinchlik muzokaralarida ishtirok etgandi.

Keyingi chorak asr davomida mamlakat fuqarolar urushi, qatag‘onlar va xalqaro izolyatsiya bilan Asadlar hukmronligidan tuzum qulashigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. Damashq «Hay’at Tahrir ash-Shom» kuchlari tomonidan qo‘lga olinib, Asad Moskvaga qochib ketganidan so‘ng, Suriyaning muvaqqat rahbari va «Hay’at Tahrir ash-Shom» rahbari Ahmad ash-Shar’a uzoq yillar davomida Damashq bilan aloqani uzgan davlatlar bilan munosabatlarni tiklashga harakat qilmoqda.

Ash-Shar’aning Vashingtonga rasmiy tashrifi arafasida BMT Xavfsizlik kengashi uni, shuningdek, mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Anas Xattobni o‘z sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarib tashladi. Shar’a 2014 yildan beri Hsh (bu guruh o‘tmishda «Al-Qoida»ning Suriyadagi qanoti edi) a’zosi sifatida BMT sanksiyalari ostida bo‘lgan.

«Ushbu hujjat qabul qilinishi bilan kengash Suriya yangi davrga qadam qo‘yayotganini tan oluvchi kuchli siyosiy signal yuboradi», – degan ovoz berishdan keyin AQShning BMTdagi elchisi Mayk Uols.

Reuters agentligi yozishicha, Vashington bir necha oy davomida Xavfsizlik kengashining 15 a’zosini ash-Shar’aga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga undab kelgan. Tegishli rezolyutsiya ishlab chiqilib, AQSh diplomatlari tomonidan ovozga qo‘yilgan. O‘tgan yil dekabr oyida AQSh ash-Shar’ani hibsga olishga yordam bergani uchun 10 mln dollar miqdoridagi mukofot taklifini qaytarib olgandi.

Vashington va birinchi navbatda prezident Donald Tramp mamlakat yetakchisiga aylangan sobiq jangarini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlamoqda (AQSh prezidenti avvaliga Suriyada hokimiyat almashishiga boshqacha munosabatda bo‘lgandi).

«Yosh, kelishgan yigit, baquvvat yigit. Qat’iy xarakterli, juda qat’iy – jangchi. Unda vaziyatni nazorat ostida ushlab turish uchun barcha imkoniyatlar bor», – degandi Donald Tramp Air Force One bortida jurnalistlarga may oyida Ar-Riyodda ash-Shar’a bilan birinchi qisqa uchrashuvidan keyin.

O‘shanda Oq uy rahbari Suriyadan sanksiyalarning bir qismi olib tashlanganini ma’lum qilgandi.

«Prezident Yaqin Sharqda bo‘lganida, Suriyaga tinchlik uchun haqiqiy imkoniyat berish uchun u sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha tarixiy qaror qabul qildi va o‘ylaymanki, ma’muriyat (AQSh prezidenti) ularning yangi rahbarligi ostida bu jabhada yaxshi taraqqiyotni ko‘rmoqda», – dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Suriya muvaqqat prezidentining Vashingtonga bo‘lajak tashrifiga izoh berarkan.

Xo‘sh, ikki yetakchi nima haqida gaplashishadi va AQShning barcha siyosatchilari Trampning Suriyaning yangi rahbariyatiga bergan bahosiga qo‘shiladimi? BBC shu mavzuni tahlil qildi.

IShIDga qarshi kurash

AQShning Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barak Bahrayndagi xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada qilgan chiqishida ash-Shar’aning Vashingtonga tashrifi chog‘ida Damashq IShIDga qarshi kurash bo‘yicha 88 davlatdan iborat koalitsiyaga qo‘shilishi to‘g‘risidagi bitim imzolanishi kutilayotganini aytdi.

O‘sha vaqtda Bahraynda bo‘lgan Suriya TIV rahbari Asad ash-Shiboniy ham bu mavzu bo‘lajak uchrashuv kun tartibida borligini tasdiqladi.

«Bugun biz IShIDga qarshi kurash olib bormoqdamiz... Bu yo‘nalishdagi har qanday sa’y-harakatlar xalqaro qo‘llab-quvvatlashni talab qiladi», – degan ash-Shiboniy va ash-Shar’a Tramp bilan «sanksiyalarni bekor qilishdan tortib boshqa ko‘plab mavzular»ni muhokama qilishini qo‘shimcha qilgan.

IShID eng kuchaygan davrida – 2014 va 2017 yillar oralig‘ida – Suriya va Iroq hududlarining qariyb uchdan bir qismini nazorat qilgan.

AQSh boshchiligidagi koalitsiya va uning ittifoqchilari 2019 yilda IShID jangarilarini Suriyadan uzil-kesil siqib chiqargan, biroq iyun oyida Reuters agentligi bergan xabarga ko‘ra, guruhning qoldiqlari Suriyada yana mustahkam o‘rnashib olish uchun eski tuzumning qulashidan foydalanishga urinmoqda.

Bundan tashqari, guruh AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurd tuzilmalari nazorati ostidagi qamoqxonalarda saqlanayotgan minglab jangarilarini ozod qilishga urinishi mumkinligi borasida xavotirlar mavjud.

Damashq nimaga erishmoqchi?

Ash-Shiboniy Oq uydagi uchrashuvda sanksiyalarni bekor qilish mavzusi ham muhokama qilinishini aytganda, ko‘proq «Tsezar qonuni» deb nomlanuvchi Suriya fuqarolarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni nazarda tutgan bo‘lishi mumkin.

Qonun nomi Suriyadan qochgan va qiynoq izlari bo‘lgan mahbuslar jasadlarining fotosuratlarini olib chiqqan politsiya fotografi taxallusidan olingan. Bu qonun bilan Suriya iqtisodiyotiga nisbatan qat’iy cheklovlar kiritilgan. U 2019 yilda Kongress tomonidan qabul qilingan va keyingi yilning yozida kuchga kirgan.

Bu sanksiyalar to‘liq bekor qilinishi uchun Kongressda ovoz berish jarayoni o‘tkazilishi kerak.

Suriya TIV rahbari sentabr oyida amerikalik qonunchilarni bunday hujjatni qabul qilishga ko‘ndirishga uringan edi. U Kapitoliy tepaligida, shuningdek, AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan bir nechta uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shundan so‘ng, nufuzli respublikachi senator Lindsi Grem sanksiyalarni bekor qilish uchun ovoz berishdan oldin «Suriyaning IShIDga qarshi koalitsiyaga rasman qo‘shilishi va Isroil bilan yangi xavfsizlik kelishuviga erishishini ko‘rish»ni istashini aytdi.

Ahmad ash-Shar’a 2025 yil sentabr oyida ham BMTning 80-Bosh Assambleyasi doirasida Donald Tramp va uning rafiqasi bilan uchrashgandi. Foto: Sharaa Telegram channel

Oktyabr oyida Senat «Tsezar qonuni»ni bekor qilishni qo‘llab-quvvatladi. Biroq, Vakillar palatasining ba’zi nufuzli a’zolari Damashqning yangi hukumatiga bosimni yumshatish masalasida shubha bildirmoqda – ayniqsa, yil boshida ash-Shar’a kuchlari konfessiyalararo to‘qnashuvlarga aralashganidan keyin, deb yozdi Wall Street Journal.

Asad rejimi qulaganidan keyin mamlakatda kamida uchta qurolli to‘qnashuv bo‘lgani ma’lum.

Dastlab, mart oyida Bashar Asadning sobiq xavfsizlik kuchlari xodimlari hukumat qo‘shinlariga pistirma qo‘yishdi, bu bir necha kun davom etgan shiddatli janglarga va 1600 dan ortiq odam, asosan alaviylarning (Asadlar oilasi mansub bo‘lgan va an’anaviy ravishda uning tarafdorlari deb hisoblangan diniy-etnik guruh) o‘limiga olib keldi.

May oyida zo‘ravonlik mamlakatning janubiy hududlarini qamrab oldi – Damashq chekkasida va Suvaydada kamida 102 kishi, jumladan 70 ga yaqin druzlar halok bo‘ldi. O‘sha yozda Suvaydada bir tomondan druzlar, ikkinchi tomondan hukumat kuchlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan badaviylar o‘rtasida yangi qarama-qarshilik boshlandi.

Bu hali hammasi emas. O‘tgan haftada BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi sobiq tuzum qulaganidan deyarli bir yil o‘tgach, Suriyadan «o‘nlab o‘g‘irliklar va zo‘ravonlik bilan yo‘qolishlar haqida xabarlar» kelishda davom etayotgani haqida xabar bergan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan buyon Suriyada 97 kishi bedarak yo‘qolgan yoki o‘g‘irlab ketilgan.

Isroil bilan kelishuv

Suriya va Isroil aslida Isroil davlati tashkil topganidan beri urush holatida, ammo Damashq uni rasman tan olmagan.

Bashar Asad hokimiyatdan ag‘darilgan dastlabki kunlardayoq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 1974 yilda Isroil va Suriya o‘rtasida tuzilgan bitim endi amal qilmasligini ma’lum qildi (u ikki davlatning umumiy chegarasi bo‘ylab BMT nazorati ostida bufer zona yaratishni nazarda tutgan edi). Shundan so‘ng Isroil harbiylari bufer hududning Suriya tomonda joylashgan qismini egallab oldi hamda Suriya hududi bo‘ylab yuzlab zarbalar yo‘lladi. Damashq bunga javob qaytarmadi.

«Biz Suriya yangi urushga qo‘shilishini istamaymiz va Suriya hozir biror tomonga, jumladan, Isroilga tahdid soladigan holatda emas», – deb tushuntirgan Suriya TIV rahbari.

Iyul oyida Damashqdagi prezident saroyi hududida Isroilning havo hujumidan keyin tutun ko‘tarilgandi. Isroil shu yo‘l bilan Suvaydadagi druzlarni himoya qilishga uringanini da’vo qilgan. Foto: Reuters

Vashington bosimi ostida so‘nggi oylar davomida Suriya va Isroil 1974 yilgi shartnoma o‘rnini bosishi kerak bo‘lgan xavfsizlik shartnomasi bo‘yicha keskin muzokaralar olib bordi.

Suriyaning ushbu muzokaralardagi vakili ash-Shiboniyning aytishicha, bu muzokaralarda «Isroil janubiy chegaralarda bezovta qilishda davom etadigan reallikni qonuniylashtirmaydigan» kelishuvga erishishga e’tibor qaratilmoqda.

Sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan muzokaralarning navbatdagi raundida Isroil Suriyaga taqdim etgan takliflarga ko‘ra, Damashqdan Isroil chegarasigacha bo‘lgan janubi-g‘arbiy hudud qo‘shinlar va qurol-yarog‘larni joylashtirish uchun turli cheklovlar qo‘yilgan uchta hududga bo‘linishi, mavjud bufer zonasi esa Suriya tomonidan ikki kilometrga kengaytirilishi kerak.

Damashq Isroil harbiylarini Asad rejimi qulaganidan keyin ular egallagan hududlardan olib chiqib ketishni va BMT kuzatuvchilarini mamlakatlar o‘rtasidagi bufer zonaga qaytarishni talab qiladi. Suriya muvaqqat prezidenti Isroil Suriyaning hududiy yaxlitligi va havo hududini hurmat qilishi kerakligini qayd etgan (Isroilning yana bir talabi Suriya osmonidan Eronga ehtimoliy zarbalar uchun yo‘lak sifatida foydalanish imkoniyatini saqlab qolishdir).

Financial Times manbalariga ko‘ra, Vashington Isroilning maksimalistik talablariga qaramay, Damashqqa u bilan kelishuv tuzishi uchun bosim o‘tkazmoqda. Ash-Shar’a bunday da’volarni rad etgan, biroq yangi shartnoma imzolanishi Suriya uchun «zarurat» ekanini tan olgan.

Oq uy bu kelishuv tuzilganidan keyin oldinga siljish bo‘lishiga va Suriya Donald Trampning birinchi muddatining asosiy mahsuli bo‘lgan «Ibrohim kelishuvlari» doirasida Isroil bilan munosabatlarni normallashtirgan boshqa arab davlatlariga qo‘shilishiga umid qilmoqda.

Biroq Damashqdagilar bu masala hali ko‘rib chiqilmayotgani va muhokama qilinmayotganini ta’kidlagan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid