Iqtisodiyot | 16:53 / 04.04.2023
28057
9 daqiqa o‘qiladi

Qarz so‘ragan soliqchilar, naqdda ishlashga rag‘bat, vaqtida qaytmagan QQS - tadbirkorlar soliq muammolari haqida

O‘tgan hafta tadbirkorlardan noqonuniy tarzda foyda solig‘i bo‘yicha avans undirilishi fonida soliq organlariga e’tirozlar kuchaydi. Kun.uz soliq ma’murchiligidagi yangiliklardan qaysilari qiyinchilik tug‘dirayotgani haqida turli hududlarda faoliyat yuritadigan tadbirkorlarning fikrlarini to‘pladi.

Foto: Fotolia

O‘tgan hafta soliq organlari foyda solig‘idan avansni noqonuniy tarzda hisoblab, tadbirkorlar hisobidan ortiqcha mablag‘ yechib olgani keskin e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Natijada 5 nafar mulozim, xususan Soliq qo‘mitasining departament boshlig‘i va poytaxtning bosh soliqchisi jazoga tortildi, ortiqcha undirilgan pullar zudlik bilan qaytarilishi aytildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov bu holat “texnik xatolik” natijasida yuzaga kelganini aytdi.

Soliq qo‘mitasi 28 mart kuni 352ta korxonaga ortiqcha undirilgan 27,1 mlrd so‘m soliq qaytarilganini ma’lum qildi.

Biroq “texnik kamchilik” tufayli yuzaga kelgani aytilgan noqonuniy soliq undirish tadbirkorlarning soliqqa oid boshqa og‘riqlarini ham qo‘zg‘adi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan keyin Kun.uz tadbirkorlardan ularni qanday masalalar qiynayotgani haqida so‘radi. Quyida ularning fikrlarini taqdim etamiz. Tadbirkorlar soliqchilar bilan muammo tug‘ilmasligi uchun anonim qolishni afzal ko‘rishdi.

Soliq organlari qarz so‘radi...

“Firmamiz ochilganiga ko‘p bo‘lmagan. Birinchi ish boshlaganimizda termoprinterlar orqali ishladik, kassa apparatimiz yo‘q edi. Jarimaga tortilganimizdan keyin darhol internetdan qidirib, “Arca Group”ga murojaat qilib, 3,5 mln so‘mga “Tinda” kassa apparatini sotib oldik. Ularning xodimi apparat qanday ishlashini tushuntirdi. “Oyiga 100 ming so‘mdan to‘lab turasizlar, ortiqcha pul to‘lanmaydi” dedi. Biz har bir xaridni kassa apparatga urishni boshladik. Ammo 2023 yil mart oyida kassa apparatini ishlatganimiz uchun 66 mln so‘m qarzdorlik yozilgan. Qanday bunday bo‘lishi mumkin deb o‘yladim. Aniqlashimizcha, kassa apparatni sotishganda sozlamalarida nimadir noto‘g‘ri sozlangan. Buxgalterim “oldingi faoliyatimda ham shunday bo‘lgan, korrektirovka qilib to‘g‘rilab beraman, ammo buning uchun soliq organi bizga dostup ochishi kerak” dedi. O‘sha kuniyoq shaxsiy kabinet orqali xat jo‘natdik, ertasiga soliq organiga bordik.

Soliq organlari xodimlari shunday deyishdi: “Vaziyat og‘ir, soliqdan katta qarzdorliklar bor. 66 mln so‘mni to‘lab turinglar, sizlarga oldindan to‘lov sifatida yoziladi. Yoki 4-5 oyda pulingizni qaytarib beramiz. Hozir hech qanaqasiga sizlarga dostup ochib bera olmaymiz, bu soliqdan kecha olmaymiz”.

Hisobimizda pulimiz ko‘p bo‘lmagani uchun to‘lay olmadik. 4 kundan beri ishim to‘xtagan. Agar hisobimga pul tashlasam, soliq uni darrov yechib oladi. Hisobim kartotekaga qo‘yilgan. Nima qilishni bilmayapman. 2-3 marta murojaat qilsam, “bu pulni to‘lashingiz shart” deyishyapti. Keyinchalik bo‘lib to‘lab qaytarib beramiz deyishyapti. Biz ham yangi firma bo‘lganimiz uchun pul tashlamay o‘tiribmiz. Ortiqcha pul to‘lash niyatim ham yo‘q”.

Coliq organlaridan xato o‘tganda...

“Soliq organlari boshqa davlat organlari bilan o‘zaro ma’lumot almashinuvida texnik nosozliklari sabab tadbirkorga ko‘p noqulayliklar tug‘diryapti. Masalan, kadastr yoki notarius. Soliq organlari ma’lumot almashinuvi jarayonida ma’lumotlar to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligiga e’tibor qaratmay, kameral soliq tekshiruvi belgilab, tadbirkorga xato hisoblangan soliq va/yoki penyalar yuklanyapti. Xato isbotlanganidan keyin ham, soliq organlaridan xato hisoblangan summani qaytarib olish oson emas. Bu esa tadbirkorni asosiy faoliyatdan chalg‘itadi”.

QQS guvohnomasi va QQSni qaytarib olish

“Qoraqalpog‘istondanmiz. Bir korxonamizning QQS guvohnomasi bekor qilindi. Buning natijasida endi bizga tegishli boshqa ikkita firmaning ham QQS guvohnomalari bekor bo‘ldi. Bitta korxonaning bankrot bo‘lishi qolgan ikkita korxonaga ham ta’sir qilyapti”.

“Biz eksport bilan shug‘ullanamiz. Qo‘shimcha qiymat solig‘i [vaqtida, tez] qaytmasligini asosiy muammo sifatida ko‘rsatishim mumkin. Yanvarda koeffitsiyent 0,22 edi, ammo fevralda ham eksport qilganimizga qaramay, koeffitsiyent o‘zgarmadi. Ancha katta QQS summasi qaytarilmadi”.

“Andijon viloyatida faoliyat yuritamiz. Yirik korxonalar ro‘yxatidamiz. O‘zim yaqindagina 30 yoshga to‘ldim, lekin 5 yildan beri korxonaga rahbarlik qilaman. Ish faoliyati davomida soliq organlari xodimlari bilan doimiy ishlayman. Ortiqcha foyda solig‘i undirilganiga doir xabarlarni o‘qidim. Ha, bir qancha tanish tadbirkorlar bilan xam shunaqa voqea bo‘lgani rost, lekin aynan bizning MChJda bunday noaniqlik bo‘lgani yo‘q. DSQ hozirgi kunda deyarli to‘liq elektronlashgan va bunday noaniqliklar inson omilisiz amalga oshgan degan fikrdaman. Lekin yirik soliq to‘lovchi va eksportyor sifatida bu noaniqlikning tezda bartaraf etilishi va soliq to‘lovchilarning manfaatlari tezkor himoya qilinishi tarafdoriman. Yangi Soliq kodeksida deyarli bahsli vaziyatlarga o‘rin qoldirilmagan, deb hisoblayman. Faqat QQSni qaytarish muddatlarini qisqartirish kerak deb hisoblayman”.

“Tekstil sohasida faoliyat yuritamiz. Bizda hozircha noqonuniy soliq undirish holati kuzatilmadi. Ammo qaytarib olinadigan QQS summasini hali ham ololmadik. 3 oylik summamiz yig‘ilib qolgan”.

2D skanerlari muammosi

“Kichkina oziq-ovqat do‘konlarida 2D skanerlarini qo‘llashga umuman qarshiman. Bu kichik do‘konlar uchun foydasiz narsa. Juda katta qiyinchilik tug‘diradi. Undan ko‘ra do‘konni yopgan yaxshi. Ha, shunday qildim ham – do‘konni yopdim, boshqa ilojim qolmadi. Tadbirkorga qiyin vazifalarni yuklaguncha, kichkina do‘konlarni yopinglar, katta supermarketlar qolsin, deb ochiqchasiga aytishsin”.

Soliq tekshiruvlari

“Agar muammolarimiz kerakli joyga yetib borsa, juda yaxshi bo‘lardi. Menda savol bor: soliq organlari xodimlari o‘zi ishlashni biladimi? Mening 2-3ta firmalarimda kameral tekshirish o‘tkazildi. Hammasini asoslab, olib borib bersam, xohlaganini inobatga olyapti, xohlamaganini olmayapti. Nimaga asoslanib inobatga olmayapsiz desam, sabab keltirib bera olmayapti. Ularga shunday huquq berilganmi? Unda Soliq kodeksining moddalari nimaga kerak? Ularni soliq organi xodimlari o‘zlari ishlatmasa, nega tadbirkordan talab qilishadi? Ozgina imkon berishsin, hamma to‘laydi soliqlarni. Har tomonlama qiynashyapti: MXIK bo‘yicha, masalan. Kodlarni kassa apparatga kirgizguncha vaqt ketadi, bu tomonda chek so‘rashadi, chek bermasangiz, jarima to‘laysiz”.

Naqdda ishlashga rag‘bat uyg‘otayotgan hisobotlar

“Xorazm viloyatida faoliyat yuritaman. Yosh tadbirkorman. Faoliyatimizni boshlaganimizda, hisobotlar kechikkan payti soliq organi xodimlari qo‘ng‘iroq qilishgandi. Bir nechta hisobotlarni yuborsam, yana boshqa hisobotlarni so‘rashdi. Shunga soliq hisobotlari ko‘pdek tuyuladi.

Orada faoliyatimizda uzilish bo‘ldi va hisobimizga ancha muddat pul tushmadi. Faoliyat yuritmay, hisobimiz nol bo‘lsa ham, hisobot topshirishga majbur bo‘lganman. Shu g‘alati tuyulgan. Ayni krizis paytida bu hol uncha yoqmagan, balki xato o‘zimdadir.

Endi ish boshlagan paytim ustozim buxgalteriyani “oq yurit, chyornyy qilma”, degandi. Hisobraqamimizda pul bo‘lsa, oy oxirida hisobot topshirmaguncha ehtiyojimiz uchun ololmaganmiz. Endi boshlagan paytim hatto yo‘lkiraga pul qolmagan, lekin hisobraqamimdagi pulni ololmaganman. Bu ancha ko‘nglimni sovitgan, shundan keyin ko‘p mijozlarimiz bilan “chyornyy” hisobda naqd ishlaganmiz”.

Mavzuga oid